O‘zbekiston | 12:46 / 23.05.2021
13405
12 daqiqa o‘qiladi

Intellektual mulkka boylik deb qarash kerak - huquqshunos bilan suhbat

Butun dunyoda intellektual mulk qimmatli narsa, deb e'tirof etiladi. Mashhur brend egalari, besseller asar mualliflari, ixtirochilarning milliarder ekani haqida ko‘p kinolar ko‘rganmiz, ularning motivatsion asarlarini o‘qiganmiz.

Xo‘sh, O‘zbekistonda ham shundaymi? Asarlarini sevib o‘qigan mualliflarimiz, ixtirolar qilgan odamlar boymi? Brend egalari o‘zlarining tovari orqasidan milliarder bo‘lib ketishyaptimi? Javob berishga qiynalamiz. Nega bizda hamma intellektual mulk egalari ham boy emas? Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, intellektual mulk huquqi bo‘yicha mutaxassis Abdumo‘min Yo‘ldoshev bilan ayni mavzuda suhbat uyushtirdik. Quyida suhbatning asosiy qismlarini va suhbatdoshimizning fikrlarini keltiramiz.

Intellektual mulkdan faqat egasi emas, jamiyat ham foyda oladi

Intellektual mulk insonning ijodiy tafakkuri bilan yaratiladigan narsa hisoblanadi. Ular turli sanoat mulki obektlari yoki mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan asarlar bo‘lishi mumkin. Inson hayoti to‘laligicha intellektual mulklardan iborat. Bu shunday mulkki, undan faqatgina egasi emas, balki jamiyat ham manfaatdor bo‘ladi. Masalan, biror ixtiro jamiyat taraqqiyoti uchun xizmat qilishi mumkin.

Intellektual mulkning ahamiyati yildan yilga oshib bormoqda. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 1970 yillarda jahonda nomoddiy aktivlarning ulushi bor-yo‘g‘i 17 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2020 yilda ularning ulushi 90 foizdan oshiqni tashkil qilgan. Pandemiya intellektual mulkka bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Masalan, o‘tgan yil boshida turli davlatlarda lokdaunlar e'lon qilina boshlagach, fevralning bir haftasida 2019 yilning butun davriga nisbatan dasturiy ta'minot mahsulotlarini yuklab olish 80 foizga oshgan.

Muhofaza joyida, lekin himoya og‘riqli masala

Intellektual mulk huquqi bilan bog‘liq ikkita tushunchani aniqlashtirib olish kerak: muhofaza va himoya. Muhofaza biror intellektual mulkni yaratib, uni ro‘yxatdan o‘tkazishgacha bo‘lgan jarayon. Masalan, ixtiro yaratilsa, Intellektual mulk agentligida patentlanadi va muhofazaga olinadi. Himoya esa undan keyingi jarayon. Kimdir intellektual mulkdan beruxsat foydalansa, intellektual mulk himoya qilinadi.

O‘zbekistonda intellektual mulk muhofazasi yaxshi tashkil qilingan: intellektual mulk ekspertizasi va boshqa tartiblar yaxshi tashkillashtirilgan. Biroq intellektual mulk himoyasi og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda. Hozirgacha intellektual mulk huquqi himoyasiga oid sud amaliyoti to‘laqonli shakllanmagan. To‘g‘ri, tovar belgilari bilan bog‘liq tajriba bor, lekin mualliflik huquqi va sanoat mulki obektlari bilan bog‘liq amaliyot juda kam.

Muallifdan rozilik olinishi kerak

Jamiyatda intellektual mulkka nisbatan hurmat shakllanishi kerak. Amaliyotda muallifdan rozilik olinganda aksar hollarda u tekinga ham o‘z asaridan foydalanishga rozi bo‘ladi. Lekin muhimi – uning roziligi. Masalan, Usmon Azim qalamiga mansub va Sherali Jo‘rayev tomonidan kuylangan «Karvon» qo‘shig‘i Sanjay taxallusi bilan ijod qiladigan ijodkor tomonidan ruxsatsiz kuylandi. Lekin bu holatda qo‘shiq kuylanishidan oldin muallifdan ruxsat olinishi kerak edi.

Quvonarlisi, hozir mualliflar ham o‘z huquqlarini talab qilishni boshlayapti. Masalan, yaqinda ijrochi O‘ktam Aliyevning «O‘ylamadim» qo‘shig‘ini o‘zining roziligisiz kuylagani uchun Doston Ergashevga nisbatan ham ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi sanksiya qo‘llandi, muallifga yetkazilgan zarar ham undirildi. Bu mualliflik huquqlarining hurmat qilinishi kerakligi uchun yaxshi signal bo‘ldi.

