O‘zbekiston | 09:12 / 12.05.2021
59398
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga kirish imtihonlari bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi

Prezident maktablariga kirishda matematika va ingliz tilidan test, tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha masalalar beriladi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktor o‘rinbosari Amirulla Abdullayev Prezident maktablariga kirish imtihonlari qanday o‘tkazilishi va imtihon testlari haqida ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, Prezident maktablariga kirish imtihonlari bir nechta bosqichda bo‘lib o‘tadi. Birinchisi, matematika fanidan 30ta topshiriqdan iborat test shaklida bo‘ladi. 5-sinf o‘quvchilariga 50 daqiqa, 6-10-sinf o‘quvchilariga esa 60 daqiqa vaqt ajratiladi.

Keyingi bosqichda tanqidiy fikrlash bo‘yicha 16ta masala, muammoni yechish bo‘yicha 24ta masala bo‘ladi. Ushbu masalalarni bajarish uchun 75 daqiqa vaqt ajratiladi.

Ingliz tilidan test esa 5-6-sinflar uchun 40ta savol, 7-10-sinflar uchun 50ta savoldan iborat bo‘ladi. Bu yil ingliz tili imtihonida «listening» (tinglash) qismi bo‘lmaydi, bolalar matn bilan ishlash va grammatikadan imtihon topshiradi.

Ma'lum qilinishicha, Prezident maktablariga o‘quvchilarni saralashda hamkor tashkilot bu – Cambridge Assessment. Savollarning barchasini Cambridge Assessment tuzadi. Imtihonni o‘tkazish va javoblarni e'lon qilish ham Cambridge Assessment zimmasida bo‘ladi.

«Mana, 2019 yil imtihonni 4ta maktabga o‘tkazgan bo‘lsak, har bitta pavilonda uning sig‘imidan qat'i nazar, Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan vakillar bo‘lgan. Cambridge Assessment vakillari bizning mahalliy imtihon o‘tkazuvchilarni treninglardan o‘tkazib, ularga imtihon sharoitlari, jarayonlarini tushuntirib, nazorat qilishgan.

Endi shaffoflikka keladigan bo‘lsak, imtihon varaqalari imtihon tugab bo‘lganidan so‘ng, Cambridge Assessment vakili tomonidan sanab olinib, o‘zining maxsus paketlariga joylanib, imtihon pavilonlaridan Cambridge'ga jo‘natiladi», – dedi agentlik direktori o‘rinbosari.

Amirulla Abdullayevga ko‘ra, Cambridge Assessment O‘zbekistondagi davlat ta'lim standarti bilan tanishgan holda testlarni tuzgan. Tanqidiy fikrlash bo‘yicha tuzilgan testlar bundan mustasno. Chunki tanqidiy fikrlash bo‘yicha hech qayerda aniq bir yo‘nalish yo‘q.

«Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish uchun bolalarni qanday tayyorlash kerak, aniq bir yo‘nalish bormi, degan savolni Cambridge Assessment vakillariga berganmiz. Bu yo‘nalishda aniq bir mana bu yo‘nalishda ketadigan bo‘lsangiz, maqsadga erishasiz, degan javobni ololmadik. Ya'ni imtihon kuni bolaning qanday bilimi bo‘lsa, muammoni qanday yechadi, tanqidiy fikrlashga qanday qaraydi, shu narsa tekshiriladi», – dedi u.

Agentlik vakili test javoblarini nega qalam bilan bo‘yash kerakligiga izoh berdi.

«Har bir o‘quvchiga savol varaqasi bilan javob varaqasi beriladi. Javob varaqasini qalam bilan belgilash kerak bo‘ladi. 4-sinf bitiruvchisi 10-11 yoshli bola agar fikrini o‘zgartirib, boshqa javobni ruchkada belgilaydigan bo‘lsa, uni mashina o‘qimaydi. Lekin qalam bilan belgilab, noto‘g‘ri belgilaganini bilib, o‘chirib, boshqa javobni belgilaydigan bo‘lsa, uni mashina o‘qiydi», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Prezident maktablariga arizalar onlayn qabul qilinadi. Qabul jarayoni 5 iyundan 25 iyungacha davom etadi.

Mavzuga oid