Jamiyat | 18:28 / 28.05.2021
13942
11 daqiqa o‘qiladi

«Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonunning mantiqsizliklarini sanashda davom etamiz: huquqbuzarliklar uchun sanksiyalar huquq tizimimiz uchun nonsens

Reklama sohasidagi huquqbuzarliklar uchun MJtKda ma'muriy jarimalar mavjud bo‘lgani holda «Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonunda ham ushbu huquqbuzarliklar uchun alohida jarimalar belgilanishi kutilmoqda. Huquq sohasi bilimdonlari buni mantiqsizlik, deb hisoblashmoqda.

Yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda deputatlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi. Ammo qonun loyihasidagi ayrim cheklovlar jamoatchilik tomonidan salbiy qabul qilindi.

Shuningdek, ushbu qonunning yana bir jihatiga ham savollar bisyor.

Xususan, qonun loyihasining 46-moddasida reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu huquqbuzarliklar uchun aybdorlarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishi ko‘rsatilgan.

Jumladan, ushbu moddada reklama faoliyati sub'yektlari hisoblanuvchi yuridik shaxslarga quyidagi hollarda va miqdorda moliyaviy sanksiya qo‘llanilishi taklif etilmoqda:

  • ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi yoki reklama qilish taqiqlangan mahsulotlar to‘g‘risida reklama tarqatganlik uchun – BHMning 100 baravari (24 mln 500 ming so‘m);
  • noto‘g‘ri, axloqsiz, qiyosiy yoki yashirin reklama berganlik, shuningdek, aksilreklama berishdan bosh tortganlik uchun – BHMning 70 baravari (17 mln 150 ming so‘m);
  • energetik ichimliklar, alkogolli ichimliklar, tamaki va nikotinli mahsulotlar, chilim va elektron sigaretalar, pirotexnika, qurol va harbiy buyumlar reklamasiga qo‘yilgan talablarni, shuningdek, tashqi reklamani joylashtirish tartibini buzganlik uchun – BHMning 50 baravari (12 mln 250 ming so‘m);
  • dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari, shuningdek, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasi hamda voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq reklamaga qo‘yilgan talablarni buzganlik uchun – BHMning 30 baravari (7 mln 350 ming so‘m).

Moddaning davomida moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash sud tomonidan, ularning aybdorligi tan olingan va sanksiya ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda vakolatli organ tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Qonunda aybdor yuridik shaxslarga javobgarlik belgilashning nimasi yomon, deyish mumkin. Biroq, xuddi shunday huquqbuzarliklar uchun ma'muriy javobgarlik ham o‘rnatilgan bo‘lsa-chi?

MJtK 178-1-moddasida reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik mavjud.

Xususan, ushbu moddada fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan:

  • noto‘g‘ri reklama berganlik;
  • tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilmaganlik;
  • aksilreklama berishdan bosh tortganlik;
  • reklama qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilganlik uchun BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima jazosi nazarda tutilgan.

Ko‘rib turganingizdek, qonun loyihasining 46-moddasida MJtK 178-1-moddasidagi huquqbuzarliklarning deyarli barchasi tilga olingan.

Aynan bir huquqbuzarlik uchun 2 marta javobgarlikka tortish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 8-moddasida odillik prinsipi haqida so‘z yuritilgan bo‘lib, unda hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emasligi ta'kidlanadi. Ushbu prinsip MJtKning 3-moddasida ham tilga olingan. Ya'ni hech kim bitta ma'muriy huquqbuzarlik uchun 2 marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Garchi loyihada moliyaviy sanksiya faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanishi aytilgan bo‘lsa-da, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish jismoniy shaxslar tomonidan ham sodir etilishi mumkin. Bunda ushbu turdagi huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortishda 2 xil standart shakllanib qolmaydimi? Ya'ni agar jismoniy shaxs huquqbuzarlik qilsa, unga ma'muriy javobgarlik qo‘llanib, huquqbuzarlik yuridik shaxs tomonidan sodir etilsa, uni ham moliyaviy sanksiyaga tortib, ham mansabdor shaxsini ma'muriy javobgarlikka tortish qanchalik adolatdan bo‘ladi? Bu bitta huquqbuzarlik uchun bitta cho‘ntakni ikki marta “qoqish” bo‘lib qolmaydimi?

Har bir tashkilot o‘ziga vakolati berilgan soha bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, unga yangi-yangi javobgarliklarni kiritaversa va Oliy Majlis uni shu holida qabul qilaversa, ertaga qonunlarimizda turlicha javobgarliklar va ular uchun jazolar belgilanishiday noxush tendensiya shakllanib qolmasligiga kim kafolat bera oladi?

Agar deputatlarimiz shuni to‘g‘ri deb hisoblashsa, marhamat, iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun MJtK va JKda ma'muriy va jinoiy javobgarliklar nazarda tutilgan bo‘lsa-da, “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga xuddi shu turdagi huquqbuzarliklar uchun aniq miqdorlarda moliyaviy sanksiyalar ham belgilaylik. Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarliklar mavjud bo‘lsa-da, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunda ham xuddi shu huquqbuzarlik uchun yangicha turdagi javobgarlik kashf qilaylik.

Sohaviy qonunlar aslida muayyan sohadagi ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish maqsadida ishlab chiqiladi. Ushbu qonunlar jazolovchi xarakterda bo‘lmaydi. Ularda nari borsa, qaysi harakatlar qonunga zid ekani va ushbu harakatlar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘lishi aytiladi xolos.

Sohaviy qonunlar “bolta ko‘targan” qonunlar hisoblanmaydi, ya'ni ular jazolarni o‘zida ifoda etmaydi. Sohaviy qonunlarni buzganlik uchun jazolar o‘sha qonunlarning o‘zida emas, balki MJtK yoki JK kabi sanoqli maxsus qonunlardagina aks etadi.

Razzoq Altiyev

Ushbu masalada yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Razzoq Altiyevning fikrlari bilan qiziqdik.

Bu bizning romano-german huquq tizimimiz uchun nonsens. Bu anglo-sakson huquq tizimining elementi hisoblanadi, ya'ni ushbu huquq tizimida bitta qonunning o‘zida ham tartibga soluvchi ham imperativ normalar (sanksiyalar) aks etadi.

Qonunlarimizga bunday normalarning kiritilayotgani anglo-sakson huquq tizimi elementlarining bizning huquq tizimimizga aralashib ketayotganini ifodalaydi. Fikrimcha, bu odillik prinsipiga zarba berish hisoblanadi. Aytaylik, men yuridik shaxs tuzib, o‘zim uning ishlarini yuritib tadbirkorlik qilyapman. Ushbu holatda, tabiiyki, firmaning zarari mening ham zararim hisoblanadi. Kunlardan bir kuni men reklama sohasida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ydim. Shunda bitta qilmish uchun meni mansabdor shaxs sifatida ma'muriy jarimaga tortishadi va firmamni ham qonun bo‘yicha jarimaga ro‘para qilishadi. Bu noto‘g‘ri yondashuv.

Bu yerda (qonun loyihasida) “reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi” degan jumla bilan kifoyalanish kerak edi” – deydi Razzoq Altiyev.

Huquqshunos Nuriddin Murodov ham mazkur masalada o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Nuriddin Murodov

N.Murodovga ko‘ra, ushbu loyihani tayyorlagan tashabbuskor tashkilot qonun loyihasini tayyorlashning yuridik texnikasi, qonun normalarini talqin etishdagi umumiy asoslarni va amaldagi qonunlarda yuridik maqom berilgan ayrim tushunchalarni qo‘llashga doir talablarni e'tiborga olmay quyidagi xatolarga yo‘l qo‘ygan:

1. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga asosan “Jarima” ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishda aybdor shaxsdan davlat hisobiga pul undirishdir. Jarima miqdori ushbu Kodeks 25-moddasiga asosan belgilanadi.

2. Moliyaviy sanksiya – shunday huquqiy ta'sir chorasiki, u soliq qonunchiligi buzilgan holatda sud tomonidan qo‘llaniladi.

“Jarima O‘zbekiston Respublikasi MJTK hamda JKda nazarda tutilgan hollarda va tartibda qo‘llanilsa, moliyaviy sanksiya O‘zbekiston Respublikasi IPK asosan iqtisodiy sudlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sub'yektlariga soliq qonunchiligini buzgan holatlarda qo‘llaydigan huquqiy ta'sir chorasidir.

Demak, ushbu taklif birinchidan, bir huquqbuzarlik doirasida ikki xil jazo turini taklif qilayotganligi bilan noto‘g‘ri bo‘lsa, ikkinchidan, mazkur taklifning jarimaga oid qismi esa, O‘zbekiston Respublikasi MJtK 178-1-moddasi doirasiga kiritilmasdan noto‘g‘ri yo‘ldan ketilgani bilan izohlanadi.

Shuningdek, jarimani (sanksiyani) kuchaytirish uchun asos yetarli bo‘lishi, bu boradagi ko‘rilayotgan zarar yoki ziyon miqdori asoslanishi hamda tadbirkorlar manfaati ham e'tiborga olinishi, reklamaga daxldor tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga nisbatan tirnoq orasidan kir qidirmaslik, ular faoliyatiga hech bir tarzda zarar yetkazib qo‘ymaslik, to‘siq bo‘lmaslik kabi masalalar ham e'tiborga olinishi muhimdir” – deydi huquqshunos.

Toshkent davlat yuridik universiteti Xususiy huquq fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori Baxshillo Xodjayev ushbu masalada quyidagicha fikr bildirdi:

Baxshillo Xodjayev

“Ushbu qonun loyihasiga sanksiyalarning kiritilishi ikkita muhim huquqiy prinsipga zid hisoblanadi. Birinchi prinsip – bu odillik prinsipi. Ya'ni bitta huquqbuzarlik uchun faqat bitta javobgarlik qo‘llanishi kerak. Ikkinchisi, aynan reklamaga taalluqli maxsus huquqiy prinsip hisoblanib, “free commercial speech doctrine” (“tadbirkorning erkin nutqi doktrinasi”) deb ataladi. Bu doktrinaga ko‘ra, tadbirkor tijorat nutqida erkin hisoblanadi.

Shu o‘rinda moliyaviy sanksiyalarga ham to‘xtalib o‘tsak. Moliyaviy sanksiyalar soliq qonunchiligida qo‘llanilishi kerak. Chunki, soliq to‘lash tadbirkorning burchi hisoblanadi va buni ixtiyoriy ravishda bajarmasa, davlat sanksiya qo‘llashga majbur bo‘ladi. Reklama esa tadbirkorning erkin faoliyati hisoblanadi. Shuning uchun ham reklama sohasida yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash maqsadga muvofiq emas”.

Ko‘rib turganingizdek, huquq sohasi bilimdonlari ham qonunda moliyaviy sanksiyalar aks etishini yoqlamayapti. Shuncha nuqsonlari bor qonun deputatlarning birinchi o‘qishidan qanday qilib o‘tib ketgani esa alohida muhokama mavzusi hisoblanadi.

Abbos Salaydinov
huquqshunos

Mavzuga oid