O‘zbekiston | 16:09 / 08.05.2021
15317
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi kaltaklangan o‘qituvchi voqeasi. Viloyat IIB va XTB holatga munosabat bildirdi

Navbahor tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta'lim maktabining direktor o‘rinbosari o‘quvchilardan birining onasi tomonidan kaltaklanganligi voqeasiga Navoiy viloyati IIB hamda XTB tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

Viloyat IIB munosabatida ta'kidlanishicha, 5 may kuni soat 12:00 larda maktab direktori Saodat Fayziyevaning xizmat xonasiga 10-sinf o‘quvchisining onasi Hilola Adizova kelib, qiziga direktor o‘rinbosari Dilbar Qodirova tanbeh berganligi yuzasidan shikoyat qilgan. 

«O‘rtalarida og‘zaki tortishuv kelib chiqib, Hilola Adizova direktor o‘rinbosari Dilbar Qodirovaning yuz qismiga qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Mazkur holat Navbahor tuman IIB navbatchilik qismida mavjud Shakl-1 kitobida qayd etilib, tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tergovga qadar tekshirish harakatlari olib bormoqda. Tergov bo‘linmasi tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilib, voqea guvohlaridan tushuntirish xatlari olingan. Dilbar Qodirovaning olgan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasi olingandan so‘ng, to‘plangan hujjatlar yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinishini ma'lum qilamiz», deyiladi viloyat IIB rasmiy munosabatida.

Navoiy viloyati XTB boshlig‘i Marat Shamuratov Navbahor tuman tibbiyot birlashmasiga borib, jabrlanuvchi Dilbar Qodirova bilan uchrashgan. 

«Ta'lim muassasasida sodir etilgan mazkur holat tuman xalq ta'limi bo‘limi hamda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilganda, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilbar Qodirova fuqaro Hilola Adizovaga nisbatan hech qanday qaltis harakat sodir etmaganligi, farzandi maktab formasida kelishi yuzasidan ogohlantirilganligi Hilola Adizovaning ushbu harakatlarni sodir etishiga sabab bo‘lganligi aniqlandi. 

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Marat Shamuratov 33-umumta'lim maktabiga borib, pedagogik jamoa bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘qituvchilar hamda texnik xodimlar bilan bo‘lgan suhbatda Dilbar Qodirova tomonidan o‘quvchiga nisbatan hech qanday bosim, sha'niga teguvchi harakatlar sodir etilmagani ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, boshqarma boshlig‘i huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etib, masalani uzil-kesil adolat nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish, aybdor shaxsni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish shartligini bildirdi. 

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlardan o‘qituvchini kaltaklashda aybdor deb topilgan shaxslarni qonun doirasida javobgarlikka tortib, kelgusida boshqa shaxslarga ham dars bo‘lishi uchun bu haqda jamoatchilikka ma'lum qilishlarini so‘rab qoladi», deyilgan viloyat XTB munosabatida.

Ammo munosabatda Navbahor tumani XTB mudiri Xurshid Rahmatovning kaltaklangan o‘qituvchiga masala OAVda yoritilsa, ishdan bo‘shatib yuborish bilan tahdid qilgani holatiga izoh berilmagan.

Mavzuga oid