O‘zbekiston | 18:57 / 10.05.2021
6841
3 daqiqa o‘qiladi

Hududiy YHXB jarima maydonlariga tushgan pulning bir qismini asossiz ravishda olib qo‘ygani aniqlandi – Aksilmonopoliya qo‘mitasi

Foto: Toshkent shahar IIBB

Monopoliyaga qarshi kurashish ko‘mitasining ma'lum qilishicha, o‘tgan 3 yil davomida jarima maydonlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub'yektlaridan hududiy YHXB hisobiga asossiz undirilgan qariyb 400 mln so‘m mablag‘ qaytarilgan.

Qayd etilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan respublika hududida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar bozorida o‘rganish ishlari o‘tkazilgan.

«Bugungi kunda Respublika hududida qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi 296 ta tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat yuritib kelayotganligi ma'lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida ayrim hududlarda transport vositalarini saqlash uchun mo‘ljallangan jarima maydonlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub'yektlarining hisobraqamiga kelib tushgan mablag‘larning o‘rtacha 10 foizi asossiz ravishda Yo‘l harakati xavfsizligi hududiy boshqarmalari hisobraqamlariga undirilayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Natijada, o‘tgan 3 yil davomida tadbirkorlik sub'yektlaridan asossiz undirilgan qariyb 400 mln so‘m mablag‘ tadbirkorlik sub'yektlariga qaytarilishiga erishildi», deyiladi qo‘mita matbuot xizmati tomonidan berilgan bayonotda.

Aksilmonopoliya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda hududlarda tashkil etilgan transport vositalarini saqlash uchun mo‘ljallangan jarima maydonlarining 50 foizidan ortig‘i amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlangan.

Mazkur bozorda, teng raqobat sharoitini va shaffoflikni ta'minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlarini belgilangan tartibda tanlov asosida tanlab olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid