O‘zbekiston | 14:08 / 10.06.2021
25809
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimligi ham Skoda Kodiaq avtomobillarini sotib oldi

Bu «inomarka»lar – hokim To‘ra Bobolovning yangi o‘rinbosari va maslahatchisi uchun.

Foto: Skoda

Surxondaryo viloyat hokimligi 2 dona Skoda Kodiaq Ambition mashinasini sotib oldi. Avtomobillar har biri 347 mln so‘mdan xarid qilingan (1, 2).

Kun.uz hokimlik matbuot kotibi Zahiriddin To‘rayevdan olgan ma’lumotga ko‘ra, xorijda ishlab chiqarilgan mashinalar viloyat hokimining yangi o‘rinbosari va maslahatchisi uchun sotib olinyapti.

To‘rayev ikkala avtomobil ham hukumatning shu yil apreldagi tegishli qarori talablari asosida xarid qilinganini bildirdi.

Shu yil aprel oyida qabul qilingan qarorga asosan, viloyatlar hokimlarining o‘rinbosarlari uchun sotib olinadigan avtomobillarning eng yuqori narxi 1500 BHM deb belgilangan. Bu – hozirgi vaqtda 367,5 mln so‘mni tashkil etadi (1500x245000). Biroq qarorda viloyat hokimlarining maslahatchilari uchun avtomobil sotib olinishi me’yorlari belgilanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz avvalroq sudyalar uchun 26 ta Skoda Kodiaq va 3 ta Malibu-2 avtomobillari sotib olinayotgani haqida xabar bergandi. Navoiy viloyati hokimligi esa Malibu-2 avtomobilini qonunchilikka zid ravishda xarid qilmoqda.

Mavzuga oid