Jamiyat | 17:44 / 01.05.2021
41800
20 daqiqa o‘qiladi

Zakot kimlarga farz? Jaloliddin domla bilan suhbat

Ramazon oyida mo‘min-musulmonlar ro‘za tutish bilan birga, moli ma'lum darajaga yetgan bo‘lsa, islomning 3-rukni – zakot amalini ham bajaradilar. Zakot mavzusida tushuntirishlar, izohlar olish uchun biz Toshkent shahar Novza jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin domla Hamroqulovga murojaat qildik.

Zakot nima va u nima uchun farz qilingan?

Ramazon oyi kirib kelishi bilan zakot masalasi ham qimirlab qoladi. Ramazon – zakot oyi degan tushuncha bor. Zakot dinimizning besh asosiy ruknining uchinchisi hisoblanadi; Qur'onda, Hadisi sharifda va ulamolarning ijmosi bilan sobit bo‘lgan. Alloh Qur'onning 27 o‘rnida zakotni namozga barobar zikr qilgan. «Namoz o‘qing, namozni ado qiling va zakotni bering». Bundan ko‘rinadiki, namoz ibodati musulmon odamning hayotida qanchalik muhim bo‘lsa, zakot amali ham undan kam bo‘lmagan ahamiyatdagi amal hisoblanadi.

«Zakot» so‘zi lug‘atda 2 xil ma'noni bildiradi: poklash va o‘sish. Mana shu kalimalarni zakotga nisbatan ishlatadigan bo‘lsak, o‘rinli ma'no kelib chiqaveradi, ya'ni agar birinchi ma'noni qo‘llaydigan bo‘lsak, demak zakotda qanday poklanish bor deyilsa, zakot bergan odamning moli poklanadi. Haromdan, shubhadan yoki birovning haqidan xoli bo‘ldi, degani.

Ikkinchisi, o‘sish ma'nosi esa, albatta, zakot bergan odamning moliga Alloh baraka beradi, o‘stiradi. Bu – Alloh taoloning va'dasi, shariatning ko‘rsatmasi.

Uning joriy bo‘lish sababiga kelsak, Alloh dunyoni hikmat bilan, imtihon uchun yaratgan. Insonlarga ba'zan berib, ba'zan olib sinaydi. Aslida, olib sinalganda ham insonlar olinganini bildirishligi odob emas, chunki inson o‘zidagi bor imkoniyatini, quvvatini Alloh taolo o‘zida mujassam qilgan ne'matini ham his qila bilishi kerak. Odob har bir haqdan ustun turadi. Xalqimiz ilmdan ko‘ra odob ustun turadi, deydi. Shuning uchun Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam: «Men odob-axloqni mukammal etishlik uchungina Payg‘ambar qilib yuborildim», - deya marhamat qilganlar.

To‘g‘ri, kambag‘alligini bildirishi yoki yo‘qligini bildirishi uning haqqidir, lekin odob yuzasidan hammaga ham bildirmay, maxfiyroq tutishi albatta o‘rinli bo‘ladi. Endi, mana shu ehtiyojmand insonlarning haqiga rioya qilish – zakotdagi asosiy ko‘zlangan hikmatdir.

Zakot bilan uzviy bog‘liq nisob tushunchasi nimani anglatadi?

Zakot turli mollardan beriladi. Masalan, chorva mollaridan yoki umumiy hisoblangan mulk hisobidan beriladi. Mulk hisoblangan mollarning nisobi bor, chorva hayvonlariniki ham.

Nisob – o‘lchov, oxirgi chegara deganidir. Agar mana shu chegaradan insonni moli-davlati o‘tsa, albatta, o‘sha odam boy hisoblanadi va ma'lum bir sharti bor.

Zakotning ikkinchi sharti – o‘sha mablag‘ o‘sha odamning qo‘lida bir yil to‘liq turgan bo‘lishi kerak. Umumiy qoida bilan tushuntiradigan bo‘lsak, 85 gramm tilla. Dunyo bo‘yicha mana shu nisob qabul qilinadi.

85 gramm tilla o‘rtacha 21 mln. 250 ming so‘mni tashkil qiladi. Kimda shu pul bo‘lsa, u o‘sha odamning qo‘lida bir yil turgan bo‘lsa (yostig‘i tagida emas, qarz bergan bo‘lishi mumkin, mulk sifatida turgan bo‘lishi yoki aylantirgan bo‘lishi mumkin) kelasi yili uning shu puli nisobga yetgan bo‘ladi va mana shu mablag‘dan 2,5 foiz, ya'ni 1/40 qismini ajratishi farzdir.

Toshkent shahar Novza jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin Hamroqulov

Kim zakot beradi yoki boy deb kimni aytadi, desak, moli nisobiga yetgan inson boy hisoblanadi, uning zakot berishi farzdir. Agar u 85 gr tillaga teng va undan ko‘p mablag‘ning egasi bo‘lsa, o‘sha kunni hayot daftariga belgilab qo‘yib, shu kunni 1 yil kutadi, chunki hayotida birinchi marta shu mablag‘ga ega bo‘lyapti va kelasi yili shu kunni ochib qarasa, uning nisobida 85 gr.ga teng miqdordagi mablag‘dan ko‘proq pul bo‘lsa, u odam haqiqiy pul egasi bo‘ladi va bor boyligining 1/40 dan qismini zakotga ajratishi farz bo‘ladi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati milodiy 2021 (hijriy 1442) yilgi zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdorini belgilab bergani avvalroq xabar qilingan edi.

«Hay'at qaroriga binoan zakotning tillodan nisobi 85 gramm bo‘lib, bugungi kunda 1 gramm tilloning o‘rtacha narxi 320 000 (uch yuz yigirma ming) so‘m ekani e'tiboridan, 2021 yilgi zakot nisobi 27 200 000 (yigirma yetti million ikki yuz ming) so‘m deb belgilandi.

 Shunga ko‘ra, zarur ehtiyojdan tashqari bir yil davomida 27 200 000 (yigirma yetti million ikki yuz ming) so‘m va undan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni hisoblab, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi. Bu 680 ming so‘mni tashkil etadi.

 Fitr sadaqasining miqdori bug‘doydan yarim so' (2 kg), arpadan bir so' (4 kg), mayizdan yarim so' (2 kg) va xurmodan bir so' (4 kg)dir.

 Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari o‘rganilganda 1 kg bug‘doy o‘rtacha 5 ming so‘m, 1 kg arpa o‘rtacha 3,5 ming so‘m, 1 kg mayiz o‘rtacha 40 ming so‘m va 1 kg xurmo o‘rtacha 35 ming so‘m ekani ma'lum bo‘ldi.

 Shunga ko‘ra, fitr sadaqasining miqdori:

  • bug‘doydan 2 kg — 10 000 (o‘n ming) so‘m;
  • arpadan 4 kg — 14 000 (o‘n to‘rt ming) so‘m;
  • mayizdan 2 kg — 80 000 (sakson ming) so‘m;
  • xurmodan 4 kg — 140 000 (bir yuz qirq ming) so‘m deb belgilandi.

Zakotni Ramazon oyida berish shartmi?

Aynan Ramazon oyida zakot berish kerakmi, degan savollar tug‘iladi. Ramazon oyida beriladi, degan qoida yo‘q, chunki kishi yilning turli oylarida puldor bo‘lishi mumkin. Ramazon oyida qilinadigan amallarning savobi boshqa oylarga nisbatan fazilatliroq. Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: «Kim Ramazon oyida bir farz amalni ado qilsa, boshqa oydagi 70ta farz savobini topadi yoki kim Ramazon oyida bir nafl ibodatni qilsa, boshqa oydagi bitta farz savobini oladi».

Ramazon oyida zakot berishdan maqsad – o‘sha savobni ko‘paytirish, xolos. Lekin o‘sha odamning moli nisobiga yetgan paytda zakot bersa, gardanidagi haqini ado etgan bo‘ladi.

Savobdan umidvor bo‘lgan odam Ramazon oyida qo‘lidagi mablag‘iga bir yil to‘lmagan bo‘lsa-da, uning 1/40 qismini ajratib bersa va kelasi yili ham mana shu Ramazon oyiga to‘g‘irlab olsa bo‘ladi. Chunki orada 8 oylik haqini ado etgan bo‘lyapti. Demak, u musulmonning, haqdorning haqini yemayapti va Ramazonning savobidan umidvorlik qilib, fazilat qilgan bo‘ladi.

