Jahon | 04:17 / 22.05.2021
16701
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda koronavirusga qarshi vaksinalar tufayli 9 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi

Foto: Global Look Press

Dunyoda koronavirusga qarshi vaksinalar tufayli 9 nafar yangi milliarder paydo bo‘ldi. Ushbu milliarderlar orasida BioNTech, Moderna va CanSino Biologics kompaniyalari rahbarlari bor bo‘lib, ularning umumiy boyligi 19 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilmoqda. 

“9 nafar yangi milliarderning umumiy boyligi 19,3 mlrd dollarni tashkil qilib, bu summa past daromadli davlatlardagi barcha aholini 1,3 marta to‘liq emlash uchun yetadi. Biroq ushbu davlatlarda dunyo aholisining 10 foizi yashasa-da, ular taqchillik sababli vaksinalar umumiy hajmidan bor-yo‘g‘i 0,2 foizinigina olgan”, deb aytilgan People's Vaccine (Xalq vaksinasi) tashkilotida. Ushbu tashkilotga 9ta nohukumat tashkiloti, jumladan, Amnesty International, Oxfam va UNAIDS kiradi.

Quyida vaksinalar ortidan milliarder bo‘lgan kishilar ro‘yxati keltirilgan:

  • Stefan Bansel – Moderna bosh direktori (boyligi 4,3 mlrd dollar),
  • Ugur Saxin — BioNTech bosh direktori va hamta'sischisi (4 mlrd dollar),
  • Timoti Springer – immunolog, Moderna asoschisi va sarmoyachisi (2,2 mlrd dollar),
  • Nubar Ayyefan – Moderna rahbari (1,9 mlrd dollar),
  • Xuan Lopes-Belmonte – Moderna vaksinasini ishlab chiqaruvchi va qadoqlovchi ROVIm kompaniyasi rahbari (1,8 mlrd dollar),
  • Robert Langer – olim, Moderna asoschisi va sarmoyachisi (1,6 mlrd dollar),
  • Chju Tao – CanSino Biologics hamta'sischisi va bosh ilmiy rahbari (1,3 mlrd dollar),
  • Etu Dunsyu — CanSino Biologics hamta'sischisi va katta vitse-prezidenti (1,2 mlrd),
  • Mao Xuinxoa — CanSino Biologics hamta'sischisi va katta vitse-prezidenti (1 mlrd dollar).

Yana 8 nafar amaldagi milliarder koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchi farmatsevtik kompaniyalarga kiritgan sarmoyalari evaziga o‘z boyliklarini umumiy hisobda 32,2 mlrd dollarga ko‘paytira olgan.

Oxfam xalqaro tashkilotining sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha menejyeri Anna Marriottning ta'kidlashicha, “ushbu milliarderlar farmatsevtik kompaniyalar monopoliyadan oladigan ulkan daromadning insoniy qiyofasi” hisoblanadi.

“Bu vaksinalar davlat mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilgan va avvalambor daromad olish uchun xususiy emas, balki global boylik bo‘lishi lozim. Biz vaksinalarni ko‘proq ishlab chiqarish, narxlarni pasaytirish va dunyo aholisini emlay olish uchun ushbu monopoliyalarga chek qo‘yishimiz kerak”, deb ta'kidlab o‘tgan Marriot.

Ayni vaqtda dunyoda ishlab chiqarilgan dastlabki 1 mlrd doza vaksinaning 80 foizi boy davlatlar aholisi o‘rtasida taqsimlangan. Nochor davlatlarga esa ushbu miqdordan bor-yo‘g‘i 1 foizdan ko‘prog‘i yetib borgan.

Mavzuga oid