O‘zbekistonda har yili nechta ixtiro patentlanadi?

2019 yilda 378ta ixtiroga patent berilgan. Buni oldingi yillar bilan solishtirganda ko‘p, lekin bu ko‘rsatkich past. Ixtirochilik viloyatlar kesimida solishtirilganda, 2019 yil Toshkent shahri, Toshkent viloyati va vodiyda asosiy ixtirolar qilingan. Bu qolgan viloyatlarda ixtirolar kamligini yoki deyarli yo‘qligini bildiradi.

Shuni unutmaslik kerakki, hamma ixtirolar ham sanoatda ishlab ketmaydi. Hatto AQShda ham patentlanadigan ixtirolarning 80 foizi ishlab ketmaydi. Bu O‘zbekistonda ham sodir bo‘lishini hisobga olsak, O‘zbekistonda ixtirochilik rivoji past ekanini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, hozir O‘zbekistonda ixtiro uchun patent olganlarga ilmiy daraja beriladi. Hozirgi ixtirolar ko‘p hollarda ilmiy daraja olish uchun ham qilinmoqda. Lekin ixtiro qilishdan birinchi maqsad uni tijoratlashtirish bo‘lishi kerak.

Bizda ixtirochi deganda, Fanlar Akademiyasida ishlaydigan olim, professorlar tushuniladi, lekin rivojlangan davlatlarda ixtirochilar aholining bir toifasi bilan chegaralanmaydi. Ixtirochi oddiy odam, o‘qituvchi yoki boshqa kasb egasi bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda ixtirochilar kamligining sabablaridan biri rag‘batning yetarli emasligi bilan bog‘liq. Masalan, «Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida»gi qonunda mualliflar, sanoat mulkidan foydalanuvchilarga soliq va kredit imtiyozlari berilishi lozimligi qayd etilgan. Biroq bu norma amaliyotda umuman ishlamagan.

Ikkinchi masala esa intellektual mulk huquqini himoya qila olishga mualliflarda ishonch qolmaganini ham keltirish mumkin. Bu vazifa, aslida, faqat Intellektual mulk agentligi emas, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ham ishi bo‘lishi kerak.

Formula yozolmaydigan ixtirochilar

Xohlasak-xohlamasak, har bir narsaning o‘z qoidalari bo‘ladi. Masalan, ixtiro patent olishi uchun uning formulasi, tavsifi kabi hujjatlari bo‘lishi kerak. Shu hujjatlarga qarab ixtirolarning yangiligi, sanoatda qo‘llash darajasi kabilar baholanadi. Lekin ko‘pincha ixtiro qilgan odam hujjatlashtirish ishlarini eshitib, ixtirosini vaqtida patentlamaydi. Bu esa undan noqonuniy foydalanilishiga yo‘l ochib berishi mumkin.

Oldinlari OTMlarda patenshunos degan lavozim bo‘lgan. Ular ixtiro qilgan odamlarga hujjatlashtirish ishlarini qilishda yordam bergan. Hozir haqiqatan, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ko‘proq vaqt ketadi. Aslida, O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha muallif 2 yilga yetmasdan barcha rasmiyatchiliklarni qilib patent olishi mumkin. Lekin mualliflar rasmiyatchilik ishlarini qilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi sababli bu muddat uzayib ketadi. Ixtironing ahamiyati esa yillar o‘tib yo‘qolishi mumkin.

Bundan tashqari, ko‘pincha talabnoma topshirish uchun rus tilidan foydalanilishi ham patentga da'vogarlar uchun murakkablik qilishi mumkin. Shuning uchun o‘zbek tilida ish yuritishni to‘liq tashkil qilish lozim.

Intellektual mulk huquqi ta'limi ham og‘riqli masalalardan biri. Intellektual mulk huquqi bo‘yicha mutaxassis – patent vakillari O‘zbekistonda kam sanoqli, ularning orasida ham ixtirolar bo‘yicha ixtisoslashgan mutaxassislar juda kam. Ayni paytda shuning uchun ham Toshkent davlat yuridik universitetida Intellektual mulk huquqi bo‘yicha magistratura yo‘nalishida ham kadrlar tayyorlash boshlandi. Ular ta'limdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishlari zarur.

301-doklad

AQSh savdo sheriklari o‘rtasida intellektual mulk qoidalariga rioya etilishini doimiy o‘rganib boradi. Shu asosida doimiy ravishda huquqshunoslar «301-doklad» deb ataydigan hisobotni chop etib boradi. Oxirgisi aprel oyida chiqdi. Unda O‘zbekistonda intellektual mulk himoyasi haqida ham tahlillar bor.

O‘zbekistonda hali mualliflar o‘z huquqlaridan to‘laligicha foydalanish kerakligini tushunib yetishmagan. Ko‘p hollarda ular o‘z huquqlarini shartnoma orqali boshqaga o‘tkazib, daromad olish tartib-qoidalarini tushunishmaydi. Bu ularning huquqlari buzilishiga sabab bo‘ladi.

Intellektual mulk huquqi buzilishi bilan bog‘liq ikkinchi yo‘nalish tovar belgilari bilan bog‘liq. Hozir O‘zbekistonda intellektual mulk huquqining deyarli teng yarmini tovar belgilari tashkil qiladi. Lekin ko‘p hollarda ishlab chiqaruvchilar mashhur brendlarga o‘xshash qilib o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishga harakat qilmoqda. Bu bozorni tezroq egallash uchun qilinadi. Lekin tadbirkorlar bu o‘rinda intellektual mulk huquqini buzish orqali tovar belgisining asl egasiga zarar keltirmoqda.

Internetda mualliflik huquqi

Hozir juda ko‘p narsa virtual olamga ko‘chdi va virtual tarzda tirikchilik qilayotganlar ham ko‘paydi. Bu esa o‘z-o‘zidan intellektual mulk huquqining ham buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda internetda mualliflik huquqini himoya qilish va dasturiy ta'minotlardan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashish bo‘yicha «O‘zkomnazorat» axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga vakolat berilgan. Ichki ishlar vazirligi tizimiga qarashli Kiberxavfsizlik markazi ham internet tarmog‘ida mualliflik va turdosh huquqlarini himoya qiladi. Lekin baribir birinchi navbatda muallif o‘z huquqini himoya qilish uchun tashabbus ko‘rsatishi zarur.

Takliflar

Mualliflik huquqini buzganlik uchun muallifga yetkazilgan zararni aniq belgilash zarur. Nizoli holatlar ro‘y berganda, muallifga yetkazilgan zarar undirilishida sud tomonidan adolatli qaror chiqarilishi uchun ham zararning aniq shkalasi belgilab qo‘yilishi foydali. Hozir bunday shkala faqat «Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma'lumotlar bazalarining huquqiy himoyasi to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan. Buni boshqa turdagi intellektual mulk mualliflari uchun ham joriy etish lozim deb o‘ylayman.

Yaqinda Asaxiy.uz loyihasi asoschisi Firuz Allayev ham ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga nashriyotga tegishli mualliflik huquqlari buzilayotgani haqidagi post joyladi. Nashriyotga tegishli mualliflik huquqi buzilishi bilan birga tadbirkorlik faoliyatini erkin olib borishga ham to‘siq bo‘lmoqda. Sababi nashriyot o‘zi ko‘zlagan foydani ololmayapti. Mualliflik huquqini buzganlik uchun sanksiyalar – jarima miqdorlari esa yetarli emas. Jinoyat kodeksidagi mualliflik huquqlarini buzganlik uchun sanksiyalarni kuchaytirish vaqti keldi.

Intellektual mulk – serdaromad mulk

Intellektual mulk juda serdaromad yo‘nalish. Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tahlillariga ko‘ra, 2019 yilda 17 ta davlat mashhur qahramonlar va o‘quv-ilmiy adabiyotlardan foydalanish uchun litsenziya olish natijasida 64,1 mlrd dollar foyda ko‘rgan. 2017 yilda AQShning YaIMiga mualliflik huquqlari orqali kelgan daromad 2,2 trln dollarni tashkil qilgan. Bu – AQSh YaIMining 12 foiziga teng.

O‘zbekistonda ham intellektual mulkka nisbatan qiymat sifatida qarashni shakllantirish zarur. Masalan, hozir O‘zbekistonda intellektual mulk O‘zbekistonning iqtisodiyotida qancha foizni tashkil etishi, mualliflar qancha daromad olayotgani haqida statistikalar yuritilmaydi. Bunday statistikalar kerak. Muallif o‘zi yaratgan intellektual mulkdan foyda olishini, daromad qila olishini bilsa, unda rag‘bat paydo bo‘ladi va bu soha rivojlanadi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid