O‘zbekiston | 10:43 / 08.05.2021
12285
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ayol va uning bolalarini tepib, kaltaklagan shaxs jarima bilan «qutuldi»

Surxondaryo viloyati Denov tumanida uy-joy uchun nizolashib, o‘z ukasining kelini va uning bolalarini tepkilab kaltaklagan shaxs jarimaga tortilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, uy-joy uchun nizolashib, o‘z ukasining kelini va uning bolalarini tepkilab kaltaklagan Gulmurod Xandalovning xatti-harakatlari huquqbuzarlik deb malakalangan va Denov tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryolik zo‘ravonni ko‘ring, buni kim tartibga oladi, puli ko‘pligidan quturgan boyni ko‘ring» mavzusida tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan Gulmurod Xandalovning uy-joy masalasida Sarvinoz Qayumovaga nisbatan sodir etgan huquqbuzarligi Denov tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, Denov tuman sudining 2021 yil 7 may kuni chiqargan qarori bilan Gulmurod Xandalovga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-, 41- va 52-moddasi 2-qismi, 61-2-moddaning 1-qismi hamda 200-modda bilan aybli deb topilib, eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Sud tomonidan tomonlar o‘rtasidagi uy-joy masalasidagi nizo fuqarolik tartibida hal qilinishi tushuntirilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishi ayol va uning bolalarini ayovsiz tarzda tepkilagani, mushtlab urgani tasvirlangan video tarqaldi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur shaxs Denov tumanida yashovchi «Qaqnus» xususiy tibbiyot maskani egasi, vrach Gulmurod Xandalov, kaltaklangan ayol esa ukasining kelini ekani ma'lum bo‘ldi. Ayolning ma'lum qilishicha, Gulmurod Xandalov uni nizoga sabab bo‘lgan uy-joydan quvib chiqarish uchun ikki yil davomida muttasil xo‘rlab, kaltaklab kelgan.

Shundan so‘ng mazkur hodisani viloyat IIB o‘z nazoratiga olgani va surishtiruv o‘tkazilayotganini ma'lum qildi. Shuningdek, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov tomonidan Surxondaryo viloyatining Denov tumanida qaynog‘a tomonidan kelinga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani holati bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotgani aytildi.

P.S. Agar ayolning gaplariga ishoniladigan bo‘lsa, uni 2 yil davomida muttasil haqorat qilib, kaltaklab kelgan shaxsga arzimagan pul jarimasi qo‘llanishi nechog‘lik adolatli, bunga mas'ul tashkilotlardan izoh kutib qolamiz.

Mavzuga oid