Minimal pensiya va nafaqasi oshirilganlar soni ma'lum qilindi
2021 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladigan bo‘ldi.
Pensiya jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Farrux Pardayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, bunda turli bandlar kontingentidagi fuqarolar qamrab olingan.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori oshirilmoqda.
Hujjatda keltirilgan bandlar har birining o‘z kontingenti bor. Misol uchun, ish staji to‘liq bo‘lmagan pensiya oluvchilar 900 ming nafarni tashkil etadi. Ular hozirda olayotgan
306 ming 675 so‘m (un va non kompensatsiyasini inobatga olgan holda) endilikda 400 ming so‘mga oshiriladi. Shuningdek, 85 ming nafar zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan to‘lov miqdori 365 ming so‘mdan 400 ming so‘mga yetkazildi. Mazkur o‘zgarishlar umumiy olganda 1 million 951 ming kontingentga ta'sir qiladi», dedi jamg‘arma vakili.
Qayd etilishicha, boquvchisini yo‘qotganlarning eng kam pensiya miqdori:
- 1 farzand uchun 306 ming 675 so‘mdan 452 ming 494 so‘mga;
- 2 farzand uchun 613 ming 350 so‘mdan 761 ming 663 so‘mga;
- 3 farzand uchun 920 ming 25 so‘mdan 1 million 70 ming 832 so‘mga oshdi.
Boquvchisini yo‘qotganlarning nafaqa miqdori esa:
- 1 farzand uchun 306 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga;
- 2 farzand uchun 485 ming 12 so‘mdan 550 ming so‘mga;
- 3 farzand uchun 663 ming 350 so‘mdan 700 ming so‘mga oshirildi.
Jamg‘arma ma'lumotlariga ko‘ra, 1 aprel holatiga O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 million 877 ming 200 nafarni (jami aholining 11,2 foizi) tashkil qilmoqda.
Bunda aholining:
- 2 million 881 ming 900 nafari (74,3 foiz) yoshga doir pensiya;
- 390,1 ming nafari (10,1 foiz) nogironlik pensiyasi;
- 192,8 ming nafari (5 foiz) boquvchisini yo‘qotgan pensiya oluvchi oilalar;
- 412,4 ming nafari (10,6 foiz) nafaqa oladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, jamg‘arma 2021 yilda pensiya va nafaqalar to‘lovi uchun 36,5 trillion so‘m mablag‘ xarajat qiladi. Aytilishicha, oyiga 2,9 trillion so‘mdan sarflanadi. Bunda, mazkur farmonga muvofiq pensiya va nafaqalarni oshirilgan miqdorlarda to‘lanishi uchun respublika budjeti va Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan joriy yil yakuniga qadar jami 433 mlrd.so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Qonunda belgilanishicha, jamg‘armaga davlat budjetidan ajratiladigan transfertlar miqdori 2021 yil yakuni bilan 14,7 trillion so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq, O‘zbekiston aholisining minimal iste'mol xarajatlari miqdori kishi boshiga bir oyda 440 ming so‘m etib belgilangani xabar qilingandi. Pensiya jamg‘armasiga ko‘ra, mazkur qiymat joriy qilingach eng kam pensiya miqdorlari ham minimal iste'mol xarajatlari qiymatiga yetkaziladi.
Mavzuga oid
13:15 / 30.04.2024
O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi yangilandi
20:04 / 16.04.2024
Gaz-svet tariflari o‘zgarishi munosabati bilan muhtojlarga qanday yordam beriladi?
11:45 / 02.02.2024
Minimal iste’mol xarajatlari miqdorining o‘zgarishi ijtimoiy to‘lovlar va nafaqalarga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
15:41 / 29.04.2022