Jamiyat | 10:00 / 26.05.2021
73627
13 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda murdasi topilgan o‘quvchi qiz o‘limidan oldin zo‘rlangani aytilmoqda. Prokuratura buni inkor etyapti

Qizning yaqinlariga ko‘ra, gumondorlardan biri marhumani zo‘rlaganini ko‘pchilik oldida tan olib aytgan. Voqea joyi – maktab qorovulxonasi shubhali tarzda ta'mirlab qo‘yilgan, u yerdan olingan ashyoviy dalillar yo‘qotilgan bo‘lishi mumkin.

12 may kuni Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidan oqib o‘tuvchi kanaldan 17 yoshli qizning jasadi topilgan edi.

Bu haqda Kun.uz e'lon qilgan dastlabki xabarda, tumandagi 45-maktabda o‘qigan qizning yaqinlari u o‘limidan oldin qishloqdosh to‘rt yigit tomonidan nomusi toptalgan bo‘lishi mumkinligini aytgani ma'lum qilingandi.

Kun.uz muxbirlari holatni o‘rganish maqsadida Past Darg‘om tumanida bo‘ldi.

Marhumaning onasi Xadicha Hayitova 2021 yilning 11 mayida, sahar vaqti qizi yo‘qolib qolganini aytmoqda. Buvisi bilan bir xonada tunab kelgan Sevinchning uyda yo‘qligini bilgach, oila a'zolari uni qishloq bo‘ylab izlashga kirishadi. Ko‘p o‘tmay Sevinch ishlatib kelgan qo‘l telefoni va uning oyoq kiyimi qishloq chetidagi anhor bo‘yidan topiladi.

Telefondagi kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlari ko‘zdan kechirilganda, sahar vaqtida begona raqamdan unga qo‘ng‘iroq bo‘lgani aniqlanadi.

O‘sha raqamga qo‘ng‘iroq qilinganda, shu mahallada yashovchi O. ismli yigit ekani ma'lum bo‘ladi. O‘sha yigit qizning yaqinlariga yarim tunda 45-umumta'lim maktabining oldida Sevinch to‘rt nafar qishloqdosh yigitlar ta'qibidan qochayotganini ko‘rganini aytgan.

O.ning so‘zlariga ko‘ra, u qizni ta'qib qilayotgan yigitlarni to‘xtatib, so‘roqqa tutgan; shundan so‘ng yigitlar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan qizning qayerdaligini topish maqsadida uning telefonidan foydalanib, Sevinchning qo‘lidagi telefonga qo‘ng‘iroq qilishgan.

Vaziyat jiddiy tus ola boshlaganini bilgach, qattiq tashvishga tushgan yaqinlari sahar vaqtida qizni tahqirlashga uringan yigitlarni topishgan. Sevinchning qarindoshi Bahodir Mahmudov qizning yo‘qolishida gumon qilingan yigitlar mahalla binosi va maktab hovlisida so‘roqqa tutilganini aytdi.

«Chandir» MFY binosida jiyanimizning yo‘qolishidan oldin uni ta'qib qilgan yigitlar va o‘sha voqeaga guvoh bo‘lgan O.H. hamda profilaktika inspektori ishtirokida suhbatlashildi. Gumondor yigitlar avvaliga tan olishmadi. Ulardan ikki nafarini chetga olib suhbatlashdim, haqiqatni aytinglar, hech kimga zarar yetmaydi, dedim. Shundan so‘ng Sh. (45-maktabning 10-sinf o‘quvchisi) maktabga boraylik, hamma gapni o‘sha yerda aytaman, dedi. Maktabga bordik, Sh. haqiqatan ham jiyanimni zo‘rlagani va bu voqea maktab qorovulxonasida sodir bo‘lganini aytib berdi.

Qorovulxonani ko‘zdan kechirganimizda, qon izlari yuqib qolgan oq mato bor edi. Bundan tashqari, devorda barmoq izlari va tirnalgan joylarni ko‘rdik. Sh. aynan «shu xonaga qizni olib keldim va zo‘rladim», dedi. Shundan so‘ng profilaktika inspektori qon dog‘lari tekkan matoni paketga soldi.

Sh. qizning nomusiga tekkanini bir necha marta tan oldi. U iqror bo‘lgan vaqtda mahalla raisi, profilaktika inspektori, maktab direktori, bir qancha o‘qituvchilar, o‘ttizga yaqin odam bor edi», – dedi Bahodir Mahmudov.

