Jamiyat | 16:32 / 22.05.2021
10825
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Andijonning barcha tumanlarida yoshlar forumi bo‘lib o‘tmoqda

Andijon viloyatida maktab bitiruvchilari hamda 30 yoshgacha bo‘lgan ishsiz yoshlarning bandligini ta'minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha «Andijon viloyati tajribasi»ni keng targ‘ib etish maqsadida «Yoshlar forumi Andijon – 2021» festivali boshlandi.

20 maydan boshlangan festival Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi kunda respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 200 nafarga yaqin faol yoshlar uchun Andijon shahridagi ijtimoiy-iqtisodiyot va pedagogika kolleji negizida tashkil etilgan «Aholini kasb-hunarga o‘qitish markazi»ga tashrif uyushtirildi.

Bu yerda imtiyozli kredit olib faoliyatini yo‘lga qo‘ygan uyushmagan yoshlar bilan, yosh sportchilar tomonidan ko‘rgazma tashkil qilindi.

Shundan so‘ng forum ishtirokchilari Andijon shahridagi IT-park faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda robototexnika bo‘yicha respublika musobaqasi o‘tkazildi.

Shundan so‘ng «Bir million dasturchi» loyihasini amaliyotga joriy etish maqsadida ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga IT-parkda taxsil olishlari uchun bepul vaucherlar taqdim etildi.

Kunning ikkinchi yarmida Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov forum ishtirokchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Viloyat hokimi hududda yoshlar siyosatida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlar haqida so‘z yuritdi.

Andijon viloyatining barcha tumanlarida forum doirasida o‘n minglab yoshlarni qamrab olgan turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Baliqchi tumanida markazidagi o‘yingohda tuman yoshlarini jamlagan ana shunday dastur o‘tkazildi. Forum kunlari tumanda turli sport musobaqalari tashkil etildi. Unda tumanning turli sohalarda o‘zini ko‘rsatayotgan faol yoshlari taqdirlandi.

Andijon tumani yoshlari tibbiyot jihozlari ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashgan «Farm zona» maydoniga yig‘ildi. Forum doirasida kanoeda eshkak eshish sport turi bo‘yicha viloyat birinchiligi, karate musobaqalari, badiiy havaskorlarning chiqishlari tashkil etildi.

Oltinko‘l tumanida ham forum doirasida turli tadbirlar tashkil etildi. «Oltin sohil» istirohat bog‘ida yosh kelinlar o‘rtasida Andijoncha palov tayyorlash tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Oqshom tushgach, gala-konsertda 2 ming nafarga yaqin yoshlar qatnashdi.

Mavzuga oid