Paxta yog‘i qimmatlashganini o‘rgangan Aksilmonopol qo‘mita 34 ta klasterga nisbatan ish ochdi
Paxta-to‘qimachilik klasterlari o‘zaro kelishgan holda birjada chigit narxini sun'iy oshirganlikda gumonlanmoqda.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan paxta yog‘i narxlari keskin oshgani yuzasidan o‘rganish natijalarini ma'lum qildi.
Aniqlanishicha, 2021 yil aprel oyi davomida birja savdolariga 40ta paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan texnik chigit savdolarga qo‘yilgan va qo‘yilayotgan texnik chigitning boshlang‘ich narxlari aprel oyida o‘rtacha 38 foizga ko‘tarilgan.
Shuningdek, o‘simlik yog‘i narxining oshishiga, asosan, kungaboqar urug‘lari ishlab chiqarish va eksportning qisqarishi bilan bog‘liq tashqi muhit ham ta'sir ko‘rsatmoqda.
Ayrim paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchilari vaziyatdan foydalangan holda, paxta chigiti narxini asossiz oshirishgan, bu esa o‘z ta'sirini paxta yog‘ining narxiga ham ko‘rsatgan.
Bunda, birja savdolarida texnik chigitning boshlang‘ich narxlarini kelishib sun'iy oshirish va raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari yuzasidan 34 ta paxta-to‘qimachilik klasteriga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi 53-son qarorining 2-bandiga muvofiq, paxtadan olingan chigit paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchisi tomonidan yog‘-moy korxonalariga birja savdolari yoki mahsulotni qaytarish asosida sotilishi belgilangan.
Avvalroq, birja savdolarida paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 mln so‘mdan 17,2 mln so‘mgacha, ya'ni 14,8 foizga qimmatlashgani ma'lum qilingandi.
Shuningdek, o‘tgan yil yetishtirilgan paxta hosilidan olingan chigitni mamlakatdagi 14ta klaster korxonasi birja savdolariga chiqarmagani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
12:00 / 15.10.2023
Qashqadaryoda 60 tonna chigiti to‘xtatib qolingan jizzaxlik tadbirkor muammosi hal etildi
20:41 / 21.12.2022
Har mavsumda shu bo‘lar takror. Qashqadaryoda yana chigit mashmashasi boshlandi
22:56 / 08.01.2022
Qashqadaryoda noqonuniy ushlab turilgan chigit Kattaqo‘rg‘onga yetib keldi
16:02 / 06.01.2022