Toshkent cho‘llanishda davom etyapti. 2021 yilda ekilgan 75 ming daraxtning 52 mingdan ortig‘i qurib qolgan
Poytaxtdagi hisobsiz qurilishlar eng avvalo tabiatga, xususan ko‘p yillik daraxtlarning nobud qilinishiga sabab bo‘lyapti. Har yili minglab ishchi kuchi va milliardlab mablag‘ sarflab ekiladigan daraxt ko‘chatlarining katta qismi yoz kelmay qurib bitmoqda.
Tabiat deganda ko‘z o‘ngimizga birinchi navbatda yashnab turgan daraxtlar keladi: toza havo, soya-salqin, betakror tabiiy ne'mat. Shahar atrofida daraxtzorlar bizni shamollardan himoyalasa, shahar ichidagi daraxtlar ventilyatsion yo‘lak vazifasini bajaradi. Yashil daraxtzorlar havoni sovitishning yagona vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Fotosintez jarayonida bir gektar yerdagi yashil ekinzorlar 200 nafar odamning nafas olishiga yetarli kislorodni ishlab chiqarish quvvatiga ega. Turli daraxtlarning barglari o‘zidan har xil darajada issiqlik nurini va quyosh spektrini yutib, qaytarib va o‘zidan o‘tkazishi mumkin. Masalan, yosh emanzor quyosh radiatsiyasining 96,8 foiz, qarag‘ayzor 96 foiz, archa, terak va emanlar aralash o‘rmon esa 97-98 foiz nurlarni ushlab qoladi; havo namligini oshirib, inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, daraxtlar insonlarni shovqin-surondan ham himoyalaydi: shovqinning 25 foizini yutish xususiyatiga ega ekan.
Har yili nafaqat poytaxtda, butun respublikada minglab, millionlab ko‘chat ekilgani haqida balandparvoz xabarlar eshitamiz. Bu ko‘chatlarning keyingi taqdiri esa mavhumligicha qoladi.
Xo‘sh, oxirgi yillarda bizda daraxtlarni ko‘paytirish va parvarishlashga qanday e'tibor berilmoqda?
Birgina 2021 yilda ekilgan 75 mingta ko‘chatlarning bor-yo‘g‘i 30 foizi ko‘kargan
Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida Toshkent viloyati va Toshkent shahrining tuman (shaharlari), aholi punktlari, xalq xo‘jaligi obektlari atrofida yashil hududlar barpo etish va 1 million daraxt ekish rejalashtirilgan edi.
Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda ekilgan daraxtlarning yashab qolish ko‘rsatkichi 30-40 foizdan ham pasayib ketgan.
«2021 yilda poytaxtda 110 ming daraxt ekilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan hozirga qadar 75 mingtasi ekib bo‘lingan. Ammo daraxtlarni ekishda joy tanlashda birmuncha xatolarimiz bor. Ekilgan daraxtlar ko‘karishi uchun sug‘orish tizimlarining yo‘qligi sabab ularning 30-40 foizdan ham kam qismi yashab keta oladi.
Iqlimimiz issiq bo‘lgani bois bu daraxtlar yil davomida suv bilan ta'minlanishi kerak, aks holda ular nes-nobud bo‘lishi mumkin. Bu esa keyingi yillarda davlat budjetidan yoki o‘sha tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobiga yana millionlab pullar sarflanishiga sabab bo‘ladi», – dedi Farhod Dehqonov.
Ma'lumki, har bahorda qulog‘imizga chalinadigan «Ko‘chat ekish aksiyasi»ni amalga oshirishda agrotexnik imkoniyatlar hisobga olinmaydi. Bu aksiyalarni o‘tkazish esa pulni havoga sovurish bilan barobar. Birgina 2021 yilda qurib qolgan 52 mingdan ortiq ko‘chatlar va kesilgan daraxtlar zarar ko‘lami qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Achinarlisi, bu yerda nafaqat moddiy zarar haqida, balki shaharning cho‘llashib borishi haqida gap ketyapti.
