Jamiyat | 21:55 / 06.05.2021
4531
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyatida mahallalar soni 3 taga ko‘paymoqda  

Navoiy viloyatining Karmana tumanida «Dehqonobod», «Buyuk ipak yo‘li», «Yangihayot»  nomli yangi MFYlar tashkil etilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga xalq deputatlari Karmana tumani kengashining mazkur masalaga tegishli qarori loyihasi joylashtirildi.

Qarorga muvofiq tumandagi «Varq», «Do‘stlik», «Bog‘ishamol» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida yangi mahalla fuqarolar yig‘inlarini tuzish ko‘zda tutilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi ekspert komissiyasining xulosasiga asosan yangi tuzilayotgan mahallalarga «Dehqonobod», «Buyuk ipak yo‘li», «Yangihayot» nomi berilishi rejalashtirilgan.  

Shuningdek, qaror bilan tumandagi tegishli mas'ullarga yangi tashkil qilingan mahallalar hududida yashovchi aholining fuqarolik pasportlariga o‘zgartirish kiritish, yangidan tuzilgan mahalla fuqarolar yig‘inlariga nomi yozilgan ko‘rsatgich va belgilar, peshlavhalarni zamonaviy dizayn asosida o‘rnatish, ularni ma'muriy bino va kerakli jihozlar bilan ta'minlash vazifasi topshirilgan.  Qaror muhokamasi 12 may kuni yakunlanadi.

Ma'lumot uchun, hozirgi vaqtda viloyat hududida 307 ta MFY va OFY bor.

Mavzuga oid