Jamiyat | 13:04 / 17.05.2021
16243
5 daqiqa o‘qiladi

Namunaviy uylar muammosi: Navoiyda mahalliy hokimlik murojaatlarni e'tiborsiz qoldirmoqda

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi Yangi Urganji massivida 2019 yil namunaviy loyihalar asosida 16ta uy qurilgan. Yer osti suvlari yaqinligidan ushbu namunali uylarda yashash imkonsiz ekanligi aytilmoqda.

Kun.uz aholi murojaati asosida masalani joyiga borib o‘rgandi. Ma'lum bo‘lishicha, uylar hududdagi fermer xo‘jalik ekin yerlariga tutash bo‘lgan maydonda qurilgan. Atrofda drenaj zovur yo‘qligi bois, yer osti suvlari ko‘tarilgan. Bu holat esa namunali uylarda yashovchilar uchun ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda.

«Bu uylarda yashashning iloji yo‘q. Uyimiz bo‘la turib, 800 ming so‘mga shaharda ijarada turibmiz. Chunki uyimizning ichidan suv chiqadi. Har oy kanalizatsiyasidan suv oldiramiz. Bu muammo bo‘yicha bir necha marta tuman va viloyat hokimligiga murojaat qildik. Hokimiyatdagilar aybni «Qishloqqurilishinvest»ga to‘nkashadi. «Qishloqqurilishinvest»ga borsak, ular «hokimiyat qayerdan yer bergan bo‘lsa, o‘sha yerga qurganmiz», deyishadi.

Hech kim eshitishni istamaydi. Fermer yerining sho‘rini yuvdi yoki ekinlarini sug‘ordi, deguncha uyimizdan suv chiqib ketadi. Bu uyga yetish uchun necha yil orzu-havas qilgandik», — deydi fuqaro Zarifa Rajabova.

Zarifa Rajabova

Ma'lum bo‘lishicha, odamlar har oyda 70-80 ming so‘m to‘lab, kanalizatsiya quduqlariga yig‘ilib qolgan suvni torttirishga majbur bo‘lmoqda. Qolaversa, yuzaga chiqayotgan sho‘r uylarning sifatiga jiddiy ta'sir qilyapti. Poydevorlar nurab, devorlarning fasad qismi to‘kilib bormoqda.

Shuningdek, fuqarolarning ta'kidlashicha, avvaliga massiv loyihasida bolalar maydonchasi ham nazarda tutilgan. Bu uchun alohida maydon ham ajratilgan. Biroq, negadir keyinchalik bolalar maydonchasi qurilmagan. Ajratilgan maydon esa yantoqzorga aylangan. 

«Bolalar ko‘chada, yo‘l ustida o‘ynashadi. Hokimlikka o‘yingoh masalasini ham ko‘p bor aytdik. «Ariza bilan murojaat qilinglar», deyishdi, arizalar yozdik. Lekin masalamiz hal bo‘lmadi. Otangga bor, onangga bor, qabilida munosabat qilishadi. Hech qanday natija yo‘q», — deydi Madina Tosheva.

Madina Tosheva

Aholining ta'kidlashicha, namunali uylar va fermer xo‘jalik ekin yerlari orasida yarmi ko‘milib qolgan ariq bor. Agar ushbu ariq zovur qilib qazib chiqilsa, yer osti suvlari muammosi bartaraf etilishi mumkin.

Kun.uz masala yuzasidan tegishli mas'ullarning fikri bilan ham qiziqdi. Karmana tumani melioratsiya bo‘limi boshlig‘i Mo‘min Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu uylar qurilishi uchun yer tanlashda melioratsiya-irrigatsiya sohasi mutaxassislarining xulosasi yoki taklifi olinmagan.

Mo‘min Ikromov

«Ushbu xonadonlarning kanalizatsiyasi va tomorqasidan yer osti suvi chiqib ketishi kuzatilayotgani rost. Buning sababi, hududdagi fermer xo‘jalik ekin yerlari namunaviy uylarning tomorqasidan 40-50 sm balandroqda joylashgan. Bugunga kelib, ushbu muammo to‘liq o‘rganib chiqilgan. Hududdan qazilishi lozim bo‘lgan 1,5 km zovur bitta yo‘lni va kanalni kesib o‘tishi kerak. Lekin bu ish katta mablag‘ talab qilmoqda.

Hozirgi kunda ushbu masofadagi yopiq zovurni qurish uchun qariyb 1 milliard so‘m, agar ochiq zovur bo‘lsa, 700 million so‘m mablag‘ sarflanishi mumkin. Bu loyihani 2021 yilgi dasturga kiritgandik. Ammo pandemiya sababli dasturdan olib tashlandi. Endi 2022 yil dasturiga kiritganmiz. Keyingi yil bu ish amalga oshiriladi. Bundan keyin qurilishlarga yer tanlashda melioratsiya-irrigatsiya xulosasi olinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi», — deydi Ikromov.

Mutaxassisning so‘zlaridan kelib chiqadiki, uyidan suv chiqayotgan 16ta xonadon egalari yana bir yil shu muammo bilan kurashib yashashiga to‘g‘ri keladi. Ammo, katta salohiyatga ega bo‘lgan Navoiy viloyati mas'ullari masalani shu yilning o‘zida hal qilish choralarini ko‘rishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid