Suv tanqisligi va Orol muammosi. Markaziy Osiyo xalqlarini kutayotgan «katastrofa» haqida
Iqlim o‘zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish va xavfsizligini ta'minlash masalalari strategik ahamiyat kasb etib boraveradi. Agar muammoga yetarli darajada e'tibor qaratilmasa, mintaqaning har bir hududida istiqomat qilayotgan aholi ayni paytda Orolbo‘yi hududlarida ro‘y berayotgan holatni o‘z tanalarida his qilib ko‘rishlari mumkin.
Markaziy Osiyo suv xavfsizligi energiya, oziq-ovqat va atrof-muhit bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan dunyodagi kam sonli mintaqalardan biridir. Bu yerda suv resurslari strategik ahamiyat kasb etadi.
Tarixiy jihatdan, quruq va qattiq iqlimi tufayli hozirgi O‘zbekiston hududida har qanday sivilizatsiya saqlanib qolishi va taraqqiy etishining asosiy elementi suv resurslaridan foydalanish hisoblanadi. Mintaqadagi dastlabki yirik shaharlar: Samarqand va Buxoro Zarafshon daryosi bo‘yida, Urganch va Xiva Amudaryo bo‘yida barpo etilgani ham bejiz emas. Ushbu hududlardagi davlatlar suv tufayli mintaqada ustun mavqega ega edi, tarixan ham suv mintaqada gegemonlikni ta'minlashda eng muhim vosita edi.
Suv manbalaridan noto‘g‘ri foydalanish natijasida mintaqada turli jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda va ayanchli holatga tushgan Orol dengizi bunga yorqin misol.
Ilgari dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘l bo‘lgan Orol dengizi Markaziy Osiyo cho‘llari orasida joylashgan. So‘nggi 10 ming yillik davomida Orol tabiiy va antropogen omillar tufayli bir necha bor to‘ldirilgan va quritilgan. 1960-yillar boshlarida butun mintaqada qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ishlari olib boriladi, bu esa intensiv sug‘orish tizimlariga olib keldi. Sug‘orma dehqonchilik suvga juda talabchan paxtaning ehtiyojlarini qoplash uchun ustuvor ahamiyat kasb etadi. Natijada sug‘orishning barqaror bo‘lmagan kengayishi Orol dengiziga quyiladigan ikki daryo suvini quritib yubordi va shu bilan dengizga suv oqimi uzildi.
O‘tgan asr davomida bir qancha omillar Orol dengizida suv sathi kamayishiga ta'sir o‘tkazgan. Xususan:
- 1913 yilda Orol dengiziga boradigan suv bilan sug‘oriladigan yerlar maydoni 3,2 mln gektar bo‘lgan bo‘lsa, 1985 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,9 mln gektarga yetgan;
- turli ehtiyojlar uchun Orol dengizidan sarflanadigan suv 1960-yillarda 63 km kub, 1980 yilda esa 95 km kubni tashkil etgan;
- XX asr davomida Orolbo‘yi hududlarida, Markaziy Osiyo va qisman Afg‘oniston aholisi soni 14 mln.dan 65 mln.gacha ortgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida yerning sho‘rini yuvishga ham katta miqdorda suv sarflangan.
Ayni paytdagi vaziyat
Dunyodagi to‘rtinchi yirik ko‘lning qurishi natijasida 5 million gektar maydonda yangi cho‘l – Orolqum paydo bo‘ldi. Dengizning qurigan qatlamidan kelib chiqqan chang va tuzli bo‘ronlar sug‘oriladigan yerlarga ham, aholi sog‘lig‘iga ham ta'sir qilmoqda.
Ushbu keskin o‘zgarishlar bir qancha jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda:
- Birinchidan, Orolbo‘yi hududlarida yashovchi aholining turmush sharoiti pasayishi bilan bir qatorda, ularning sog‘lig‘ida turli muammolar paydo bo‘la boshladi;
- Ikkinchidan, mahalliy iqtisodiyot tanazzulga uchradi (baliq ovi, qisqa muddatli turizm kabi sohalar) va yashash imkoniyatlari qiyinlashdi;
- Uchinchidan, ichimlik suvi tanqisligi, xavfli kasalliklar tarqalishi, yashash sharoitlari og‘irlashishi natijasida aholi migratsiyasi ko‘paydi;
- To‘rtinchidan, yovvoyi o‘simliklar va hayvonot dunyosi qirilib ketmoqda va mahalliy aholi uchun o‘z madaniy merosni yo‘qotish xavfi ortmoqda.
