Sirdaryoda «murdasi topilgan» shaxsning o‘zi boshqa birovni o‘ldirib, yoqib yuborgani ma'lum bo‘ldi
Bundan bir necha kuni oldin Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida tanasi 100 foiz kuyib ketgan jasad topilgani va uning shaxsiga aniqlik kiritilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur qotillik jinoyati yuzasidan yangi tafsilotlar ma'lum bo‘lgan. Unga ko‘ra murda boshqa odamniki bo‘lib, qotillikni «o‘ldirilgan» shaxsning o‘zi amalga oshirgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Mirzaobod tumanidagi daladan qotillik alomatlari bo‘lgan, yonib ketgan noma'lum shaxs murdasi bilan birga Cobalt mashinasi ham topilgan. Noma'lum murda mazkur avtomobilni ijara shartnomasi asosida haydab yurgan fuqaro Fayzullo P. ekanligi taxmin qilingan. Biroq jinoyat joyi ko‘zdan kechirilganda o‘sha yerday topilgan aroq shishasi idishidan boshqa bir shaxs — fuqaro Sergey S.ning barmoq izlari aniqlangan.
Shundan so‘ng Sergey S.ning onasi va ukasi so‘roq qilingan. Yaqinlari tomondan marhumning doimiy ish joyi yo‘qligi, qurilish ishlarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab yurishi, muqaddam o‘g‘irlik bilan sudlangani, muntazam ravishda spirtli ichimlik iste'mol qilishi, voqea sodir bo‘lgan kuni uydan chiqib ketib, qaytib kelmagani bayon etilgan.
Olib borilgan tezkor-surishtiruv harakatlari davomida marhum deb taxmin qilingan Fayzullo P. aslida tirik bo‘lib, Ohangaron shahrida yashirinib yurganligi aniqlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida Fayzullo P. ushlangan.
Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Fayzullo P. o‘z aybiga iqror bo‘lgan. U o‘z ko‘rsatmasida Cobalt mashinasi bilan Toshkentda kirakashlik qilib yurganida ayrim fuqarolardan 4,1 ming AQSh dollarini aldab olib qarz bo‘lib qolganini bildirgan. Keyin, qarzlarni qaytarishning imkoni bo‘lmagani sababli notanish shaxsni o‘ldirib, o‘zini o‘ldiga chiqarish rejasini tuzganini ma'lum qilgan.
Ya'ni Fayzullo.P. 2021 yil 28 may kuni Uchtepa tumani, 20-mavzesida baklashka terib yurgan, o‘ziga notanish shaxs - Sergey S.ni ko‘rib, unga ish taklif qilgan. So‘ng, uni o‘z boshqaruvidagi Cobalt mashinasiga o‘tqazib, do‘kondan olingan aroqni ichirgan va Sirdaryo viloyati hududidagi ovloq joyga olib kelib, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.
Ta'kidlanishicha, hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «j» bandi (O‘ta shafqatsizlik bilan qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Mavzuga oid
21:47 / 15.11.2024
Qotil giyohvand bo‘lgan: 3 yoshli bolani o‘ldirgan erkak ustidan sud boshlandi
18:12 / 09.11.2024
Bir chuqurdagi ikki murda – Payariqdagi qotillik tafsiloti
19:18 / 02.11.2024
Archazordan topilgan odam boshi – Qo‘shtepadagi qotillik tafsiloti
19:02 / 31.10.2024