Ekologik faollarning fikriga ko‘ra, Toshkentda amalga oshirilayotgan katta qurilishlar sabab kesilayotgan daraxtlar poytaxtning cho‘lga aylanishiga sabab bo‘lmoqda.
Jurnalist Bobur Akmalov bu borada shunday deydi:
«Ayni kunlarda havo harorati juda baland, ammo daraxtlar soyasida jon saqlash mumkin. Afsuski, mana shu daraxtlar Toshkent shahrida tobora kamayib bormoqda. Buni hammamiz yaxshi bilamiz. Oxirgi yillarda poytaxtda qancha yashillikni yo‘qotganimiz haqida ma'lumotlar bor...
Daraxtlar barchamizga yoqadi, afsuski buguni bilan yashayotgan, kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lamaydigan developerlar, quruvchilar, ba'zi amaldorlar faqat ko‘proq pul to‘plashni maqsad qilgan. Ularni deb bugun yashillik tobora yo‘qolib boryapti.
Eng yomoni – Davlat ekologiya qo‘mitasi ham ularning yonini olayotganday, hattoki yordam berayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Chunki bir oydan buyon ular bilan shu mavzuda intervyu uyushtirish maqsadida harakat qildik, ammo javob ololmadik.
Bugun turgan yashil hududimiz ertaga qurilish maydoniga aylansa ajablanmaydigan holga keldik. Keling, shunday bo‘lmasligi uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik».
O‘zbekistonda 150 yildan buyon olib borilayotgan kuzatuvlar iqlimning keskin o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda va ekologiyani asrashga e'tiborni kuchaytirishni talab qiladi. Bu haqda tadqiqotchi, PhD Erkin Abdulahatov shunday yozadi:
«... Kutilajak yangi iqlim epoxasi birinchi galda oziq-ovqat xavfsizligi nobarqarorligida namoyon bo‘ladi. Kelib chiqishi tog‘ oldi hududlariga borib taqaluvchi sabzavotlar birinchi galda aziyat chekadi. Chunki, ularning turli ko‘rinishdagi gibridlari ham iqlimga moslasha olmaydi. Tekislik hududlarida igna bargli daraxtlar ekmaslik tavsiya etiladi. Archalar sovuq sevar va xohlaysizmi yo‘q, kelgusida o‘zbek zamini «ularniki» bo‘lmaydi. Keng bargli flora dunyosiga urg‘u qaratish kerak.
Sog‘liqni saqlash tizimida ham oldinda turli syurprizlar turibdi. Iqlimning ma'lum davrlarga xos muttasil isishi o‘tmish viruslarni ''uyg‘otib'' yuborishi mumkin. Havo tarkibidagi uglerod dioksidi ortishi inson tanasida modda almashinuvida ma'lum o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Yuqori haroratli davrning ortishi kanallarning faollashishiga olib keladi. Jaziramalar yurak-qon tomir kasalliklari, chang bo‘ronlar o‘pka, nafas olish, allergik kasalliklar ortishiga olib keladi...
O‘zbekiston oldida moslashish va iqlimning salbiy ta'sirlarini yumshatish masalasi turibdi. Yuqorida amaldorlar mutaxassislarning fikrini inobatga olmay, tapir-tupur islohotlarini davom ettiraverar ekan, aziyatlar yuqoridagidan-da xavfli va ertaroq, tezroq amalga oshishi mumkin».
Ma'lumotlar, prognozlar ancha qo‘rqinchli. Bugungi Toshkentni o‘ragan chang-to‘zonlar, yashilliksiz hayot uni ichdan yemirmoqda.
Faqat hisobotlar uchun ekilib, qurib qoladigan daraxt ko‘chatlarining uvoliga ertaga farzandlarimiz salomatligi bilan tovon to‘lashmasin.
Gulmira Toshniyozova,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
16:35 / 23.12.2024
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024