O‘zbekiston | 07:14 / 28.05.2021
3754
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi o‘rinbosari ikki kunda 142 ta murojaat qabul qildi

Navoiy viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Islomov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan sud-huquq sohasidagi sayyor qabullar davom etmoqda. 26, 27-may kunlari Zarafshon shahri, Qiziltepa va Navbahor tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabullarda Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov tomonidan 142 ta murojaat qabul qilindi.

Qabul qilingan murojaatlarning 106 tasi jinoyat, 31 tasi fuqarolik, 3 tasi ma'muriy, 2 tasi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarga taalluqli.  

Navoiy viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi konsultanti Aziza Ro‘ziyevaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, jarayonda 142 ta murojaatdan 72 tasi joyida hal etilgan va 51 tasi bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan. 19 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi, ushbu murojaatlarning barchasi qanoatlantirilib, tegishli sudlov hay'atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi.

Ta'kidlanishicha, sayyor qabullarda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar va tuman sudlari tomonidan jami 55 nafar mahkum jazoni o‘tash muddatidan oldin shartli ozod qilingan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan esa 39 nafar shaxsga nisbatan aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarilib, ijroga qaratilgan. 16 nafar shaxsga nisbatan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash bo‘yicha arizasi qanoatlantirilgan.

Shuningdek, iqtisodiy sudlar tomonidan 32 ta ish sud majlislarida ko‘rilib, tadbirkor (da'vogar)lar foydasiga jami 1 milliard 626 million so‘mdan ortiq da'vo talablari qanoatlantirilgan.

Sayyor qabul bugun Karmana tumanidagi «Oftobjon» bolalar oromgohida Navoiy shahri va Karmana tumani aholisi uchun bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid