O‘zbekiston | 10:30 / 09.06.2021
6021
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand aeroportida yo‘lovchilar uchun yetarli sharoit yo‘qligiga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand xalqaro aeroportining vaqtinchalik terminali oldida yo‘lovchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagani ta'kidlangan xabar tarqaldi. «Samarqand xalqaro aeroporti» MChJ ma'muriyati mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, bugun Samarqand xalqaro aeroporti hududida modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Uning yangi loyiha asosida qurilayotgan besh qavatli aerovokzali joriy yilning sentabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, hududda olib borilayotgan keng qamrovli qurilish ishlariga qaramay aeroport o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q. Vaqtinchalik aerovokzalda turli aviaqatnovlar muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Vaqtinchalik aerovokzalda maxsus uskunalar yordamida mo‘'tadil havo harorati saqlab turilgan bo‘lsa-da, u barcha yo‘lovchilarga bir vaqtda xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallanmagan. Karantin talablaridan kelib chiqib, yo‘lovchilar binoga navbat asosida kiritilmoqda. Ammo ro‘yxatga olish vaqtida ba'zi fuqarolarning belgilangan tartibga bo‘ysunmay, navbatsiz ro‘yxatdan o‘tishga urinishi oqibatida tartibsizlik kelib chiqmoqda. Aeroport ma'muriyati mas'ul xodimlarni ogohlantirib, jarayonda nazoratni kuchaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar bergan.

Qayd etilishicha, aeroport hududining asosiy qismida qurilish ishlari olib borilayotgani sababli vaqtinchalik aerovokzal oldida reysga erta kelgan yo‘lovchilar kutishi uchun joy ajratilmagan. Shu sababli aeroportga erta yetib kelgan xalqaro reys yo‘lovchilari daraxtlar osti va panjara yonidagi soyalarda ro‘yxatdan o‘tishni kutishmoqda.

«Ayni vaqtda aeroport ma'muriyati mazkur muammoni mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Amalga oshirilgan ishlar haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi. Aytish joizki, aeroportning yangi aerovokzali foydalanishga topshirilsa, bu kabi kamchiliklar kuzatilmaydi. Keltirilgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun «Samarqand xalqaro aeroporti» MChJ jamoasi yo‘lovchilardan uzr so‘raydi», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid