«O‘zbekistonda quruqlik portini yaratib MDH davlatlariga tovarlarni reeksport qilmoqchimiz» – Muxtor Umarov
Toshkentda «Tashkent International Business Hub» o‘z ishini boshladi. Unda Qirg‘izistondan kelgan yirik investor va tadbirkorlar ishtirok etmoqda. Biznes hab doirasida Iqtisodiyot Assambleyasi raisi Muxtor Umarov qo‘shni davlatlar bilan savdo platformasini va O‘zbekistonda quruqlik portini yaratish, Afg‘onistondan tabiiy qazilma boyliklarini olib kelib qayta ishlash borasida gapirdi.
Toshkentda Eksportchilar uyushmasi va biznesni rivojlantirish uyushmalari tomonidan tashkil etilgan «Tashkent International Business Hub» o‘z ishini boshladi, deya xabar berdi Kun.uz muxbiri.
Binzes habda Qirg‘izistondan kelgan yirik investor va biznesmenlar ishtirok etmoqda, ular o‘zbekistonlik tadbirkorlar va investorlar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazadi va shu yerning o‘zida shartnomalar imzolaydi.
Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarovga ko‘ra, bunday loyiha ilk marta pilot rejimida amalga oshirilmoqda va uning maqsadi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning o‘rtasida joylashgan davlat sifatida biznes markaziga aylantirishdir.
«Ushbu biznes hab bunday formatdagi ilk yig‘ilish. Asosiy maqsad kichik va o‘rta biznes kesimidagi tadbirkorlarning hamkorliklari uchun platforma yaratish. Mana shu platforma orqali ular bir-birlarini topadi, muzokaralar olib boradi, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun platforma yaratish asosiy maqsad.
Buni birinchi marta pilot usulida qilyapmiz. Ushbu yig‘ilishimiz muvaffaqiyatli bo‘lsa, kengaytirib, 5+1 yoki 6+1 formatida olib borishni rejalashtiryapmiz. Ya'ni MDH davlatlari – Turkiya, Afg‘oniston, Qozog‘istondan tadbirkorlarni chaqirib, O‘zbekistonda biznes hab yaratish. Kelajakda O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning o‘rtasida joylashgan davlat sifatida biznes markaziga aylantirish uchun harakat qilyapmiz. Bizda barcha imkoniyatlar bor. Ya'ni geografik joylashuvimiz o‘rtada, nafaqat O‘rta Osiyo balki Yevropa bilan Osiyoning kesishuv nuqtasida joylashganimiz uchun ham boshqa mamlakatlarga nisbatan ko‘proq imkoniyatlarimiz bor.
Maqsadimiz savdo hamkorlarimiz bilan savdo aylanamasini oshirish, ham investitsion oqimni yaratish, o‘zaro tajriba almashish va O‘zbekistonga ilm olib kelishdir, - dedi u.
Shuningdek, Umarovning ta'kidlashicha, kelajakda O‘zbekistonda erkin savdo hududlari va quruqlik porti yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
«Kelajakda O‘zbekistonda erkin savdo hududlarini yaratishni ko‘zlayapmiz. Bu borada yuqori turuvchi tashkilotlarga takliflarimizni kiritdik. Erkin savdo hududlarini yaratadigan bo‘lsak, biznes hab formatidagi uchrashuvlarimizda erkin savdoni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin. Dubay shahrini ko‘radigan bo‘lsak, u ham aynan shu. Dubaydan turib erkin savdoga yo‘l ochilgan. Singapur, Dubay, Istambul, Nyu-York kabi shaharlardan o‘rnak olgan holda, O‘zbekistonda quruqlik portini yaratmoqchimiz.
Quruqlik portini yaratib, bu yerdan Pokiston, Erondan keladigan yuklarni MDH davlatlariga re-eksport qilishda bizda geografik jihatdan imkoniyatlar mavjud.
Hozirda dengiz yo‘llari borgan sari aktualligini yo‘qotyapti. Chunki vaqt masalasi bor bunda. Pokistondan Rossiyaga mahsulotni dengiz orqali olib borish eng kamida 40 kunni oladi. Lekin temir yo‘l bilan olib boradigan bo‘lsa, bir haftada yetib boradi. Hozirda vaqt pul. Yuqori texnologiyali mahsulotlarni temir yo‘l orqali sotish aktuallashmoqda», - dedi Umarov.
Assambleya raisi O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston va O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lini ishga tushirish juda muhimligini ta'kidladi.
«O‘zbekiston-Rossiya savdo koridorini yaratishimiz dolzarb masala. Bu orqali O‘zbekiston iqtisodiyotini tez sur'atlarda o‘sishga olib kelishimiz mumkin.
O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘lini qurish ishlari boshlandi, 2024 yilga qadar ishlar yakunlanadi, degan umiddamiz. Biroq hali aniq ma'lumot yo‘q», - dedi u.
Muxtor Umarov Afg‘onistondan O‘zbekistonga mahsulot import qilish Afg‘onistonning barqaror rivojlanishida muhimligiga urg‘u berdi.
«Afg‘onistonga bizning eksportimiz tez sur'atda oshyapti, 2020 yilda 776 mln dollarni tashkil etdi, lekin Afg‘onistondan import bizga deyarli yo‘q. Afg‘oniston barqaror rivojlanishi uchun u yerdan biz importni ham yo‘lga qo‘yishimiz kerak. O‘zbekiston orqali tranzit yo‘llari bilan Afg‘oniston qazilma boyliklarini O‘zbekistonda qayta ishlagan holda uni Yevropa va Osiyo bozorlariga eksport qilishimiz mumkin. Afg‘onistondan talk toshini olib kelib, bu yerda qayta ishlab, uni Janubiy Koreya davlatiga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi», - ta'kidladi Umarov.
Biznes hab doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda investorlar oziq-ovqat mahsulotlariga qiziqayotgani ma'lum qilindi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
12:50 / 04.11.2024