Hozirgi paytda Markaziy Osiyodagi suv resurslarining 90 foizi sug‘orma dehqonchilik uchun ishlatilmoqda. Suv qishloq xo‘jaligining asosi hisoblanadi va bu tarmoq Markaziy Osiyodagi beshta mamlakat iqtisodiyotida ham muhim rol o‘ynaydi, chunki qishloq xo‘jaligi sohasi bu mamlakatlar YaIMning 10 foizidan 45 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Shuningdek, qishloq joylardagi aholining 20 foizdan ko‘p qismi shu tarmoq orqali ish bilan ta'minlangan va tirikchilik qiladi. Qisqa qilib aytganda, shundoq ham qishloq xo‘jaligida tanqis hisoblangan suv resurslarini Orol dengizi sathini tiklashga yo‘naltirish, ayni vaziyatda imkonsiz ishdek tuyuladi.
Suv tanqisligi – Markaziy Osiyo davlatlari oldida turgan global muammo
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu juda katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, Markaziy Osiyoda suv manbalarining kamayib borish tendensiyasi ro‘y berish ehtimoli mavjud.
Xususan, muzliklar mintaqadagi suv resurslarining asosiy manbayi hisoblanadi va ularning eng katta qismi Tojikiston hududiga to‘g‘ri keladi. Bu yerdagi muzliklar Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Qo‘shni davlat prezidenti Imomali Rahmonning ta'kidlashicha, bugungi kunga kelib Tojikistonda minglab kichik va o‘rta muzliklar butunlay erib ketgan.
Bir necha yildan beri muttasil ravishda Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va harorat ko‘tarilishi ro‘y bermoqda. Mutaxassislarning takidlashicha, so‘nggi 50-60 yilda mintaqada muzliklar maydonlari taxminan 30 foizga qisqargan. Taxminlarga ko‘ra, o‘rtacha yillik harorat 2 darajaga ko‘tarilgan taqdirda muzliklar o‘z hajmining 50 foizini yo‘qotishi mumkin, harorat 4 darajaga ko‘tarilgan taqdirda esa – bu hajm 78 foizgacha yetadi (Ma'lumot uchun, ayni paytda havo harorati birgina O‘zbekistonda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8-10 daraja issiq hisoblanadi). Natijada mavjud suv resurslari hajmi keskin qisqaradi. Mintaqada iqlim isishi oqibatida muzning erishi to‘planishiga qaraganda ko‘proqni tashkil qilmoqda va muzliklar o‘z massasini yildan yilga yo‘qotmoqda. Bu esa kelajakda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy, ham siyosiy vaziyat beqarorligini keltirib chiqarishi mumkin.
Xulosa o‘rnida
Ob-havo o‘zgarishi bilan Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarish va xavfsizligini ta'minlash masalalari muhim ahamiyat kasb etib boraveradi. Ammo shunday sharoitda ham mintaqada suv manbalaridan foydalanishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, birgina O‘zbekistonni olsak ham, ichimlik suvi juda samarasiz sarf qilinadi, ayniqsa, mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizini iste'mol qiluvchi qishloq xo‘jaligida. Suv iste'molchilarga yetkazish vaqtida (o‘ta eskirgan va chirigan infratuzilma sababli sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlar 35-40 foizni tashkil qiladi) va iste'mol jarayonida ham (sug‘oriladigan yerlarning faqat 3-5 foizida suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etilgan) bu jarayonni yaqqol kuzatish mumkin.
Yuqorida ta'kidlab o‘tilganidek, suv manbalari Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining paydo bo‘lishidan tortib, hozirgi paytgacha bo‘lgan taraqqiyotida har tomonlama muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Agar muammoga yetarli darajada e'tibor qaratilmasa, mintaqaning har bir hududida istiqomat qilayotgan aholi ayni paytda Orolbo‘yi hududlarida ro‘y berayotgan holatni o‘z tanalarida his qilib ko‘rishlari mumkin.
Doston Ahrorov tayyorladi
Mavzuga oid
01:00 / 09.11.2024
Iqlimshunoslar badavlat insonlarni shaxsiy samolyotlaridan «taksi sifatida» foydalanmaslikka chaqirdi
16:34 / 08.11.2024
Rossiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini istaydi - Putin
19:23 / 28.10.2024
Dunyoda issiqxona gazlari 2023 yilda yangi maksimumga chiqqani ma’lum qilindi
14:54 / 26.10.2024