Iqtisodiyot | 20:57 / 06.05.2021
4749
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi rahbari – Bizga bildirilgan e'tirozlardan to‘g‘ri xulosa chiqardik

2021 yil 8 aprel kuni tadbirkorlik masalalariga bag‘ishlangan videoselektor chog‘ida prezident yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun Navoiy viloyati mas'ullaridan ayrimlarini ishdan olgan, viloyat hokimi va prokuroriga hayfsan, viloyat IIB boshlig‘i hamda davlat soliq boshqarmasi rahbariga uch oy sinov muddati bergandi

Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Botiraliyev bugun o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirilgan ushbu e'tirozlardan to‘g‘ri xulosa chiqarganligini ma'lum qildi.

Matbuot anjumanida Botiraliyev jurnalistlarga 2021 yilning 1-choragida davlat budjetiga yo‘naltirilgan soliqlarning belgilangan prognoz rejalarining bajarilishi xususida batafsil ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 1-choragi uchun belgilangan hududiy soliq to‘lovchilar bo‘yicha 271,9 milliard so‘m budjet daromadi prognozi 297,4 milliard so‘mga bajarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 68 milliard so‘mga oshgan. Mahalliy budjet daromadlari bo‘yicha 349,4 milliard so‘mlik prognoz esa 430,5 milliard so‘mga uddalangan hamda mahalliy budjet ixtiyorida 81,1 milliard so‘m mablag‘ qolgan.

«Joriy yil yakuni bilan hududiy soliq to‘lovchilar bo‘yicha budjet daromadlari prognozi 1 trillion 263,3 milliard so‘mga bajarilishi, ya'ni 101 milliard so‘m ko‘p tushum tushishi kutilmoqda. Shu o‘rinda bir ma'lumot, bugungi kunda viloyatda 5 762 ta yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatdi. Ular tomonidan 2020 yilda 385 milliard so‘m tovar (ish va xizmatlar) hajmi amalga oshirilib, budjetga 23,3 milliard so‘m to‘lov amalga oshirilgan», — deya ta'kidladi boshqarma boshlig‘i.  

Qayd etilishicha, 2020 yilda viloyatdagi korxonalarda norasmiy band bo‘lgan 34 694 ta ish o‘rni legallashtirilgan va ularga 3,9 milliard so‘mlik soliqlar hisoblangan. Shu yilning I-choragida esa 4 211 ta xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi sub'yektlarda ishchi-xodimlar legallashtirilib, ular tomonidan 1,2 milliard so‘mlik soliqlar to‘lanishi ta'minlangan.

Matbuot anjumanida boshqarma mas'ullari jurnalistlarning viloyatda ushbu tizimda mavjud bo‘lgan muammo va kamchiliklar, xususan qishloq joylarida terminal hamda nazorat-kassa apparatlari ishlamasligi, haftada bir tashkil etiladigan ko‘chma bozorlardagi holatlar bo‘yicha savollariga javob qaytarishdi.

Mavzuga oid