Mirziyoyev Japarov bilan muloqotda «Toshkentdagi sammitda qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish muhim»ligini qayd etdi
Bugun, 30 aprel kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan o‘tkazilgan telefon muloqotida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammitda qabul qilingan kelishuvlarni amalga oshirish masalasiga alohida to‘xtaldi.
«Davlat rahbarlari joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o‘tgan sammit yakunida qabul qilingan qo‘shma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.
Qabul qilingan majburiyatlarni so‘zsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning mart oyidagi tashrif doirasida ko‘p qirrali O‘zbekiston—Qirg‘iziston sherikligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22ta hujjat imzolangandi.
Mart oyi oxirida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari delegatsiyalarining O‘zbekiston – Qirg‘iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
OAVda tarqalgan ma'lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida mart oyida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, bir qator chegaraoldi uchastkalari, xususan, O‘ng‘ar-Tog‘dagi 35 gektar hudud Qirg‘izistonga o‘tadi. O‘zbekiston ushbu hududlar evaziga Kampirobod suv omboridan foydalanish huquqini olgan. Shahrixonsoy kanali joylashgan 50 gektar maydon ham O‘zbekistonga o‘tishi, buning evaziga Qirg‘iziston O‘zgan rayoni chegara hududidan 50 gektar maydonni olishi ko‘zda tutilgan.
Ammo aprel oyi davomida qirg‘izistonliklar ushbu kelishuv shartlariga norozilik bildirib, bir necha marta namoyish o‘tkazishdi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev Toshkentga borib, Kampirobod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydon bo‘yicha dastlabki kelishuvni qayta ko‘rib chiqishga va'da bergani ma'lum bo‘ldi.
Bundan avvalroq Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarov bilan Qirg‘iziston—Tojikiston chegarasidagi vaziyatni tez fursatda hal etishni muhokama qilgani haqida xabar berilgandi.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
16:26 / 18.12.2024