Sport | 18:11 / 08.06.2021
65355
11 daqiqa o‘qiladi

Uchta jamoa keyingi bosqichda, Eron qiyin vaziyatda. JCh-2022 saralashi yakunlanishiga ikki tur qolganda kimda qanday imkoniyat?

O‘tgan bir hafta davomida qit'amizda JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichi guruh o‘yinlari doirasidan o‘rin olgan 8-tur bahslari o‘tkazildi.

Foto: khabarvarzeshi.com

O‘tgan bir hafta davomida qit'amizda JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 qo‘shma saralash bosqichi guruh o‘yinlari doirasidan o‘rin olgan 8-tur bahslari o‘tkazildi.

«A» guruhi: Suriya muddatda avval keyingi bosqichda, Xitoy guruhda qolib ketishi mumkin

Dastlabki guruhda Suriya milliy jamoasi maksimal ochko yig‘ishda davom etmoqda va Guam ustidan qozonilgan yirik g‘alabadan keyin 7 o‘yinda 100 foizli natija – 21 ochko jamg‘arib, muddatdan avval guruh g‘olibi sifatida hal qiluvchi 3-bosqichga yo‘llanma oldi. Nabil Maalul jamoasi hali mag‘lubiyat tugul, durang ham qayd etgani yo‘q. Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tayotgan markazlashgan guruh o‘yinlarining so‘nggi turida Suriya Xitoyga qarshi rasmiyatchilik uchun maydonga tushadi.

Xitoy uchun esa bu bahs juda muhim o‘yinga aylanadi. Chin yurti vakillari 6 o‘yindan keyin guruhda 13 ochko bilan 2-o‘rinda borayotgan bo‘lishsa-da, yo‘llanmaga ega chiqishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi natijaga ega jamoalar orasida beshlikdan joy olmagan. Shu bois Li Te shogirdlari Maldiv va Suriya bilan ikki o‘yinda maksimal – 6 ochko olishlari talab etiladi.

«A» guruhi. 7 iyun. 8-tur

Guam – Suriya – 0:3

Gollar: Mardikiyan 6, 9, Al-Mavas 84.

Xitoy – Filippin – 2:0

Gollar: U Ley 57 pen., Sin Xan 65.

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Filippin – Guam

Xitoy – Maldiv orollari

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Maldiv orollari – Filippin

Xitoy – Suriya

«B» guruhi: Avstraliya deyarli keyingi bosqichda, Iordaniya guruhda qolib ketishi mumkin

Avstraliya milliy jamoasi ham Suriya va Yaponiya kabi 2-saralash bosqichida hali ochko yo‘qotgani yo‘q. «Kengurular» o‘tgan ikki o‘yinda Kuvayt va Xitoy Taypeyini mag‘lub etib, 3-bosqich masalasini deyarli hal etishdi. Keyingi turda Nepal mag‘lub etilsa, yo‘llanma naqd qilinadi.

Iordaniya milliy jamoasi esa 13 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi. Borkelmans shogirdlari eng yaxshi natijaga ega 2-o‘rinlar beshligidan tashqarida turibdi. Iordaniya keyingi 2 o‘yinda Kuvayt va Avstraliyani mag‘lub etsa, 3-saralash bosqichiga yo‘llanma olishi mumkin. Guruhdagi 3-jamoa bo‘lib turgan mezbon – Kuvaytda ham 2-o‘rin bilan guruhdan chiqish imkoniyati saqlanib turibdi.

«V» guruhi. 7 iyun. 8-tur

Nepal – Iordaniya – 0:3

Gollar: Faysal 23, 48, Al-Arab 67.

Avstraliya – Xitoy Taypeyi – 5:1

Gollar: Suttar 11, Maklaren 27 pen., Seynsberi 41, Dyuk 46, 84 – Gao 62.

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Nepal – Avstraliya

Kuvayt – Iordaniya 

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Iordaniya – Avstraliya 

Xitoy Taypeyi – Kuvayt

«S» guruhi: Iroq peshqadam, Eron guruhdan chiqa oladimi?

Eng chalkash holat «S» guruhida kuzatilgan. Eron milliy jamoasi so‘nggi o‘yinlaridagi g‘alabalaridan keyin tobora o‘ziga kelayotgan bo‘lsa-da, hali ham peshqadamlikni qaytara olgani yo‘q. Birinchi davra o‘yinlarida Bahrayn va Iroqqa mag‘lub bo‘lgan forslar oxirgi ikki turda Honkong va Bahrayn ustidan yirik hisobda zafar quchib, 12 ochko bilan 2-o‘ringa chiqib olishdi. 1-o‘rindagi Iroq esa Kamboja ustidan 4:1 hisobida zafar quchib, 1-o‘rinni egallab turibdi.

Mezbon sanalmish Bahrayn guruhdan chiqish imkoniyatini deyarli yo‘qotib bo‘ldi. Iroq va Eron esa keyingi ikki turda maksimal ochko olish bilan birga so‘nggi turdagi o‘zaro bahsda katta ehtimol bilan guruh g‘olibi kim bo‘lishini aniqlashadi. Hozirgi holatda iroqliklarga ham, eronliklarga ham 2-o‘rin bilan guruhdan chiqa olmaslik xavfi saqlanib turibdi.

«S» guruhi. 7 iyun. 8-tur

Iroq – Kamboja – 4:1

Gollar: Mohanad Ali 1, Bashar Rasan 23, Ali Adnan 27, Safa Abdulla90+4 – Visal 55. 

Eron – Bahrayn – 3:0

Gollar: Sardor Ozmun 54, 61, Mehdi Toremi 79.

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Hongkong – Iroq  

Kamboja – Eron  

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Eron – Iroq  

Bahrayn – Hongkong

«D» guruhi: Barchasi so‘nggi turda hal bo‘ladi…

Saudiya Arabistoni milliy jamoasi so‘nggi ikki o‘yinda, O‘zbekiston esa oxirgi turda raqibi ustidan yirik hisobda zafar quchgach, guruhda keyingi bosqich uchun faqatgina ushbu jamoalar kurash olib borishi oydinlashdi. Falastin, Singapur va Yamanda imkoniyat qolmadi.

Navbatdagi turda Saudiyani Singapur bilan bahs, O‘zbekistonni esa Yaman bilan uchrashuv kutib turibdi. Seshanba kuni o‘tadigan so‘nggi tur o‘yinlari esa guruhdagi vaziyatga oydinlik kiritadi. Falastin – Yaman bahsida guruhdagi so‘nggi o‘rin egasi ma'lum bo‘lib, aynan 5-o‘rin sohibi bilan bahslardagi ochkolar va gollar bekor qilinadi. Shu bois, bu o‘yin Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi peshqadamlar bahsidan ham muhimroq ahamiyat kasb etishi mumkin.

«D» guruhi. 5-7 iyun. 8-tur

Saudiya Arabistoni – Yaman – 3:0

Gollar: Ad-Dosari 4, Al-Muvallad 17, 32.

O‘zbekiston – Singapur – 5:0

Gollar: Masharipov 6, 34, Shomurodov 45+1, Ahmedov 50, Irfon Fandi 80 avtogol.

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Yaman – O‘zbekiston. 23:00  

Singapur – Saudiya Arabistoni. 23:00     

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston. 23:00     

Falastin – Yaman. 23:00.

«E» guruhi: Qatar keyingi bosqichda

Osiyoning amaldagi chempioni Qatar milliy jamoasi guruhda o‘tkazgan 8 o‘yindan 7tasini g‘alaba bilan yakunlab, guruhdan chiqish masalasini hal qildi. Qatar KONKAKAF Oltin kubogida ishtirok etishi bois, guruh o‘yinlarini ertaroq yakunladi. Ikkinchi o‘rin egasi ham ma'lum – Ummon. Ushbu jamoa so‘nggi ikki turda Afg‘oniston va Bangladesh bilan bahsda ochko to‘plab, guruhdan chiqish imkoniyatini oshirishi mumkin.

«Ye» guruhi. 5-7 iyun. 8-tur

Ummon – Qatar – 0:1

Bangladesh – Hindiston – 0:2

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Afg‘oniston – Ummon  

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Hindiston – Afg‘oniston  

Bangladesh – Ummon.

