O‘zbekiston | 18:09 / 16.05.2021
40023
4 daqiqa o‘qiladi

Yog‘ qimmatlashdan to‘xtagan bir paytda, endi benzin narxi oshdi - haftaning «pulli xabarlari»

Kun.uz yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklarini eslatib o‘tadi.

Benzin narxi ko‘tarildi

Ai-80 markali avtomobil benzini narxi ikki hafta ichida o‘rtacha 4,3 foizga ko‘tarildi. Bu toifa benzinning bir litri 5800 so‘mdan sotila boshlandi.

Narx oshishi jahon bozorida pandemiyadan keyin yalpi talab tiklanayotgani, buning ortidan neft narxi oshishi bilan izohlanadi.

Paxta yog‘i arzonladi

Birjada klasterlar paxta chigitining boshlang‘ich narxlarini tushirishi natijasida paxta yog‘ining boshlang‘ich qiymati va birjadagi narxlari ham pasaydi.

Xususan, o‘tgan hafta paxta yog‘ining boshlang‘ich narxi o‘rtacha – 5,3 foizga, birja savdolari natijasida shakllangan narxi esa mos tarzda – 11,3 foizga arzonladi.

Hafta boshida 9 ta viloyatda o‘simlik yog‘i narxi pasaygani, ammo Toshkentda narx o‘sishda davom etgani ma'lum qilindi. Aksilmonopol qo‘mita 34 ta klasterni o‘zaro kelishgan holda birjada chigit narxini sun'iy oshirganlikda gumonlab, ish ochgan.

Uy-joyga bo‘lgan talab 2,5 foizga oshdi, ammo uylar qimmatlashi kutilmayapti

2021 yil aprel oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab mart oyiga nisbatan 2,5 foizga oshdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma'lumotiga ko‘ra, uy-joy narxlari oshishi kutilmayapti. Chunki hukumat tomonidan uy-joylar kvadrat metrining narxi 4 mln so‘mdan oshmasligini ta'minlash vazifasi qo‘yilgan. Xususan, bunga arzon qurilish materiallari bilan ta'minlashni yo‘lga qo‘yish orqali erishish rejalashtirilgan.

Shubhali korxonalar soni 96taga ko‘paydi

DSQ soliq tekshiruvlarining to‘rtinchi bosqichida yana 96ta korxonani «shubhali» deb topdi. Undi ularning soni 667taga yetdi.

Shuningdek, 7ta korxona «shubhali»lar qatoridan chiqarildi. Qo‘mita shubhali korxonalardan iborat yangilangan ro‘yxatni e'lon qildi.

139ta turar joy massivi bo‘yicha tenderlar tez orada yakunlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 may kungi selektorda ikki hafta muddatda 139ta turar joy massivi bo‘yicha tenderlarni yakunlab, qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Prezident birinchi chorakda 6ta viloyatda obektlar qurilish reytingi bo‘yicha mos kelmaydigan quruvchi tashkilotlariga berilganini tanqid qilib, hokimlarning qurilishdagi ishtirokida korrupsiya borligini aytdi.

1 avgustgacha 550ta davlat aktivini sotish topshirig‘i berildi

Birinchi yarim yillikda 1,5 trillion so‘mlik 550ta davlat aktivlarini sotish ta'minlanishi kerak, dedi prezident selektorda.

Chorvoq hududidagi davlat mulki auksionda boshlang‘ich narxidan 2 barobar qimmatga sotildi.

Bundan tashqari, Uzbekistan Helicopters 4 ta Airbus vertolyotini sotib olayotgani va monopolistlar ro‘yxati yangilangani ham e'tiborga molik.

Kuni kecha Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bo‘sh turgan obektlarga yangicha soliq solishni taklif etdi.

Darvoqe, o‘z hududingizdagi narx-navolar bilan tanishish uchun quyidagi havolalarga o‘tishingiz mumkin.

Mavzuga oid