Jahon | 00:28 / 12.05.2021
23312
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil zarbasidan keyin G‘azo sektoridagi 13 qavatli bino qulab tushdi

G‘azo sektoridagi 13 qavatli bino Isroilning havo zarbasidan keyin qulab tushgan.

Foto: Twitter/TRTWorldNow

The Times of Israel nashrining xabar berishicha, «Burj-Xanadi» deb nomlanuvchi bino ma'muri zarba berilishidan oldin telefon orqali bu haqda ogohlantirilgan. Shundan keyin binodagi odamlar va yaqin atrofdagi aholi o‘z uylarini tark etgan.

Ta'kidlanishicha, Isroil harbiy aviatsiyasi dastlab bino tomiga kichikroq raketa bilan ogohlantiruvchi zarba bergan. Ushbu raketa binoga jiddiy talafot yetkazmagan. Biroq bir necha soniyadan keyin binoga kuchliroq raketa bilan zarba berilgan va shundan keyin u qulab tushgan.

Hozircha Isroil armiyasi nima uchun binoni nishonga olgani sababi noma'lum.

Ijtimoiy tarmoqlarda uyning zarbaga tutilishi videosi e'lon qilindi. Unda binoga ikkinchi raketa tegishi bilan u qulab tushganini ko‘rish mumkin.

Hujum oqibatida jabrlanganlar borligi haqida ma'lum qilinmagan.

Ayni vaqtda Isroil va HAMAS bir-biriga zarbalar berishni davom ettirmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilning zarbalari oqibatida 28 nafar falastinlik, jumladan, 10 bola halok bo‘lgan. O‘z navbatida, Isroil hududining G‘azo sektoridan o‘qqa tutilishi oqibatida 2 ayol halok bo‘lgan, o‘nlab isroilliklar jarohat olgan.

Mavzuga oid