«Chelsi» - Yevropaning eng yaxshi jamoasi. Gvardiola esa yana o‘zi barchasini barbod qildi
«Manchester Siti» Chempionlar ligasi finalida «Chelsi»ga yutqazdi (0:1). Barchasini «shaharliklar» bosh murabbiyining xatosi hal qildi.
Chempionlar ligasi. Final
«Manchester Siti» — «Chelsi» — 0:1 (0:1)
Gol: Havers, 43.
«Manchester Siti»: Ederson, Uoker, Stouns, Zinchenko, Ruben Diash, Gundo‘g‘an, De Bryuyne (Gabriel Jyezus, 60), Foden, Sterling (Aguero, 77), Mahrez, Bernardu Silva (Fernandinyu, 64).
«Chelsi»: E.Mendi, Tiagu Silva (Kristensen, 39), Aspilikueta, Ryudiger, Chiluell, Jyeyms, Jorjinyu, Kante, Havers, Maunt (Kovachich, 80), Verner (Pulishich, 66).
Ogohlantirishlar: Gundo‘g‘an, 34. Ryudiger, 57. Gabriel Jyezus, 88.
Hakam: Mateu Laos (Ispaniya).
29 may. Portu. «Dragau» stadioni.
Oddiy murabbiylar oddiy xatolarga yo‘l qo‘yishadi, Pep Gvardiolaga esa aqllilik balosi xalal beradi.
2017 yilda «Manchester Siti» yangi bosh murabbiyi bilan ilk bora Chempionlar ligasini erta yakunlagandi — 1/8 finalda jamoa «Monako»ga ikki bahs natijasiga ko‘ra yutqazgandi. O‘shanda ham Gvardiolaga javob uchrashuvida tushirgan tarkibi uchun jiddiy e'tirozlar bildirilgandi. Birinchi o‘yinda «Siti» 5:3 hisobida g‘alaba qozongan, ikkinchi o‘yinda murabbiy tayanch zonasiga birgina Fernandinoni tushirgan, oldingi chiziqda birato‘la besh nafar hujumkor futbolchi o‘ynagandi — Sterling, De Bryuyne, Aguero, David Silva va Sane.
2018 yilda «Manchester Siti» chorak finalda «Liverpul»ga yutqazadi. Barchasi birinchi o‘yindayoq hal bo‘lgan, qizillar o‘shanda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. O‘shanda Gvardiola tezkor Salohga qarshi markaziy himoyachi Lyaportani chap qanotga o‘tkazgan, Sterling o‘rniga asosiy tarkibda Gundo‘g‘an o‘ynagandi.
2019 yilda «Siti» dramatik tarzda kechgan chorak finalda «Totenhem»ga imkoniyatni boy bergan. Birinchi o‘yinda Pep negadir 89-daqiqagacha De Bryuyneni ham, Saneni ham maydonga tushirmagan, natijada «shporlar» g‘alaba qozongandi.
2020 yilda «shaharliklar» yana chorak finalda «Lion» bilan to‘qnashadi. Pandemiya tufayli bir uchrashuvdan iborat bo‘lgan bu bosqichda yangicha hech narsa o‘ylab topishga hojat yo‘q edi — «Siti» shunchaki kuchli edi. Ammo Gvardiola kutilmaganda 3 markaziy himoyachidan iborat sxemani tanlaydi, holbuki jamoa butun mavsum davomida to‘rt himoyachi bilan o‘ynab kelgandi. «Siti» yutqazadi — 1:3.
2021 yilda, Gvardiola, nihoyat donolik qilishni to‘xtatgandi. Chorakfinalda Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi (2:1, 2:1) ham, yarim finalda «PSJ»ga qarshi o‘yinda (2:1, 2:0) ham jamoa odatiy o‘yinidan voz kechgani yo‘q. Aldamchi «to‘qqizlik» vazifasidagi De Bryuyne — zamonaviy «Siti» ramzi, velosipedni qayta ixtiro qilishning hojati yo‘q.
Ammo Gvardiola bu safar finalda aqllilik qildi. «Siti» to‘rt yil avvalgi 1/8 finalda «Monako»ga qarshi o‘yinda qilingan xatoni takrorladi. Yana hujum chizig‘ida futbolchilar to‘planib qolib, tayanch hududida birgina futbolchi qolib ketdi. Qolaversa, bu pozitsiyada mavsum davomida ishonchli o‘yin ko‘rsatgan Rodri yoki tajribali Fernandino emas, balki hujum chizig‘ida o‘ynashga odatlangan Gundo‘g‘an tushirildi. Hujumning chap qanotida mavsum oxirini zaxirada o‘tkazgan Sterling harakat qildi, Foden esa kutilmaganda o‘ng qanotda o‘ynadi, de Bryuyne hujum markaziga qo‘yildi.
Vaziyatlar faqat xatolar va qarshi hujumlardan keyin
Ikki jamoada ham raqib xatolari tufayli qarshi hujumlarda xavfli vaziyatlar yuzaga keldi.
