O‘zbekiston | 12:14 / 01.05.2021
24647
3 daqiqa o‘qiladi

«Bizga katta to‘siq – bank bilan soliq. Iqtisodiyotimizga to‘siq» - Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda davlat rahbari har bir viloyat hokimi bank va soliq idorasi vakillari bilan har hafta bir marta gaplashishini ma'lum qildi.

“Har haftada bir marotaba bank va soliq idorasi rahbarlari bilan viloyat hokimlarining o‘zi gaplashadi. Har bitta tumanda, kim bo‘lishidan qat'i nazar, bank va soliqchisining ko‘ziga qarab baho berishlaring kerak. Bizga hozir hamma to‘siq — bank bilan soliq. Iqtisodiyotimizga to‘siq, katta to‘siq. Hamma xulosa qilishi kerak. Xalqimiz bizni boqib oladi, oldin xalqimizni sal oyoqqa turg‘azib olaylik. Korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilmasak, islohotlarimiz amalga oshmaydi. Iqtisodiyot nuqtayi nazaridan bankda kapitali bo‘lishi uchun qancha pul beryapmiz. Bank qolarmidi shu paytgacha? Bankrot bo‘lar edi. 

Bizda ham chet eldan kelib, banklarni sotib olmoqchi bo‘lganlar juda ko‘p, ammo men bunga ruxsat bermayapman. O‘zimizning xalqimizga o‘zimiz xizmat qilishga o‘rganaylik, deyapman. U soliqlar o‘zimizda qolsin, deyapman. O‘zimizning qorako‘zlarimiz o‘rgansin buni, deyapman. Qayerda ishsizlar soni ko‘p bo‘lib, chet elda ko‘p yurgan bo‘lsa, bu o‘sha tumanning rahbarlari, to‘rtta sektori chiqqan qarorlarni tahlil qilib, natijaga ishlamayotganidan dalolat beradi. Hozir sizlarga hamma sharoitni yaratib berib, xalqqa xizmat qilgin deb pul beryapmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident yig‘ilishda korrupsiya holatlari bartaraf qilinmayotganiga alohida to‘xtaldi.

“Juda katta qarorlar qabul qilyapmiz, maqsadimiz odamlarni ish bilan ta'minlash, turmushini yaxshilash. Barchasini mutasaddilarga batafsil tushuntiryapmiz. Tushuntirishlarga qaramay korrupsiya holatlari ko‘p uchrayapti. Shuni bilinglarki, baribir tagiga yetib boramiz. Korrupsiyani ildizi bilan yo‘q qilmasak, baribir maqsadga erishmaymiz. Chunki tariximizda buncha ko‘p mablag‘ ajratilmagan. Og‘ir sharoitga qaramay, buni bajaryapmiz. Rahbarlarga hamma sharoit yaratilgan, tizimlar bo‘yicha farmon-qaror va hatto qonunlar qabul qildik. Endi ular natija ko‘rsatmasa, xiyonat hisoblanadi”, dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid