DXX 1 mln dollardan ortiq xorijiy valutaning mamlakatdan noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘ydi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “O‘zbekiston” lokomotiv deposining 2 nafar mashinisti “Chuqursoy-Sarag‘och” yo‘nalishida o‘zlari boshqarib ketayotgan yuk poyezdi elektrovozining xufiyona joylarida 971 ming 50 AQSh dollari, 47 ming 720 yevro, 3 mln 424 ming 500 Rossiya rubli miqdoridagi pul mablag‘larini yashirgan holda Qozog‘istonga olib o‘tmoqchi bo‘lganlarida qo‘lga olindi.
Shuningdek, mazkur elektrovoz “Keles” temir yo‘l bekatiga olib kelinib, qayta tekshiruvdan o‘tkazilganda, mashinist o‘rindig‘i ostiga yashirib qo‘yilgan qo‘shimcha 1 ming 50 AQSh dollari ham aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ushbu xorijiy valutalarning milliy valutadagi umumiy qiymati 11 mlrd 277 mln 447 ming so‘mni tashkil etadi.
Dastlabki surishtiruv jarayonlarida Qozog‘istonga olib o‘tish uchun mazkur valutalarni mashinistlarga Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaro berganligi ma'lum bo‘lib, tezkor tadbir davomida u ham qo‘lga olindi.
Xorijiy valutalarni qo‘shni davlatga noqonuniy o‘tkazib berish evaziga mashinistlar 300 AQSh dollari olishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu pul mablag‘larining haqiqiy egalarining shaxsiga aniqlik kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid
14:02 / 20.12.2024
Chet el valutasidagi operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi belgilandi
16:18 / 10.12.2024
Suriyadagi urushda qatnashib, vaziyatni yoritayotgan o‘zbekistonlik shaxs qidiruvda ekani ma’lum qilindi
12:38 / 25.11.2024
Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi
15:44 / 24.11.2024