«F» guruhi: Yaponiya muddatdan oldin 3-bosqichda, Tojikistonda imkoniyat bor

Ikki qo‘shnimiz joy olgan «F» guruhi markazlashgan holda Yaponiyada davom ettirilmoqda. Kutilganidek, ushbu kvartetda Yaponiya milliy jamoasi muddatdan avval birinchi bo‘lib hal qiluvchi 3-saralash bosqichiga yo‘llanma oldi. Dushanba kuni Qirg‘iziston milliy jamoasi mo‘g‘ullarga yutqazib qo‘yib, imkoniyatni butkul yo‘qotdi.

2-o‘rindagi Tojikiston milliy jamoasi esa «samuraylar»ga mag‘lubiyatga uchraganiga qaramay, keyingi bosqichga yo‘llanma olish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi. Buning uchun Usmon Toshev shogirdlari bilan birga Qirg‘iziston milliy jamoasi ham so‘nggi turlarda Myanmani yirik hisobda mag‘lub etishi lozim. O‘shanda Myanma so‘nggi o‘ringa tushishi va bu jamoaning 1-davrada Tojikistonni mag‘lub etgani bekor bo‘ladi. Shunday ekan, Tojikiston milliy jamoasida ham matematik imkoniyat saqlanib qolgan.

«F» guruhi. 5-7 iyun. 8-tur

Qirg‘iziston – Mo‘g‘uliston – 0:1

Gol: Oyuunbattar, 34.

Yaponiya – Tojikiston – 4:1

Gollar: Kyogo 6, Minamino 40, Xashimito 51, Xayao 71 – Panjshanbe 9.

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Myanma – Qirg‘iziston

10-tur. 15 iyun (seshanba)

Tojikiston – Myanma

Yaponiya – Qirg‘iziston.

«G» guruhi: Vetnam – kutilmagan peshqadam

Ushbu guruhda faqatgina Vetnam va BAA 3-saralash bosqichiga chiqish imkoniyatga ega. Tailand so‘nggi turda BAAga yutqazgach, Malayziya, Indoneziya singari guruhda qolib ketishi oydinlashdi. Guruh bosqich o‘yinlarida hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Vetnam kutilmaganda guruh peshqadamiga aylanib oldi. 2-o‘rinda borayotgan BAA milliy jamoasi so‘nggi turda vetnamliklarga qarshi bahsda peshqadamlikni tortib olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. 

«G» guruhi. 5-7 iyun. 8-tur

Vetnam – Indoneziya – 4:0

BAA – Tailand – 3:1

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 11 iyun (juma)

Malayziya – Vetnam

Indoneziya – BAA

10-tur. 15 iyun (seshanba)

BAA – Vetnam

Tailand – Malayziya.

«H» guruhi: Janubiy Koreya va Livan – qo‘shpeshqadamlar

So‘nggi guruh bo‘lmish «H» guruhida Shimoliy Koreya milliy jamoasining turnirdagi ishtirokini to‘xtatishi qolgan barcha guruhlardagi vaziyatga ta'sir etdi. KXDR saralash bosqichini tark etgach, FIFA barcha guruhlardagi so‘nggi 5-o‘rinni egallagan jamoalar bilan natijalar bekor qilinishi haqida qaror qildi.

Ushbu guruhda ham KXDR bilan o‘yin natijalari bekor qilingach, kutilmagan peshqadam bo‘lib turgan Turkmaniston 3-o‘ringa pastladi. Guruh g‘olibligi uchun 10 ochkodan jamg‘argan Janubiy Koreya va Livan kurash olib bormoqda. Jamoalarning dastlabki o‘yinida hisob ochilmagandi. Bu guruhda ham 13 iyun kuni o‘tadigan so‘nggi tur doirasidagi Janubiy Koreya – Livan bahsi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma sohibini aniqlab beradi.

«H» guruhi. 5 iyun. 8-tur

Janubiy Koreya – Turkmaniston – 5:0

Livan – Shri-Lanka – 3:2

Navbatdagi o‘yinlar anonsi:

9-tur. 9 iyun (chorshanba)

Shri-Lanka – Janubiy Koreya

Livan – Turkmaniston 

10-tur. 13 iyun (yakshanba)

Janubiy Koreya – Livan

KXDR – Turkmaniston (bekor qilingan).

Eng yaxshi natijaga ega bo‘lib turgan 2-o‘rindagi jamoalar reytingi:

Mavzuga oid