O‘yinning ilk dekadasida, 8-daqiqada Ederson uzun pas bilan Sterlingni deyarli birga bir vaziyatga chiqardi, ammo Rahim to‘pni o‘ziga yaxshi bo‘ysundira olmadi va Jyeyms unga yetib olib, vaziyat yo‘qqa chiqishini ta'minladi.
10-daqiqada Stounz qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, Maunt va Havers tezkor harakat qilishdi, to‘p qulay vaziyatda turgan Vernerga yetib bordi, ammo uning chap oyoqda bergan zarbasi o‘ng oyog‘iga tegib qaytdi. «Siti» esa raqib futbolchilari oldinda qolib ketganidan foydalanib qarshi hujum uyushtirdi, Sterling darvozaning uzoq burchagi tomon yetib kelgan Mahrezni topdi, ammo so‘nggi lahzada Chilluell vaziyatni o‘qidi va to‘pni chiqarib yuborishga ulgurdi.
Bir necha daqiqa o‘tib «Chelsi» yana to‘p olib qo‘yilgach tezkor qarshi hujum uyushtirdi va Havers yana Vernerni zarba berish nuqtasiga chiqardi. Bu safar Timo oyog‘ini tepib olmadi, ammo uning kuchsiz zarbasi to‘g‘ri darvozabonning qo‘llariga bordi. Biroz o‘tib vaziyat yana takrorlandi, londonliklar yana to‘pni egallab olishdi, ikki pasdan keyin to‘p yana Vernerga yetib bordi, uning zarbasi bu safar darvoza to‘riga tashqi tomondan tegdi.
Birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Siti» son jihatdan ko‘pchilik bo‘lib qarshi hujumga chiqdi, de Bryuyne Fodenni to‘p bilan raqib jarima maydoniga yo‘naltirdi, ammo yosh ingliz futbolchisining zarbasini o‘z vaqtida Ryudiger to‘sib qoldi. Biroz o‘tib Uoker Chilluellni dog‘da qoldirgan holda o‘ng qanotdan darvozabon hududiga to‘pni uzatdi, ammo Mahrez to‘pga bir necha santimetr yeta olmadi.
Pepning boshlang‘ich tarkib uchun tanlovi finalning muhim voqeasi bo‘ldi. O‘yinda yaqqol golli vaziyatlar juda kam bo‘ldi, o‘yin taqdirini bir epizod hal qildi — Mendi uzun pas bilan hujumni boshlab berdi, keyin Mauntning manchesterliklar himoyasini kesib o‘tgan zargarona pasi va yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Haversning goli.
Buning barchasiga yetti soniya ketdi. Bu uzatma aynan bo‘shab qolgan tayanch zonasi bo‘ylab o‘tdi. Albatta, bu o‘rinda Vernerning harakatini ham e'tirof etish kerak, u APLning mavsumdagi eng yaxshi himoyachisi Ruben Diashni o‘zi bilan chap qanot tomon olib ketdi. Ammo bu golning asl sababini «Manchester Siti» tarkibida pas yo‘nalishini yopishi kerak bo‘lgan tayanch yarimhimoyachisi bo‘lmaganidan qidirish kerak.
🎥 Chelsea's first goal by Havertz#UCLfinal I #Chelsea #UCL pic.twitter.com/ulQFji37A9
— Imanović (@eman3adil) May 29, 2021
Ehtimol Gundo‘g‘an Fernandino va Rodridan ko‘ra tezroqdir, ammo u to‘pni kerakli joyga to‘g‘ri yetkazib berishda no‘noqroq edi, tayanch yarimhimoyachisi esa bunday bo‘lmaydi. Shu tufayli «Siti»ga hujumlarni rejalashtirish yetishmadi.
Bryuynening jarohati ikkinchi bo‘lim qanday kechishini belgilab berdi
Ikkinchi bo‘lim boshlanishidan de Bryuynening Ryudiger bilan to‘qnashuviga qadar 10 daqiqa vaqt o‘tdi. Gvardiolaning bu holatdan keyingi rejasi tayin edi - to‘pga egalik qilish va uni raqib hududida olib yurish, ammo raqibning kuchli pressingi tufayli buning amalga oshishi qiyin edi. Yana bir necha daqiqa «shaharliklar» yetakchisiga maydonda yordam ko‘rsatish uchun ketdi va u 60-daqiqada almashtirildi.
Bu holat o‘yinning keyingi rivojini belgilab berdi. «Chelsi» uchun qulay vaziyat edi: hisobdagi ustunlik va qarshi hujumlarni poylash. «Siti» eng ijodkor futbolchisiz qoldi, ammo gol urish zarurati.
De Bryuyne ketishidan bir necha daqiqa o‘tib Gvardiola Bernarduni maydondan oldi va Fernandinoni tushirdi. Ammo kech edi. Kevinsiz jamoa oddiylashib qolgandi va o‘yinning oxirgi qismida jamoa faqat qanotlardan manzilsiz to‘p uzatishga o‘tdi. Belgiyalik yetakchi maydonda bo‘lganida u shoshilmasdan to‘pni to‘g‘ri yo‘nalish bo‘ylab yetkazib bera olgan bo‘lardi.
