Jamiyat | 17:33 / 18.05.2021
24189
7 daqiqa o‘qiladi

TVdagi reportaj biznes va rasmiylarning korrupsion hamkorligini ko‘rsatib berdi - Yuliy Yusupov

Taniqli iqtisodchi ekspert, Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi (CED) direktori Yuliy Yusupov «O‘zbekiston-24» telekanalida namoyish etilgan reportajni tahlil qildi.

«O‘zbekiston-24» korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ygan ayrim mansabdor shaxslar ushlangani haqida lavha namoyish etdi: reportajlardan birida mamlakatimizda biznesni «sog‘ish» va mamlakat iqtisodiyotiga parazitlik qilishning ko‘p qirrali imkoniyatlari spektri mavjudligi darhol ko‘zga tashlanadi.

1. Toshkent shahar Yunusobod tuman davlat soliq inspeksiyasi katta inspektori mahalliy MChJ ta'sischisidan shu tashkilotda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan kameral tekshiruvda ijobiy xulosa berilishini va'da qilib, 3,5 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan vaqtida ushlandi. Soliq tekshiruvlariga moratoriy e'lon qilingani ham muhim emas. Moratoriylar kimni va qachon to‘xtata olgan o‘zi? Boz ustiga, korrupsionerlarga «risk-tahlil» va «kameral tekshiruvlar» kabi zamonaviy so‘zlar yordamga kelayotgan bo‘lsa. Ular uchun osmondan tushgan eng haqiqiy marhamat — 10 ming tadbirkorga jo‘natilgan, ular go‘yoki soxta bitimlar tuzgani haqidagi «sevinch nomalari». Bitim soxta ekanligini qayerdan bila qolishdi? Bu buyuk bir sir. Endi tuya emasligingizni, bitimlaringiz soxta emas, haqiqiy ekanligini isbotlab ko‘ring. Bu — korrupsionerlar uchun haqiqiy susambil.

2. Andijon viloyati Buloqboshi tumanida soliq qarzdorligini yo‘q qilish evaziga 15 mln so‘m pora olinayotgan chog‘da ushlangan inspektor (O‘zi qarzdorlik bo‘lmagan, inspektor tomonidan o‘ylab topilgan). Shaffof bo‘lmagan soliq qonunchiligi va protseduralari — byurokratiya va korrupsiya uchun chinakam «ochil dasturxon».

3. Namangan viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi shaxs Chortoq tumanida istiqomat qiluvchi xususiy tadbirkorga bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishi uchun Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan 10 gektar yer maydoni ajratilishi bo‘yicha tuman hokimining qarorini chiqartirib berishni va'da qilib, o‘zi faoliyat yurituvchi boshqarmaning ma'muriy binosi yonida 10 ming AQSh dollari olgan. Formal jihatdan yer maydoni davlat egaligida turishi belgilangan bo‘lsa-da, aslida allaqachonlar uning oldi-sotdisi mavjud. Faqat yer sotilishidan tushadigan pullar budjetga emas, hokimlar va boshqa amaldorlarning cho‘ntagiga borib tushadi. Yerni ochiq tanlovlar orqali (xususiy mulk va ijaraga) bo‘lib berish va budjetni to‘ldirish o‘rniga biz «negadir» yerni hokimlarga sovg‘a qilganmiz va ularga «mo‘may» daromad orttirish imkonini yaratganmiz. Qiziq, nega?

4. Bunisini tort ustidagi gilosga qiyoslash mumkin. Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbaridan 2 ming AQSh dollarini xizmat mavqeyidan foydalangan holda ushbu MChJga joriy mavsumda Jizzax shahridagi ijtimoiy soha obektlarida amalga oshiriladigan qurilish-ta'mirlash ishlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tender savdolari orqali obekt olib berishni va'da qilib, olayotgan paytda ushlangan.

Tenderlar (budjetdan yoki davlat korxonalaridan pul olish) va xususiylashtirishdagi korrupsiya — bugungi kunda mamlakatdagi eng katta korrupsion oqim bo‘lsa kerak. Chunki bizda YaIMdagi davlat xarajatlari ulushi (40 foizdan ko‘proq) va YaIMda davlat korxonalarining ulushi (55 foizdan ko‘proq) jahondagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.

Bundan qanday xulosaga kelish mumkin? Toki biz amaldorlarimizni iqtisodiyotdan sug‘urib olmas, ularning hukmronlik vakolatlarini cheklamas, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirmas, davlat islohotini o‘tkazmas ekanmiz, O‘zbekiston qashshoq davlatligicha qolaveradi.

P.S. Korrupsionerlarni stadionlarga to‘plab otib tashlash tarafdorlariga aslo qo‘shilmayman, — deb o‘z posti ostiga sharh yozgan Yuliy Yusupov va fikrlarini davom ettirgan.

Vaziyatdan chiqishning yo‘li jazoni qat'iylashtirishda emas, holbuki korrupsiya uchun, albatta, jazo berilishi kerak.

Birinchidan, kim jazolaydi? O‘sha korrupsioner-amaldorlarning o‘zi. Bu holda korrupsiyaga qarshi kurash ta'sir zonasini bo‘lib olish uchun kurashga aylanib ketadi ( shunday bo‘lgan va shunday bo‘lyapti ham).

Ikkinchidan, korrupsiya miqyoslarini chindan ham qisqartirishni faqat o‘sha oziqlanish bazasini qisqartirish evaziga amalga oshirish mumkin, ya'ni yuqorida ta'kidlangan, amaldorlarning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish evaziga.

Singapurda davlat xarajatlari YaIMning 16 foizini tashkil etadi, Xitoyda bu ko‘rsatkich — 22 foiz, O‘zbekistonda esa 40 foizdan yuqori (agar xususiy sektorning kvazifiskal xarajatlari qo‘shilsa, 50 foizga ham yaqinlashishi mumkin). Singapurda davlat kompaniyalarining FIMdagi ulushi 15 foiz, «kommunistik» Xitoyda markaziy hukumat kompaniyalar ulushi 12 foiz, formal jihatdan birorta kommunist bo‘lmagan O‘zbekistonda esa 55 foiz.

Bularga qo‘shimcha ravishda, albatta, davlatni jamiyat nazorati ostiga olish kerak, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish lozim, hokimiyatning barcha bo‘g‘inlarini radikal tarzda islohot qilish kerak, ayniqsa, sud tizimini.

Takrorlamaslik uchun, avvalgi chiqishlarim ostidagi sharhlardan parchalar keltiraman:

Korrupsiya haqida. Asosiy korrupsiya (miqyoslari bo‘yicha 95 foizni tashkil etadi) iqtisodiyot va biznesdan o‘rin olgan...

Endi iqtisodiyotdan misollar.

1. O‘zbekistonda bir necha yil avval (yiliga milliardlab dollar keltirgan) eng korrupsion soha qaysi edi? Valutani taqsimlash edi. Hozir valuta korrupsiyasi qani? Yo‘q bo‘lib ketdi. Bunga erishish uchun nimaga qo‘l urildi? Valuta taqsimlanishini amaldorlardan bozorga olib berish. Tamom!

2. Bank korrupsiyasi. Bir necha yil avval hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turar edi. Bugungi kunga kelib-chi? Miqyoslar o‘nlab martaga kamaygan. Bunga qanday erishildi? O‘yin qoidalari o‘zgartirildi, bank sohasi liberallashtirildi.

3. Bugungi kunda eng korrupsiogen soha qaysi? (YaIMning 55 foizi ishlab chiqariladigan) Davlat korxonalarini boshqarish, jumladan sun'iy monopoliyalar orqali. Qanday qilib yo‘qotsa bo‘ladi? Xususiylashtirish + raqobatni rivojlantirish. Davlat mulkining bu qadar miqyoslari va raqobat rivojlanmagani holatida tuzatish uchun boshqa retsept yo‘q.

4. So‘nggi yillardagi eng shov-shuvli korrupsion ishlar: hokimlar yer bilan oldi-sotdi qilishmoqda. Qanday qilib yo‘qotsa bo‘ladi: yerni bo‘lish tanlov asosida o‘tkazilishi kerak, yer uchun to‘lovlar hokimning cho‘ntagiga emas, budjetga tushadi.

Va h.k. va sh.k.

Mavzuga oid