Jamiyat | 10:43 / 10.05.2021
8731
7 daqiqa o‘qiladi

OAVga foyda solig‘i va QQSdan imtiyozni nazarda tutuvchi qaror loyihasi kelishuv jarayonida - AOKA

«Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 17-bandida So‘z erkinligini ta'minlash va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni yanada kuchaytirishga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan. Band ijrosi uchun mas'ul bo‘lgan AOKA bu boradagi ishlar qaysi bosqichdaligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston taraqqiyotiga oid qator yo‘nalishlarni qamrab olgan davlat dasturiga ko‘ra, 2021 yilning 1 mayiga qadar So‘z erkinligini ta'minlash va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish uchun huquqiy asoslarni yanada kuchaytirish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi. Bu masala bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishish uchun Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmatidan izoh oldik.

Davlat dasturida belgilangan loyiha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar

Mazkur topshiriq bo‘yicha «Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda davlat organlari va tashkilotlari ochiqligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hozirda loyihani mutasaddi tashkilotlar bilan kelishuv jarayoni davom etmoqda.

Kutilayotgan yangiliklar, OAV uchun imtiyozlar

Loyihada agentlikka axborot va so‘z erkinligini, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan yiliga ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot kiritib turish mas'uliyati yuklanmoqda.

Shuningdek, loyihaga ko‘ra ommaviy axborot vositalariga bir qancha soliq imtiyozlari va preferensiyalar belgilanmoqda. Masalan:

  • ommaviy axborot vositalaridan undiriladigan foyda solig‘i;
  • ommaviy axborot vositalaridagi reklama uchun qat'iy belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi;
  • ommaviy axborot vositalari tahririyatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan imtiyozlar;
  • davriy bosma nashrlar hamda ularning muassislari tomonidan chet eldan import qilinadigan gazeta va ofset qog‘ozlarni, matbaa uskunalarini olib kirish uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) kamaytirilishi;
  • ommaviy axborot vositalari tahririyatlari uchun davlat mulki obekti uchun ijara to‘lovi ushbu obektga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasidan ham kamaytirilishini nazarda tutuvchi me'yorlar o‘rin olgan.

Aytib o‘tish joizki, ishlab chiqilgan loyiha davlat organlari va tashkilotlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, ularning faoliyati ochiqligini ta'minlashga qaratilgan normalar bilan boyitilgan.

Albatta, ushbu hujjat hozirda loyiha maqomida bo‘lib, mas'ul tashkilotlar tomonidan to‘liq kelishuvdan o‘tkazilganidan keyin OAVga yana qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatidagi o‘zgarishlar

Bu masalada davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda qo‘shimcha vazifa va funksiyalar berilgan holda agentlik faoliyatini qaytadan tashkil qilish bo‘yicha bir qator yangiliklar mavjud.

Jumladan, agentlik davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini quyidagi muhim mezonlar asosida ta'minlash choralarini ko‘radi:

  • davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini tezkorlik bilan yoritishda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan faol muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda respublikada olib borilayotgan axborot siyosatining o‘z tashkilotidagi ijrosi uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan javobgarligi;
  • davlat organlari va tashkilotlari o‘z huzuridagi jamoatchilik kengashlarining ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka axborot olishdagi muammolarni bartaraf etish hamda jurnalistlarni ortiqcha talablarsiz akkreditatsiya qilish yo‘nalishidagi faoliyatini muntazam ravishda takomillashtirib borishi;
  • davlat organlari va tashkilotlari tegishli sohadagi istiqbolli rejalarning ommaviy axborot vositalari hamda soha ekspertlari ishtirokida faol muhokamasini tashkil qilishi;
  • davlat organlari va tashkilotlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning faoliyatiga taalluqli tanqidiy-tahliliy chiqishlarga axborot xizmatlari tomonidan 3 soat ichida hamda rahbarlari tomonidan 8 soat ichida munosabat bildirishi;
  • davlat organlari va tashkilotlari har chorakda kamida bir marta ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar uchun ochiq matbuot konferensiyalari, brifinglar, muloqotlar tashkil etish va intervyular, savol-javoblar o‘tkazish yo‘li bilan jamoatchilikka o‘z faoliyati haqida batafsil axborot berib borishi;
  • davlat organlari va tashkilotlari ko‘plab foydalanuvchilarga ega bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda o‘z rasmiy sahifalarini ochish, yuritish va faoliyatiga daxldor axborotni joylashtirish hamda mazkur sahifalar orqali jamoatchilik fikrini o‘rganib, murojaat va savollarga javob berib borishni tashkil etishi.

Shuningdek, yangi loyihadagi me'yorlarga ko‘ra, agentlik tomonidan davlat idoralarining ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinayotgan tegishli tanqidiy-tahliliy materiallarga o‘z vaqtida munosabat bildirib borishi, o‘zlarining ijtimoiy tarmoqlardagi veb-sahifalarini yuritish va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash natijalari, o‘z faoliyati ochiqligini ta'minlash bo‘yicha davriy ravishda jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari oldida hisobot berishi, axborot xizmatlari orqali o‘z faoliyati to‘g‘risida tizimli axborot berishi, ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalari orqali bo‘ladigan tanqidiy-tahliliy chiqishlarga munosabat bildirishi bo‘yicha muntazam monitoringi olib boriladi va monitoring yakunlari asosida reyting tizimida baholash ishlari tashkil etiladi.

Reyting natijalariga ko‘ra shakllantirilgan tahliliy ma'lumotlar asosida past ko‘rsatkich qayd etgan mas'ullar hamda matbuot kotiblarining ochiqlik yo‘nalishidagi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish, shuningdek, ularning bu boradagi harakatsizliklariga tegishli chora ko‘rish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boriladi.

Bundan tashqari, qaror loyihasiga agentlik faoliyatiga doir yana bir qancha tashkiliy va tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi bo‘yicha tegishli me'yorlar kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublikadagi qator internet nashrlari OAV zimmasidagi soliq yuki tahririyatlarni, ayniqsa, xususiy elektron nashrlarni qiynab kelayotgan asosiy muammolardan ekanligi haqida gapirib, hukumatdan soliq imtiyozlari so‘rashgan edi.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid