Jamiyat | 18:25 / 02.05.2021
45239
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyat IIB kaltaklangan ayol hodisasi bo‘yicha munosabat bildirdi

Kecha, 1 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Denov tumanida yashovchi ayolni erkak kishi urib, tepkilab, jismoniy kuch ishlatgani aks etgan videolavha tarqaldi. Surxondaryo viloyat IIB mazkur voqea bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, mazkur holat Denov tumani bo‘yicha IIO FMB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganilganida quyidagilar ma'lum bo‘lgan.

Denov tumani, «I.To‘rayev» SIU, Buyuk ipak yo‘li mahallasida yashovchi Q.S. 2021 yil 22 aprel kuni viloyat IIB 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘shnisi Gulmurod Xandalov urib tan jarohati yetkazganligi haqida murojaat qilgan.

Tuman markaziy kasalxonasining 25 apreldagi xabarnomasi navbatchilik qismida qayd etilib, sodir bo‘lgan holat yuzasidan surishtiruv harakatlari tuman IIO FMB 2-son IIB tomonidan olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, fuqaro Q.S.ning murojaatlari yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tish to‘g‘risida qaror berilgan, fuqaroning olgan tan jarohati «yengil tan jarohati» toifasiga kiradi, deb xulosa chiqarilgan.

«Fuqaro Q.S.ning murojaatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligi sababli yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi haqida ma'lum qilamiz», deyiladi munosabatda

Ma'lumot uchun, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda erkak «uyni bo‘shat», deb ayolni tepkilagani, mushtlab urgani tasvirlangan. Shuningdek, u bolalarni ham urganda, ularning baqirgan ovozlari yozilgan. Jabrlanuvchining aytishicha, Gulmurod Xandalov uni ikki yildan beri muttasil kaltaklab kelgan. U bu haqda uchastka inspektori va tuman IIBga ko‘p marotaba ariza bilan murojaat qilganiga qaramasdan, ular «daliling yo‘q», deb ayolning arizasini qabul qilishmagan. Shundan so‘ng, jabrlanuvchining onasi joriy yil 21 mart kuni hojatxonaga yashiringan holda, Gulmurod Xandalovning qizini va uning bolalarini tepib kaltaklaganini videoga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid