O‘zbekiston | 20:41 / 02.06.2021
48356
9 daqiqa o‘qiladi

AQSh komissiyasi O‘zbekistondagi diniy erkinlikka oid vaziyat bo‘yicha hisobot e'lon qildi

Xalqaro tashkilotlar fikricha, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi jiddiy qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonda diniy erkinlikka rioya etilishi bo‘yicha 2020 yilgi kuzatuvlari xulosasini taqdim etdi.

Hisobot avvalida O‘zbekistonda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun yangilanayotganiga e'tibor qaratilgan.

Hukumat 2020 yil davomida xalqaro huquqshunos olimlar bilan din to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish masalasida maslahatlashuvlar o‘tkazdi, deyiladi hisobotda.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston rasmiylarining iltimosiga ko‘ra, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) va Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini o‘rganib chiqib, qo‘shma xulosa bergan.

Xulosada loyihadagi ayrim ijobiy yangiliklar e'tirof etilgan, biroq hukumat din va diniy erkinlik ustidan «qat'iy va keskin choralar ko‘rishi mumkinligi» belgilangani salbiy qarshi olingan.

«Qonun loyihasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga va YeXHT oldida inson huquqlari borasida olingan majburiyatlarga to‘la mos kelishi uchun jiddiy qayta ko‘rib chiqilishi kerak», – deya ta'kidlangan YeXHT va Venetsiya komissiyasining qo‘shma xulosasida.

Xalqaro tashkilotlar qonun loyihasida diniy faoliyat va diniy tashkilotlar majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ortiqcha talablar borligi, diniy materiallarga senzura saqlanib qolayotgani, davlat amaldorlarining diniy sohada haddan ziyod erkinligi va diniy tashkilotning avtonomiya huquqiga aralashuv borligini tanqid qilgan.

AQSh komissiyasi dokladida «taniqli huquq himoyachisi»ga iqtibos keltirilgan holda aytilishicha, yangi tahrirdagi qonun loyihasining amaldagi qonundan deyarli farqi yo‘q, chunki unda «hali-hamon davlat ruxsatisiz din erkinligini amalga oshirish taqiqlanadi, davlat ruxsatisiz diniy ta'lim berish man etiladi, hukumat din haqidagi barcha materiallarni senzura qiladi va diniga boshqalarni da'vat etish taqiqlanadi».

Kun.uz Senat matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri yuqori palataga kelib tushgan. Qonun hozirda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro diniy erkinlik masalalari bo‘yicha AQSh komissiyasi O‘zbekistonni yana maxsus ro‘yxatga qaytarishni tavsiya qilgandi.

Konstitutsiyaviy sud 666-sonli qaror ustidan berilgan shikoyatni rad etdi

AQSh komissiyasi hisobotida, shuningdek, 2020 yilda ham soqol va ro‘mol mavzusi aktual bo‘lib turgani, masjidlar va cherkovlar kabi diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish qiyinligi, Umra ziyoratiga borish uchun vakolatli qo‘mitalarga murojaat qilish kerakligi ham ta'kidlangan.

«Diniy e'tiqod erkinligi himoyachilari yil boshida ayrim maktablar va universitetlarga hijob o‘ragan qizlar kiritilmayotgani haqida xabarlar olinganini ma'lum qildi.

Avgustda advokat Abduvohid Yoqubov Konstitutsiyaviy sudga Vazirlar Mahkamasining 2018 yilda chiqarilgan qarorini bekor qilish to‘g‘risida da'vo arizasi kiritdi, o‘sha qarorda o‘quvchilar va talabalar «zamonaviy forma» kiyishi shartligi aytilgan edi, advokat bu qarorni konstitutsiyaga zid deb hisobladi. Maktablar va universitetlar ma'muriyati 2018 yilgi qarordan hijob o‘rashni taqiqlash uchun asos sifatida foydalandi. Konstitutsion sud 16 sentyabrda Yoqubovning arizasini asossiz deb hisoblab, rad etdi. Yoqubov sud qarori ustidan shikoyat qilmadi», – deyiladi dokladda.