Biz 45-umumta'lim maktabida ham bo‘ldik. Maktab direktori Klara Ro‘zinazarova maktabda uch nafar qorovul ishlashini, aynan o‘sha kechada navbatchilikda bo‘lgan Gulmira Temirova qizining mazasi bo‘lmagani uchun shifokorga olib borganini ma'lum qildi. Demak, 11 may kuni sahar vaqtida maktabda qorovul bo‘lmagan.

Ro‘zinazarova o‘quvchi qizning maktabda yurish-turishi, o‘zini tutishi yaxshi, namunali bo‘lganini aytdi.

Biz ham voqea joyi – 45-maktab qorovulxonasini ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldik. Qizig‘i shundaki, o‘sha kechada qizning zo‘rlangani aytilayotgan qorovulxona 16 may kuni yangidan ta'mirlab qo‘yilibdi...

Shu bois qizning qarindoshi aytgan devordagi qo‘l va tirnoq izlarini ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. Aytish lozim, maktabning boshqa binolari ta'mirlanmagan, umuman, hali yozgi ta'mir ishlari maktablarda boshlangani ham yo‘q. Lekin aynan o‘sha joy – qorovulxonaning ta'mirlanib, devorlari darhol bo‘yab tashlangani taajjublanarli.

Afsuski, Sevinchning jasadi bir sutkadan so‘ng, 12 may kuni qishloq chetidan oqib o‘tuvchi kanaldan – oyoq kiyimi hamda telefoni qoldirilgan joydan taxminan bir kilometr quyiroqdan topildi. Qiz topilgan vaqtda uning ko‘zi ikki marta qattiq tugib bog‘langan, yuzi qontalash ekaniga guvoh bo‘lishgan.

Mayitni yuvgan Klara Hayitovaning aytishicha, qizning yelka qismida, labida ko‘karish, shish, jinsiy a'zolari qontalash va jarohat izlari bo‘lgan.

Past Darg‘om tumani prokuraturasi tergovchisi Lochin Nurmurotovning aytishicha, Sevinchning bedarak yo‘qolib, o‘lik holatda topilgani holati yuzasidan xizmat tekshiruvlari va sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Voqeaning bevosita guvohi yoki undan xabardor shaxslar doirasini aniqlash va ulardan tushuntirish olish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limi suvga cho‘kishdagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqani, Sevinchning qizlik pardasi butunligi, qizlik pardasini buzmasdan turib jinsiy aloqa qilishning imkonsizligini aytmoqda. Qolaversa, marhumaning jinsiy a'zolarida tan jarohatlari aniqlanmagani ham aytilmoqda.

Tergovchi hozircha jinoyat ishi qo‘zg‘atishga yetarlicha asoslar mavjud emasligini qo‘shimcha qilib, holat bo‘yicha Past Darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etayotgani, yakuniy qaror qabul qilinib, axborot berilishi haqida ma'lum qildi.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi esa bu borada hozircha jim.

Har qancha urinsak-da, maktab qorovulxonasidagi qonga belangan matoni olib ketgan profilaktika inspektorini topishning imkoni bo‘lmadi.

Surishtiruv davomida o‘sha mash'um kechada qizni ta'qib qilishayotganiga guvoh bo‘lgan yigit O. bilan telefon orqali suhbatlashdik.

«Soat tungi 3:20 larda 45-maktab yonidan o‘tib ketayotganimda, mendan bir necha metr naridan bir qiz yugurib o‘tdi. Uning orqasidan ikki yigit quvlab borardi. Biroz narida yana ikki kishini ko‘rdim va ularning yoniga yaqinlashib, nima qilishayotganini so‘radim. Shu atrofda yashashimni bildirdim, keyin ular o‘zlarini tanishtirdi. Yigitlarning bu xatti-harakatini ko‘rib, ularga tanbeh berdim. Agar biror gap bo‘lsa, ertaga baloga qolishlari mumkinligini aytib ogohlantirdim.

Sheriklaringga telefon qil, qizni uyiga olib boringlar, dedim. Qo‘llarida telefoni bo‘lmagani uchun mening telefonim orqali sheriklariga telefon qilishdi. Qizni quvib ketgan bolalar telefonni ko‘tarmagach, qizning raqamiga terishdi. Birozdan keyin qizni quvlab ketganlardan biri yonimizga kelib, qiz uyiga emas, ammasinikiga bormoqchi bo‘lganini aytdi. Shundan keyin hammamiz o‘z yo‘limizda davom etdik», – dedi guvoh yigit.

Ma'lum bo‘ladiki, sahar vaqtida aynan o‘sha maktab oldidagi yigitlar qizni quvib yurgan bo‘lgan, uning telefonidan Sevinchning qo‘lidagi telefonga qo‘ng‘iroq qilishgan. Shu sabab bo‘lib eng oxirgi qo‘ng‘iroq egasi bilan qizning yaqinlari bog‘langan va vaziyatdan xabardor bo‘lishgan.

Mana shu gaplar yuzaga chiqqani, qolaversa, ko‘pchilikning oldida gumondorlar qilmishiga iqror bo‘lgan bir holatda, huquq-tartibot idoralarining xatti-harakati, hech qanday nomusga tegish alomatlari hozircha yo‘qligini aytayotgani qizning yaqinlarini tashvishga solmoqda. Ko‘ngillaridagi gumon va shubhalarni ko‘paytirmoqda.

Qizni yarim tunda quvlab yurgan yigitlarni ko‘rgan, suhbatlashgan, ogohlantirgan guvoh bor. Bu holat o‘nlab odamlar guvohligida muhokama ham qilingan.

Qizig‘i, marhumaning yaqinlariga ko‘ra, gumon qilinayotgan yigit 30ga yaqin odamning oldida qiz bilan jinsiy aloqa qilganini tan olgan.

Maktab qorovulxonasidagi qonga belangan matoni olib ketgan profilaktika inspektori qayerda? Nega voqea joyi deya e'tirof etilayotgan xonadan olingan ashyoviy dalillar haqida lom-mim deyilmayapti?

Harqalay, hozircha bular haqida na prokuratura, na IIB biror tayinli gap aytgani yo‘q. Go‘yoki bu jarayonda faqat qizning o‘limi bor va ungacha bo‘lgan holat qorong‘i. Hech kimga ko‘rinmayapti...

Guvohi bo‘lganimiz shuki, vaziyat jiddiy. Marhumaning o‘limidan oldin zo‘ravonlikka uchragani haqida ma'lumotlar yetarlicha bor. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlarning beparvoligi jamoatchilikni tashvishga solmoqda.

Yaqin o‘tmishga qaytadigan bo‘lsak, muqarrar jinoyat holatlari yashirib kelingani, ammo keng jamoatchilikning e'tirozlaridan so‘ng ko‘plab holatlar fosh bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.

Masalan, xonanda Jasur Umirovning bir guruh shaxslar bilan voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkani holati ekspertiza xulosalari tasdiqlab turgan bo‘lishiga qaramay, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB xodimlari tomonidan yashirib kelingandi.

Hodisa OAV va jamoatchilik e'tiboriga tushgandan so‘ng xonanda va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan ularga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kattaqo‘rg‘ondagi jinoyat bilan deyarli bir vaqtda Toshkent viloyatida sodir etilgan 14 yoshli qizning nomusiga tegish jinoyati hamon ochilmay qolmoqda. Qizning ota-onasi 2020 yil sentyabr oyida O‘rta Chirchiq tuman IIBga murojaat qilgach, oradan yarim yil o‘tganiga qaramay, jinoyatchilarga nisbatan haligacha hech qanday chora ko‘rilmagan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Quva tumanida kollejning 3-kursida o‘qiyotgan 19 yoshli qiz o‘g‘irlab ketilgani va bir oy davomida uch kishi tomonidan muntazam zo‘rlab kelingani aytilmoqda. IIB bu murojaatni o‘rganib chiqib, bunda jinoyat alomati yo‘q deya jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgandi.

Termizda maktab o‘quvchisining nomusiga tegilgani bosti-bosti qilib kelingan. Masala senatorning nazoratiga olinganidan so‘nggina holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Umid qilamizki, ma'suma Sevinchning o‘limi hodisasi Senat yoki boshqa idoraning aralashuvisiz ham jiddiy taftish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz saytida hodisa haqida dastlabki xabar e'lon qilingach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Xayotbek Shamsutdinov masala yuzasidan rasmiy bayonot bergandi.

“Hozirda mazkur holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv hujjatlari Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar yuzasidan yozma ko‘rsatma berilgan. Shu bilan birga, 2021 yil 17 may kuni Bosh prokuratura mas'ul xodimlari tomonidan marhumaning otasi va ukasi qabul qilinib, tergovga qadar tekshiruv harakatlarining borishi yuzasidan tushuntirish berilgan. Tekshiruvning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan” deyilgandi bayonotda.

Kun.uz bu holat bilan bog‘liq voqealarni kuzatishda davom etadi.

Kun.uz muxbirlari –
Isomiddin Po‘latov,
Anvar Mustafoqulov.

Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid