O‘zbekiston | 08:25 / 21.05.2021
21186
2 daqiqa o‘qiladi

Tursinxon Xudoyberganovga faxriy unvon berildi 

Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi, general-leytenant Tursinxon Xudoyberganov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda FVV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, unga unvon davlat organlari va huquq-tartibot idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, hududlarni kompleks rivojlantirish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, muammolarni joyida bartaraf etish, fuqarolar huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan berildi.

FVV rahbari Tursinxon Xudoyberganov 1951 yilda tug‘ilgan. Toshkent pedagogika instituti (1974 yil) va SSSR IIV Akademiyasi (1982) bitiruvchisi. 1974−1999 yillarda IIVda turli lavozimlarda ishlagan. 1999−2001 yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, 2001−2006 yillarda — prezidentning huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi, 2006−2010 yillarda esa Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Tursinxon Xudoyberganov 2010 yilning martidan 2016 yil dekabrigacha FVVga rahbarlik qilgan. So‘ngra prezidentning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U hali ham mazkur lavozimda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan oldin, bir guruh generallar «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani xabar qilingandi.

Taqdirlanganlar orasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyatining bir guruh vakillari ham bor. Xususan, favqulodda vaziyatlar vaziri v.b., general-leytenant Tursinxon Xudoyberganov I darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Mavzuga oid