Kuzatuvchilar O‘zbekistondagi aeroport va vokzallarda namozxonalar tashkil etilgani, avvalgi yillardan farqli ravishda ibodat marosimlarining davlat organlari tomonidan tasvirga olinishi holatlari haqida xabarlar kelib tushmaganini e'tirof etgan.

«Ekstremizm tushunchasining ta'rifi juda keng»

Hisobotda qayd etilishicha, faollar ekstremizm tushunchasiga qonunchilikda berilgan ta'rif juda kengligi, u zo‘ravonliksiz diniy e'tiqod va zo‘ravonlikni dastaklaydigan mafkuralar o‘rtasidagi tafovutni aniqlashga imkon bermasligidan xavotir bildirib keladi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining so‘zlariga ko‘ra, diniy ekstremizmda gumon qilinib qamoqqa tashlangan kishilarga jismoniy kuch ishlatib, shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari barham topmagan.

«Fevral oyida OAV tarqatgan xabarga ko‘ra, NNT vakillari Navoiy viloyatidagi axloq tuzatish koloniyasida qamoqda o‘tirgan diniy mahbus Amirbek Xo‘jayevga shafqatsiz munosabatda bo‘lingani yuzasidan Ombudsmanga shikoyat qilgan. Xo‘jayevning onasiga ko‘ra, uning o‘g‘lini yalang‘och yechintirishib, qo‘llarini boshi va bo‘yni orqasiga qo‘yib, kishan taqib, do‘pposlashgan.

Shuningdek, NNTlarning xabar qilishicha, mas'ul shaxslar mahbuslarni Ramazon oyida ro‘za tutishiga imkon bermay, og‘ziga ovqat tiqib, tahqirlagan», – deyiladi amerikalik kuzatuvchilar xulosasida.

Diniy mahbuslar

2020 yilda O‘zbekiston hukumati terroristik va ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullangani uchun sudlangan kishilarning umumiy soni yoki rasman taqiqlangan tashkilotlarga mansub va ayni chog‘da qamoq muddatini o‘tayotgan kishilar soni haqida ma'lumot bermagan.

Hukumat so‘nggi marta 2018 yilda yuqorida sanab o‘tilganidek turdagi jinoyatlar uchun 1503 nafar mahbus qamoqda o‘tirganini ma'lum qilgan. NNT vakillari bu raqam yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish imkonsizligini bildirgan.

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, 2020 yil davomida diniy sabablarga ko‘ra birorta ham fuqaro hibsga olmagan.

Yil davomida diniy-ekstremistik tashkilotlarga a'zolik yoki diniy ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun 38 kishiga nisbatan 18 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Taqiqlangan diniy materiallar sabab 22 ta jinoiy ish ochilgan.

AQSh Komissiyasining din faollari bergan ma'lumotlarga tayanib yozishicha, qamoqxona nozirlari diniy sabablarga ko‘ra qamalgan mahbuslarga yangi ayblovlar qo‘ygan, yangi ayblovlar esa yangi hukmlarga asos bo‘lgan; oqibatda dastlabki qamoq muddatini ancha yillar oldin o‘tab bo‘lgan ko‘plab kishilar qamoqda qolishda davom etgan.

«Prezident Shavkat Mirziyoyev yil davomida 5 ta alohida holatda jami 616 nafar mahqumni ozod qildi yoki qamoq muddatini qisqartirdi, shulardan 243 nafari din haqidagi qonun talablarini buzgani uchun qamalgan edi.

Hukumatning 1 avgustda chiqarilgan va rejalashtirilgan qamoqdan ozod qilish holatlari to‘g‘risidagi videoroligida Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi sobiq prezident Islom Karimov 2016 yilda vafot etganidan so‘ng 4500 nafar mahbus, jumladan, 1584 nafar diniy mahbus ozod qilingani yoki afv etilgani, ulardan 1215 nafari ozod etilgani, 369 nafarining esa hukmi yengillashtirilganini e'lon qildi.

1 avgustdagi e'londan so‘ng, 27 avgust va 7 dekabrda ham yangi mahbuslar ozod etildi, natijada 2016 yildan beri ozod etilgan yoki hukmi yengillashtirilgan mahbuslar soni 1710 kishiga yetdi», – deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid