Jahon | 19:24 / 11.05.2021
5568
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda koronavirus yuqtirish holatlari soni sutkasiga 630 mingtaga tushdi

O‘tgan hafta oxirida koronavirus yuqtirganlar soni 1 milliondan oshgan mamlakatlar 28taga yetdi. Belgiya va Shvetsiya ular qatoriga qo‘shildi.

Foto: Sergey Bobylev/TASS

Dunyo bo‘yicha koronavirus yuqtirganlar soni 159 million nafardan oshdi. Kasallik yuqtirish holatlari soni o‘tgan haftaga nisbatan 30 foizga kamayib, sutkasiga 630 mingtaga tushdi.

O‘tgan hafta oxirida koronavirus yuqtirganlar soni 1 milliondan oshgan mamlakatlar 28taga yetdi. Belgiya va Shvetsiya ular qatoriga qo‘shildi.

Eng ko‘p kasallik yuqtirish Hindistonda qayd etilmoqda: bu yerda 22 apreldan buyon sutkasiga 300 mingdan ortiq holat qayd etilmoqda, bir necha kun davomida esa bu ko‘rsatkich 400 mingdan ortiq bo‘ldi. Mamlakat bo‘yicha kasallanganlar soni 23 millionga yaqinlashdi (dunyoda ikkinchi o‘rin).

Braziliyada sutkasiga 70 mingdan ortiq holat qayd etilmoqda, mamlakat kasallik yuqtirganlar soni bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turibdi (15,21 mln).

AQShda sutkalik kasallik yuqtirishlar soni 40-45 mingtaga tushdi, 32,74 mln kishida koronavirus aniqlangan (dunyoda birinchi o‘rinda).

Argentina, Kolumbiya, Fransiya, Germaniya, Turkiya va Eronda ham kasallik yuqtirish yuqori darajada saqlanib turibdi. Meksika, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Polsha va Chexiyada bu ko‘rsatkich sezilarli darajada kamaydi.

Sutkalik o‘limlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Hindistonda bo‘lib, bu yerda sutkasiga 3,8-4 mingta o‘lim qayd etilmoqda, ikkinchi o‘rinda Braziliya (2,2-3 ming), uchinchi o‘rinda AQSh (800ga yaqin) turibdi. Koronavirusdan o‘limlar soni bo‘yicha AQSh yetakchi (582,1 ming), keyingi o‘rinda Braziliya (423,2 ming) va Hindiston (qariyb 250 ming) joylashgan.

Mavzuga oid