Zakotni olishga haqdorlar kimlar?

Qur'oni karimning Tavba surasi 60-oyati kimlar zakot oladi, degan savolga oydinlik kiritadi. Alloh shu odamlarning manzili va toifalarini e'lon qilgan. 8 toifa insonlar bayon qilingan. Faqat 2 toifasi bugungi hayotda topilmagani uchun ular chiqarib qo‘yilgan. Birinchisi – qul ozod qilish, keyingisi – qalblarni islomga moyil qilish. Qolgan 6 toifa insonlarning qaysi biriga bersak ham o‘rniga o‘taveradi.

Faqir, miskin, zakot omillari, qarzdorlar, fiysabilloh yurgan kabilar kiradi.

Qaysi biri afzal, desak, qaysi biri pulga muhtojroq bo‘lsa, o‘shanisi afzal.

Zakotni yaqinlarga bersa bo‘ladimi?

Rasulimiz sollallohu alayhi va sallamning ta'limi bo‘yicha, avvalambor, o‘z yaqinlarimizdan qidiramiz. Zakot xotini, o‘g‘il-qizi, ota-onasi va yuqoridan masalan bobo-momosi, pastdan nevara-evaralari kabilarga berilmaydi. Qolgan qarindoshlarning hammasiga bersa bo‘ladi. Xola, singil, tog‘asi, ammasiga bersa bo‘ladi, chunki ular qarindosh bo‘lsa-da, lekin asl emas, ular zakot berishda fara, ya'ni qo‘shimcha insonlar turkumiga kiradi. Shuning uchun ularga berish o‘rinli. 6 toifa insonlarni o‘sha qarindoshlar orasidan qidirish lozim.

Hanafiy mazhabimiz aytadi: agar o‘shanday qarindoshlar orasida 6 toifadan biri bo‘lsa-yu, unga bersa 2ta ajrga: zakot berganlik va siylai rahm, ya'ni qarindosh-urug‘lik rishtasini bog‘laganlik ajriga ega bo‘ladi.

Lekin keng mutaaxxir ulamolar bu masalada ham fikrlarini bayon qilgan. Ular begonalarga berish ham afzal, degan fikrni ilgari surishadi. Nega? Dinimiz qarindoshlar haqini qarz evaziga beriladigan zakot bilan emas, fazilat nuqtai nazaridan ham bersa bo‘ladi-ku, bu odam bir yil nisobi yetishi yoki Ramazonni kutib o‘tirmasdan har qarindoshini ko‘rishga borsa bo‘lmaydimi, degan so‘zlarni ham bayon qiladi.

Zakotni o‘z qo‘li bilan olib borgani afzal

Eng muhimi – berishlikda. Odamlarni topishda beparvo bo‘lmaylik. Dinimizda zakot beruvchiga nisbatan bu aytilayotgan manzillarni topish, ularga olib berishning o‘ziga farz qilingani sababi qalbi ularga moyil bo‘ladi.

Haqiqatan ham o‘zimiz tasavvur qilaylik: boy odam kambag‘al odam ahvolini ko‘rib qalbi yumshaydi. Yil bo‘yi shunday muhtoj yashagan ekan, deb o‘shalarga nisbatan qalbi ochiladi, mehr-shafqat ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun boy odam o‘z qo‘li bilan olib borib bergani afzal.

Bir nechta uy, avtomobil yoki do‘konlar zakoti qanday hisoblanadi?

Buning javobi 15 asr oldin bayon qilinib, hojati asliyadan tashqari moldan, deb belgilab qo‘yilgan. Hanafiy mazhabida hojati asliyaga bir insonning ehtiyojiga kifoya qiladigan narsa, masalan, kiyim-bosh, oziq-ovqatning ma'lum bir qismi, uy-joy va albatta ulov, ziynat kabilar kiradi. Mana shulardan boshqa mulklar insonning mulki hisoblanadi va undan zakot ajratiladi.

Endi, aytilayotgan uy-joyi ham bir nechta bo‘lsa yoki transport vositalari ham ko‘p bo‘lsa, unda qaysi biri hojati asliya, degan savolga ulamolarimiz fatvo beradi. Agar shu bitta uyi bor, qolganini ijaraga bergan yoki bermagan bo‘ladi, ya'ni ijaraga bergan uyning hukmi alohida, ijaraga bermaganning hukmi alohida.

Ijaraga bermaganning hukmi shuki, agar biror qora kunim bo‘lsa, pulini o‘shanda ishlataman degan bo‘lsa, uyning tannarxini chiqarib, zakotini beradi. Ammo o‘g‘limga deb olib qo‘ygan bo‘lsa zakot ajratmaydi. Go‘yo farzandining mulki sifatida olib qo‘ygan, lekin bersa afzal bo‘ladi. Chunki zakoti berilgan mulkni Alloh himoya qilishning va'dasini bergan. Aytaylik, uy-joyini ijaraga bergan. Ijaraga bergan mulkdan faqat ijara pulidan zakot beriladi, tannarxidan emas.

Hozirgi kunda, ayrim boy-badavlat insonlarning bir nechta transport vositalari ham bor. Ularning barchasi bir necha xil sifatlanadigan bo‘lsa, sifatlangani uchun berilmaydi. Masalan, bitta avtomobil ro‘zg‘or uchun, bittasi ishga borib kelish uchun, deb sifatlansa, o‘sha mulkdan zakot berilmaydi. Ammo olib qo‘ygan, uyida turgani bo‘lsa, zakot puliga qo‘shib hisoblaydi va undan zakot beradi.

Zakotini bergan odam uyida bemalol xotirjam uxlash imkoniyati bor, chunki Alloh uni o‘z himoyasiga oladi. Zakot berilgan mulk na o‘g‘ri qo‘liga tushadi, na yonadi, na suvda cho‘kadi, chunki Alloh uni keyingi yilgacha bo‘lgan muhofazasini zimmasiga oladi.

Zakotni ado etgan va etmagan kishilarga eslatmalar

Allohning buyruqlariga itoat qilgan mo‘minlarga Alloh jannatni va'da qiladi. Zakot berganga ham Alloh ajri bor. Bunga beparvo bo‘lgan insonlarga esa, Rasulimiz sollallohu alayhi va sallam zakotini bermagan mablag‘ida yoki moli-davlati o‘ziga azob bo‘lishini bayon qilgan.

Bu – dinimizning arkoni, asosi bo‘lgan amaldir. Bunga beparvo bo‘lish kerak emas.

Alloh – «makr» qiluvchilarning eng ulug‘idir

Hanafiy mazhabi bo‘yicha ayollar taqinchog‘idan zakot beriladi. Agar yilda bir marta taqib qo‘ysa ham, u egasiga xizmat qilgan hisoblanadi. Demak, hojati asliyaga kirib qoladi va bermaydi. Agar hiyla niyati bilan qasddan taqib qo‘ysa, bilsinlarki, ba'zi odamlar Allohga makr qilaman, deb o‘ylaydi. Vaholanki, makri qattiq va makr qiluvchilarning eng ulug‘i ham Allohning o‘zidir. Shunday makr qilishi mumkinki, insonning o‘sha moliga, joniga talafot yetganda dod deb qochadigan joy topolmay qolishi bor. Bermasa, bu dunyoda ham oqibati yomon bo‘ladi.

Rahmatli ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bu so‘zni ko‘p aytardilar: «Odamlarning tabiati shunga moyilroq. Imkon qadar bermaslik ko‘chasini qidiraveradi. Masalan, 99ta domlaga boradi. Hammasi berasan desa, yuzinchisiniyam qidirib ko‘radi. Bermaysan, degan fatvoni topib berarmikin, degan maqsadi bo‘ladi. O‘shanday ko‘chaga kirmaslik kerak. Axir, Alloh o‘zim ko‘paytirib beraman, yana bir yil molingning himoyachisi bo‘laman, deyapti. Qanday go‘zal holat. Agar biror odam kelib bizga molingni saqlab beraman desa ishonamiz-ku. Qanday qilib Allohning buyuk va'dasiga ishonmaymiz?! Bu va'dani tushungan bobolarimiz, Xo‘ja Ahror valiydek buyuklarimiz Allohga qarzi hasana berib charchagan».

Qarzi bor shahid jannatga kirmaydi

Puldorlarimizni biroz xo‘rsintiradigan masala bu. Aslida, shariatimizda qarz masalasi juda nozik. Qarz berish ibodati sadaqa berishdan 18 baravar afzalligi bor. Qolaversa, insonning ehtiyojini qondirish savobi ham bor. Shuning uchun ulamolarimiz qarz berishga to‘liq rioya qilgan.

