Jamiyat | 13:26 / 03.06.2021
2707
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda anor sotgan dehqonning puli undirib berildi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida anor sotgan dehqonning puli xaridordan undirib berilgan. Bu haqda O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot kotibi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi fuqaro T.Abdullayev tomonidan O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqami orqali murojaat kelib tushgan. Unda murojaatchi o‘z tomorqasida yetishtirgan anor hosilini tadbirkor S.Qilichevga 23 million 392 ming 800 so‘m evaziga sotganini va pulini ololmay yurganini bildirgan.

Aniqlanishicha, tadbirkor o‘zi olgan anor hosili uchun oldindan 4 million so‘m pul bergan va qolgan pulni keyin berishini aytgan. Ammo T.Abdullayev xaridorga bir necha marotaba pulni so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa-da, u turli bahonalar orqali pulni bermagan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida anor sotuvchisi olishi lozim bo‘lgan 19 million 392 ming so‘m puldan 17 million so‘mi fuqaroga olib berilgan. Shuningdek, xaridor xarid haqining qolgan qismini ham tez orada to‘lab berishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid