Jahon | 00:29 / 25.05.2021
8407
2 daqiqa o‘qiladi

JSST koronavirusdan vafot etgan tibbiy xodimlar sonini ma'lum qildi 

Foto: Reuters

Koronavirus pandemiyasi boshidan beri dunyoda kamida 115 ming tibbiy xodim COVID-19’dan vafot etdi. Bunday ma'lumotni JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus keltirib o‘tdi.

«18 oy davomida butun dunyoda tibbiy xodimlar hayot va o‘lim yoqasida bo‘lishdi. Ular mislsiz ko‘p hayotlarni saqlab qolishdi va barcha sa'y-harakatlarga qaramay dunyoni tark etganlar hayoti uchun kurashishdi. Ulardan ko‘pi o‘zi ham virus yuqtirib oldi. Hisobot  to‘liq bo‘lmasa-da, baholashlarimizga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimining kamida 115 ming xodimi boshqalar hayotini saqlab, o‘zlari esa eng katta haq to‘lashdi», deb aytgan Gebreyyesus.

JSST rahbarining ta'kidlashicha, ko‘plab tibbiy xodimlar shaxsiy himoya vositalari va vaksinalar taqchilligi sababli o‘zlarini «himoyasiz va nochor his qilmoqdalar, ko‘plari umidsizlangan».

Gebreyyesusning aytishicha, dunyoda koronavirusga qarshi barcha vaksinalarning 75 foizi 10ta davlatgagina yetkazilgan.

«Butun dunyoda qo‘llanayotgan vaksinalar to‘g‘ri taqsimlanganda edi, bugungi kunda barcha tibbiy xodimlar va keksalarni qamrab olish uchun yetarli bo‘lardi», deb qo‘shimcha qilgan JSST rahbari.

Uning ta'kidlashicha, pandemiya hali tugamadi va koronavirus tarqalishi barcha davlatlarda nazorat ostiga olinmaguncha davom etadi. JSST bosh direktori barcha davlatlarni o‘z aholisining kamida 10 foizini sentyabrgacha, yil oxirigacha esa 30 foizini emlashga chaqirgan.

Avvalroq JSST dunyoda koronavirusdan o‘lim holatlari rasmiy statistikadan 2-3 marta ko‘pligi va 6-8 millionni tashkil qilishini ma'lum qilgan. Shuningdek, tashkilotda hozirgi pandemiya oxirgisi emasligi, dunyoda yangi xavfli virus paydo bo‘lishi mumkinligi ta'kidlab o‘tilgan.

Mavzuga oid