«Siti» o‘yinning 70-daqiqasiga qadar to‘pga egalik qilish bo‘yicha 65 foizlik ko‘rsatkich qayd etdi, 70-daqiqadan keyin esa 76 foiz. Ammo bu natijani o‘zgartira olmadi. «Chelsi» esa ikkinchi golni urishga juda yaqin keldi - Haversning pasidan keyin Pulishich yakkama-yakka vaziyatni aniq zarba bilan yakunlay olmadi.
«Siti»ga kreativlik yetishmadi, Foden bir necha marta to‘pni oldinga olib bordi, ammo himoya qo‘rg‘onidan o‘ta olmadi, Bryuynening o‘rniga tushgan Jyezusning harakatlari besamar ketdi, o‘yin yakuniga 15 daqiqa vaqt borligida Sterling o‘rniga tushirilgan Aguero esa hech narsa qila olmadi.
Jamoaga ritm, tayyorgarlik va sovuqqonlik yetishmadi. Gvardiola uchun bu fojia edi. Unda, barcha buyuk murabbiylarda bo‘lgani kabi, heyterlarning butun bir armiyasi bor. Ular Pepning har bir xatosini katta xursandchilik bilan nishonlashadi va unga «kal sharlatan» deb laqab qo‘yishgan. Ispaniyalik murabbiy Chempionlar ligasida Messi, Xavi va Inestasiz g‘olib bo‘la olmasligiga ularning ishonchi komil. Bu o‘yin Gvardiola uchun so‘nggi o‘n yildagi ilk YeChL finali edi. Bu ilk yutqazilgan final bo‘ldi.
Tuxel qanday tarkib tushirishi oldindan aniq edi. Faqat jarohatidan endi tiklangan Kante va Mendi o‘yinga qanchalik tayyorligi noma'lum edi. Qolgani odatiy 4-3-3 sxemasi va doimiy asosiy tarkib futbolchilari.
Shak-shubha yo‘q, «Chelsi» ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Tomas Tuxel qatorasiga ikkinchi mavsumda ham finalga chiqdi va bu safargi o‘yinga ideal darajada tayyorlandi. U ikki kuchli tayanch yarimhimoyachisi Kante va Jorjinoni boshlang‘ich tarkibda tushirdi, Haversni ilk daqiqalardan tushirib ham adashmadi — OAVda Pulishich boshlang‘ich tarkibda tushishi kerakligi haqida ko‘p yozishgandi.
«Chelsi»ning butun mudofaa chizig‘i bir tekisda harakat qildi. Chilluell va Ryudiger «Siti» futbolchilariga xavfli vaziyatlardan foydalanishga imkon berishmadi, ammo eng muhimi Mendi darvozasi oldida bunday vaziyatlar juda kam bo‘ldi. Axir raqib Angliya premer-ligasining eng sermahsul jamoasi edi, bu jamoa yevromavsumda biror o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagandi. Chilluell o‘z paslari bilan qarshi hujumlarga tezkorlik bag‘ishladi, Maunt esa dohiyona pas berdi, Kante raqiblarni yakkakurashlarda ilojsiz qoldirdi (uch yakkakurashda uch g‘alaba, ikki marta raqibdan to‘pni olib qo‘yish). Jyeyms Sterlingni «yeb qo‘ydi». Umuman, g‘oliblar safidagi barchani e'tirof etish mumkin.
«Siti» bu o‘yindagidan kuchliroq, sifatliroq o‘ynashi mumkin edi - jamoa finalga kelib nega o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsata olmagani murabbiylarga va futbolchilarga savol. «Chelsi» esa o‘z maksimumini namoyish etib, g‘olib chiqdi.
Tomas Tuxel ikki oy ichida «Siti»ni uch marta yengdi. Bungacha Angliya Kubogi yarim finalida (1:0) va APL o‘yinida (2:1) zafar quchilgandi. Bu o‘yinlarda Tuxel Gvardiola jamoasiga to‘p bermay o‘ynagandi. U endi elitar murabbiylar safida. Yaqindagina ushbu germaniyalik mutaxassisni yosh va istiqbolli murabbiy sifatida ko‘rishardi, hozir esa u naq Gvardiolani taslim qildi va uni orzusi ushalishidan mahrum etdi.
«Chelsi» Roman Abramovich davrida ikkinchi bor Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi. «Siti» hamon g‘alabasiz. Gvardiola hali Manchesterda ko‘p ish qilishi kerak.
Mavzuga oid
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
12:04 / 08.12.2024
«Siti» va «Barsa» yana ochko yo‘qotdi, Mbappe gol urishni boshladi
11:56 / 02.12.2024
Italiyada futbolchi hushidan ketdi, «Siti» yana yutqazdi. Kun o‘yinlari
11:38 / 27.11.2024