O‘zbekiston | 16:51 / 21.05.2021
22450
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev YeOIIga a'zo davlatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tiklashni taklif qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo davlatlar o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni tiklashni taklif qildi. Davlat rahbari Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida shunday tashabbus bilan chiqdi.

«Epidemiologik vaziyatning barqarorlashishini, mamlakatlarimizda aholini emlash jarayonini hisobga olgan holda, biz muntazam havo va temiryo‘l qatnovini tiklash vaqti keldi, deb o‘ylaymiz.

Biz Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi va a'zo davlatlar bilan to‘siqlarni bartaraf etish hamda savdo-sotiqni tartibga solishning tarifsiz choralarini yanada yaqinlashtirish bo‘yicha faol hamkorlik qilishga tayyormiz.

Davlatlarimizning yetakchi korxonalari va hududlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish iqtisodiyotga ijobiy ta'sir o‘tkazadi hamda uchinchi davlatlar bozorlarini birgalikda o‘zlashtirish imkonini beradi. Biz iqtisodiyotning real sektori, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash sohasida hamkorlik uchun katta salohiyat borligini ko‘ryapmiz. Qo‘shma loyihalarni ilgari surish va amalga oshirish uchun Yevrosiyo taraqqiyot banki bilan ishlashga tayyormiz. 

Transport-tranzit sohasi iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish katalizatori hisoblanadi. Bu yerda quyidagi masalalarni hal qilish talab etiladi: yuklarning chegaradan o‘tishini tezlashtirish, standartlarni muvofiqlashtirish, nazorat-o‘tkazish punktlari ishini optimallashtirish, chegarani kesib o‘tish jarayonini takomillashtirish. 

Bundan tashqari, biz yuklarni tashish va tranziti uchun o‘zaro preferensiyalar taqdim etish amaliyoti kengayishini qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashi yig‘ilishida.

Mavzuga oid