O‘zbekiston | 18:32 / 18.05.2021
14706
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston «hindcha» shtammdan himoyalanish uchun qanday choralar ko‘rgan?

17 may kuni Hindistonda 4329 kishi koronavirusdan vafot etdi. Bu pandemiya davridagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu kuni Hindistonda 263,5 ming kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Eng ko‘p kasallanish holatlari Karnataka shtatida qayd etilib, bu yerda bir kunda 38,6 ming bemor aniqlangan.

Mamlakatda koronavirusga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda. Hozirda deyarli 185 million kishi yoki mamlakat aholisining taxminan 13 foizi Covid-19’ga qarshi emlangan.

18 may holatiga mamlakatda kasallanganlar soni 25 228 996 nafarni tashkil qilmoqda. Koronavirusga chalingan 278 751 nafar fuqaro vafot etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusning «hindcha» shtammi o‘ta yuqumli va antitanalarga chidamliligi bilan o‘ta xavfli hisoblanishi haqida ma'lum qilgan edi.

O‘zbekistonga «hindcha» shtamm kirishining oldini olish maqsadida 10 maydan Hindistonga amalga oshirilayotgan o‘zaro aviaqatnovlarga vaqtinchalik cheklovlar joriy qilingandi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati taklifiga muvofiq, Hindistondan O‘zbekistonga kirib kelayotgan barcha shaxslardan koronavirus infeksiyasiga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan PZR tekshiruvini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda ham Hindistondagi epidemiologik vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu mamlakatdan yurtimizga kirib kelayotgan yo‘lovchilar bilan amalga oshiriladigan xavfsizlik choralari yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov bilan bog‘landi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda mamlakat bilan aloqalar to‘xtatilgan bo‘lib, charter reyslar yo‘lga qo‘yiladigan holatlarda yo‘lovchilardan koronavirus infeksiyasiga PZR test namunasi aeroport kutib olish zalida olinadi va belgilangan tartibda uy yoki mehmonxonada 14 kun davomida karantinda bo‘lish uchun jo‘natiladi.

«Oxirgi 14 kunda Hindiston davlatida bo‘lib, yurtimizga kirib keladigan bo‘lsa, albatta yo‘lovchida manfiy natijali PZR testi bo‘lishi shart. Shunda ham respublikamizga kirgach bu yo‘lovchi bepul antigen test topshiradi va belgilangan tartibda agar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa o‘z uyida, boshqa davlat fuqarosi bo‘lsa mehmonxonada 14 kunlik karantin muddatini o‘tashlari shart bo‘ladi», deya ma'lum qildi u.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston hududida hozirgi vaqtda koronavirusning «hindcha» shtammi bilan kasallanish holati qayd etilmagan.

Mavzuga oid