Jahon | 14:15 / 31.05.2021
19268
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi oilalarga uch nafar bola ko‘rishga ruxsat berildi

Xitoydagi har bir oila uch nafar bola ko‘rish huquqiga ega bo‘ladi. Xinhua agentligi xabar berishicha, Xitoy kommunistik partiyasi demografik siyosat bo‘yicha o‘zgarishlarni ma'qulladi.

Foto: Kevin Frayer/Getty Images

BBC nashrining qayd etishicha, bunday qaror aholi sonini qayta hisoblab chiqishdan keyin qabul qilingan, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020 yilda mamlakatda tug‘ilish avvalgi yilga nisbatan 30 foizga kamaygan. Qolaversa, aholi sonida keksalar ulushi ortib bormoqda.

Milliy statistika byurosining ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda 2019 yilda 14,65 million, 2018 yilda 15,23 million, 2017 yilda 17,23 million va 2016 yilda 17,86 million chaqaloq tug‘ilgandi. O‘tgan yil esa 12 million yaqin chaqaloq tug‘ilgan — bu 1960-yillardan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Xitoyda 1979 yildan, Mao Tsze Dunning o‘limidan uch yil o‘tib yangi rahbarlar tomonidan «bir oila — bir bola» siyosati olib borilgan. Bu qoidani buzgan ota-onalarga katta jarimalar va ishni yo‘qotish xavf solgan, ko‘p hollarda majburiy abort qilingan. Mamlakatda faqat milliy ozchilik vakillariga, shuningdek, qishloq joylarda istiqomat qiladigan va birinchi farzandi qiz bo‘lgan ko‘plab oilalarga bittadan ortiq bola orttirishga ruxsat berilardi.

Xitoy oilalarida qiz emas, o‘g‘il farzandli bo‘lishga e'tibor qaratildi. UZI orqali homila qiz ekanini bilgan ota-onalar abort qildirardi. 20 yil o‘tib bu gender disbalansiga olib keldi - o‘g‘illar uylanishi uchun qizlar topilmay qoldi.

Buning asosiy salbiy oqibati esa mehnatga layoqatli aholining qisqarishi yuzaga kelishi bo‘ldi.

2013 yilda hukumat ota-onadan biri o‘z oilasida yolg‘iz farzand bo‘lsa, bunday oilaga ikki farzandli bo‘lishga ruxsat beriladi. 2016 yildan esa barcha oilalar ikki nafar bola o‘stirishi mumkin bo‘ldi.

Xitoyda tug‘ilish koeffitsiyenti har ming kishiga 11tani tashkil etadi. Mamlakatda bu ko‘rsatkich 1980-yillardan buyon yildan yilga pasayib borgan. Ikki farzandga ruxsat berilishi ham bu trendni to‘xtata olmagan.

2020 yil yakunlariga ko‘ra Xitoy aholisi 1,4 milliard kishini tashkil etgan.

Mavzuga oid