Jamiyat | 14:41 / 18.05.2021
20040
3 daqiqa o‘qiladi

«Hozirgi teatrlar sovet davridan qolib ketgan, biz esa boshqa zamonda yashayapmiz». Marhum rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev teatr fojiasi haqida

O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti, mohir rejissyor va aktyor, talabchan ustoz va mehribon murabbiy Bahodir Yo‘ldoshev uzoq davom etgan xastalik tufayli 76 yoshida olamdan o‘tdi. 

Bahodir Yo‘ldoshev teatrda mashhur san'at asarlari – "Maysaraning ishi", "Farmonbibi arazladi", "Kelinlar qo‘zg‘oloni" va boshqa ko‘plab spektakllari orqali xalq e'tirofiga sazovor bo‘lgan. Teatr ruhini chuqur tushuna olgan ijodkor vafotidan ancha oldin jurnalist Gulmira Musajonovaga bergan intervyusida teatr haqida ta'sirli gaplarni aytgan edi. 

"Biz qachondir teatrlarni isloh qilish davriga yetib kelamiz. Hukumat kun kelib nima sababdan xalq ongi rivojlanishdan to‘xtab qolayotganini, tadbirkorlarning puli bor-u saviyasi yo‘qligi, nima uchun ular xorijlik tadbirkorlar bilan teatr, musiqa haqida fikr almasholmasligi haqida o‘ylab ko‘radi. Millatni tarbiyalash uchun teatr juda katta vosita. Bu davrga, albatta, kelamiz. Boshqa ilojimiz yo‘q. 

Mana, hozir ko‘p teatrlar qurilyapti. Ularning ko‘pchiligi hokimiyatlar majlis o‘tkazadigan joyga o‘xshaydi, teatr sahnasi talablariga javob bermaydi, hokimiyat o‘z tadbirlari, majlislarini o‘tkazadigan joy hisoblanadi. Teatr qurmoqchi ekansiz, dunyo andozalaridan olib qurish kerak. Shunchaki har bir teatr zali tomida osmon tasviri bo‘lgani bilan teatr bo‘lib qolmaydi. Har bir teatr xuddi insonga o‘xshaydi. Binosining ham o‘z xarakteri, yuzi bo‘lishi kerak.

Respublikada jami 37 ta teatr bor. Ular haqiqatan o‘z ishlari bilan shug‘ullanyaptimi yoki kechqurun to‘yga borib kelib rejani bajarishyaptimi? O‘sha teatrlarda mahoratli aktyorlar bo‘lsa, ular ham islohotga muhtoj. Chunki shunday teatr aktyorlari borki, ular bir umr yaxshi rejissyorni ko‘rmay o‘tib ketishgan. Hozirgi teatrlar ishlab ketishi, o‘z vazifasini bajarishi uchun hukumat darajasida teatrlar faoliyatini takomillashtiradigan qarorlar kerak. 

Hozirgi teatr – bu sovet davri teatri. Teatrlarning shakl-u shamoyili sovet tuzumidan qolib ketgan. Biz boshqa zamonda yashayapmiz. Hozir biz umuman boshqa odamlarmiz. Teatr zamon o‘zgarganini birinchilardan bo‘lib his qilishi kerak. Agar unday bo‘lmasa, unda uning hech kimga keragi yo‘q". 

Mavzuga oid