Ammo oxirgi paytda qarz oluvchilar birovning haqi degan masalada beparvo bo‘lyapti.

Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam Imom Termiziydan rivoyat qilingan hadisda: «Agar odam shahid bo‘lib o‘lsa, birovning haqi, ya'ni qarzi bo‘lsa, jannatga kirmaydi», – deganlar.

Tasavvur qiling: shahid bo‘lib o‘lish eng oliy maqom. Vatanni himoya qilib shahid bo‘lyapti, u jannatga kiradi, degan gap yo‘q ekan. Uning bo‘ynida bir bandaning haqi bor. Avval bu arqon bo‘ynidan yechilishi kerak, keyin jannatga kiradi.

Caption

Yana bir hadisda Rasulimiz alayhissalom aytdilar: «Kim bo‘ynida qarzi bilan vafot etsa, kishanlangan holatda yotadi».

Shuning uchun qarzdor bo‘lish havas emas. Hatto ba'zi ulamolar bandaning qarzi bo‘lsa, Alloh uning amallarini qabul qilmay turadi, degan so‘zlar ham bor.

Qarz olgan odamlarga eslatma: borib yo muhlat so‘rasin, yoki odobiga rioya qilib kechiktirib berishini so‘rasin. Chunki Rasulimiz: «Qarz olayotgan odam Allohni o‘rtaga qo‘yib ado qilaman, deb olsa, Alloh uning ko‘makchisi bo‘ladi va u tez kunda qarzini ado qilguvchi bo‘ladi. Lekin agar topar oyida oladi, degan niyatda bo‘lsa, Alloh o‘sha odamni oyini topolmaydigan qilib qo‘yadi va umr bo‘yi shu qarzi bilan o‘tib ketadi. Lekin qiyomatda o‘ziga azob bo‘ladi», – deganlar.

Shuning uchun niyatni to‘g‘rilash kerak. Mayli, niyat to‘g‘rilandi, ammo mo‘ljaliga to‘g‘ri kelmay qoldi. Bu bo‘lishi mumkin. Endi nima bo‘ladi? Endi haligi odam o‘ziga qarz bergan odamning oldiga belgilangan muddati kelishidan bir oy oldin borib: «Qarzimni berish muddati kelib qoldi, lekin ishim o‘xshamay qoldi. Yana yarim yil yoki bir yil muhlat bering», deyishi joiz.

Agar qarzdor muhlat so‘rasa, qarz beruvchi qo‘shimcha muhlat qo‘shsa, ajri ikkiga ko‘payadi. Agar qarz beruvchi qarzning yarmini yoki uchdan birini kechsa, Alloh hisob-qitob qilinadigan kunda uning ham gunohlaridan kechadi.

Afsuski, mana shu qarz berish ibodati – musulmonlar orasida adovatga aylanib qoldi. Qarz olmoqchi bo‘lgan kishi qarzni olguncha suvga tushgan mushukka aylanib, undan keyin sherga aylanadi. Qochib ketyapmanmi, biron kun beraman deydi. Qarz beruvchi esa endi hech qachon qarz bermayman, deydi. Bu – gunoh.

Qarzdan zakot chiqariladimi?

Mulki nisobiga yetgandan keyin zakot tarqatayotganda qarzdor beradigan pul ham uning hisobiga kiradi va shuni ham hisoblab zakotini beradi. Qarzni berish niyati bo‘lmaganlarning puli hisobga kirmaydi. Lekin qarzdagi pul miqdori juda katta bo‘lsa, nisobidagi pul ham yetmay qoladigan bo‘lsa, qarzdor beraman degan yillarini qarz daftariga yozib turadi. O‘sha pul qaytib kelgan kuni avval shu qarzlar zakotini chiqarib beradi.

Bu masalaga to‘g‘ri yondashsak, ibodat halovatga aylanadi.

Imtihon insonni yo aziz qiladi, yo xor qiladi. Shunaqa imtihon dunyoda yashayapmiz. Bugun puldormizmi yoki oluvchi – farqi yo‘q. Imtihon devorida turibmiz. Yo aziz, yo xor bo‘lamiz.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid