O‘zbekiston | 16:50 / 11.06.2021
4515
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist va blogerlarni emlash uchun tayyorgarlik jarayoni boshlangan - shtab

Jurnalist, blogerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlarini emlash ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda 11 iyun kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining “O‘zbekistonda COVID-19'ga qarshi kurash doirasida qilinayotgan ishlar, emlash jarayonidagi muhim vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shtab a'zosi Botir Qurbonov xabar berdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov emlash tadbirlari uchun sarflangan mablag‘lar haqida ma'lumot berdi.

“Emlash tadbirlarini talab darajasida o‘tkazish, respublikaning barcha hududlariga yetkazib berish uchun Sanitariya–epidemiologiya xizmatining hisob-kitoblari asosida zaruriy sarflovchi vositalarni xarid qilish uchun 6 782 300 200 so‘m mablag‘ sarflangan. Bu mablag‘ hisobiga barcha emlash punktlariga shprits, paxta, spirt, xavfsizlik qutilari sotib olingan” dedi shtab a'zosi.

Botir Qurbonovning ta'kidlashicha, jurnalist va blogerlarni emlash uchun tayyorgarlik jarayoni boshlangan.

“3-bosqichda jurnalist, blogerlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari emlanishi ko‘zda tutilgan. Bu hali emlash boshlandi degani emas. Hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda, ularning elektron bazasini shakllantirish lozim bo‘ladi. Bu jarayonlar uchun taxminan 2 hafta vaqt ketadi. Ular ixtiyoriy ravishda istagan vaksinalarini qabul qilishlari mumkin. Bu har bir OAV xodimi o‘zi ro‘yxatda turadigan yashash joyidagi emlash punktlarida tekinga emlanadi. Agar o‘z tibbiyot qismiga ega jamoalar bo‘ladigan bo‘lsa, ularga mobil brigadalarni jalb qilish orqali emlanadi” deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid