O‘zbekiston | 09:55 / 12.05.2021
21173
3 daqiqa o‘qiladi

«Hokimlar, vazirlar, bosh vazir o‘rinbosarlari vertikali ishlamayapti» – prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha birinchi yarim yillikdagi vazifalar muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazmoqda.

“Bugungi yig‘ilishimizda birinchi chorak yakunlarini sarhisob qilish bilan birga kelajakdagi rejalarni ham muhokama qilib olishimiz kerak. Hokimlar, vazirlar, bosh vazir o‘rinbosarlari vertikali ishlamayapti. Har bir vazir o‘rinbosarlari o‘z mas'uliyatini his qilishi kerak, zimmasiga olishi kerak. Buning uchun kerak bo‘lsa qonuniy asoslar zarur.

Bu masalaning jiddiyligi shundaki, butun dunyo pandemiya asoratlaridan qutulishga harakat qilyapti. Iqtisodiy o‘sishni ta'minlay olmayotgan tarmoqlar rahbarlari ishdan ketishi kerak.

Murakkab pandemiya sharoitida, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganimiz natijasida, iqtisodiy barqarorlikni, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va ish o‘rinlarini saqlab qolishga erishdik.

Jumladan, birinchi chorakda yalpi ichki mahsulotimiz 3 foizga, sanoat – 3,8 foizga, qishloq xo‘jaligi – 3,1 foizga o‘sdi.

Davlat budjeti daromadlari prognozga nisbatan 1,9 trillion so‘mga (5,7 foiz), jumladan soliq tushumlari 1,5 trillion so‘mga (6,1 foiz) ko‘paydi. Eksport hajmi yanvar-aprel oylarida 3,2 milliard dollarni (prognozga nisbatan 17 foizga ko‘pni) tashkil qildi. Shu bilan birga, joriy yil uchun reja qilingan 5,1 foiz iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi hudud va tarmoq salohiyatiga nisbatan ancha past. 

Bu ko‘rsatkich kamida 6 foiz bo‘lishi uchun bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, tarmoq rahbarlari qo‘shimcha zaxiralarni topib, amalda ishga solishi kerak. 

Lekin, ayrim tarmoq va hudud rahbarlari yaratib berilgan imkoniyatlardan ham to‘liq foydalana olmayaptilar.

Misol uchun, birinchi chorakda “O‘zavtosanoat”da ishlab chiqarish hajmi 40 foizga, “O‘zbekneftgaz” – 4,7 foizga, charm mahsulotlari  – 10 foizga pasaygan.

So‘nggi bir yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamayishini qanday izohlash mumkin?

Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trillion so‘mga kamaygan”, deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid