Prezident hokimlarga banklardan olingan qarzlarni qaytarish bo‘yicha qat'iy topshiriq berdi
Kommunal shirkatlarning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi 1,4 trillion so‘mdan oshib ketgan. Davlat rahbari banklardan olingan bu kreditlar qaytarilishini ta'minlashni buyurdi. «Har bir hokim bu masala uchun boshi bilan javob beradi», dedi u.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 may kuni ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash mavzusida videoselektor chaqirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Davlat rahbariga ko‘ra, so‘nggi 3 yilda ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshgan, lekin shirkatlarning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi 1,4 trillion so‘mga yetgan.
«Joriy yilda ishga tushirilgan «Shaffof qurilish» tizimi orqali pudratchilarni ochiq-oshkora tanlab olish natijasida, bir oyning o‘zida investitsiya dasturlari doirasida 400 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar iqtisod qilindi. Umuman, qurilishda korrupsiyani yo‘qotsak, natijamiz butunlay boshqacha bo‘ladi.
Kun tartibidagi asosiy masala – so‘nggi 3 yilda umumiy maydoni 41 million kvadrat metrli 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, ko‘p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshdi. Yangi uy-joylar va zamonaviy massivlar sonining oshishi bilan, ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishning dolzarbligi ortib bormoqda.
O‘tkazilgan so‘rovlarda 35 foiz aholi ko‘p-qavatli uy-joylarga ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mutlaqo norozi, 65 foiz aholi shirkatlar ishini amalda sezmayapti.
Shuningdek, shirkatlarning muddati o‘tgan kreditorlik qarzi 1,4 trillion so‘mdan ortib (shundan 277 milliard so‘mi muammoli kredit), 950 tasining (25 foiz) moliyaviy holati o‘ta og‘ir ahvolda.
Bankdan balandparvoz gaplar bilan pul olishni o‘rgandik, endi qaytarishni ham o‘rganaylik. Har bir hokim bu masala uchun boshi bilan javob beradi. 1,4 trln ham qaytsa, o‘sha hududning o‘zida qoldiramiz, Toshkentga olib kelmaymiz.
Qariyb 70 foiz shirkatlarning kredit muddatlari hattoki 3-4 martadan uzaytirib berilgani bilan ushbu imtiyoz berilgan kreditlarning 52 foizi so‘ndirilmayapti.
Muammoli kreditlarning asosiy qismi Toshkent shahri (90 milliard so‘m), Andijon (35 milliard so‘m), Toshkent viloyati (28 milliard so‘m), Farg‘ona (27 milliard so‘m), Surxondaryo (26 milliard so‘m) va Samarqandga (22 milliard so‘m) to‘g‘ri keladi», – prezident so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
16:16 / 24.12.2024
O‘zbekiston va Ozarboyjon prezidentlari telefon orqali suhbatlashdi
09:27 / 24.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyuradi
20:43 / 23.12.2024
Qoraqalpog‘istonda qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizmni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etiladi
13:58 / 20.12.2024