O‘zbekiston | 15:33 / 14.06.2021
57857
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari internetda tarqalgan eski video tufayli ishdan ketdi. U lavozimga tayinlanganiga bir oy bo‘lgandi

Yarim yalang‘och raqqosalarga pul qistirgan Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari va yana bir mutasaddi ishdan bo‘shatildi.

Foto: Sirdaryo tumani hokimligi

Sirdaryo tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nurali Mirzayev lavozimidan ozod etildi. Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, 14 iyun kuni u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Sirdaryo tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov ham o‘z arizasiga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Bu iste'folar ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo tumani hokimi o‘rinbosari va boshqa mas'ullar restoranlardan birida yarim yalang‘och holda o‘ynayotgan raqqosalarga pul qistirayotgani aks etgan video tarqalishi ortidan ro‘y berdi.

13 iyun kuni Sirdaryo tumani hokimligi axborot xizmati mazkur hodisa yuzasidan munosabat bildirgandi.

Unda aytilishicha, videolavhada aks etgan jarayon 2020 yil oktabr oyi o‘rtalarida Sirdaryo tumanidagi restoranlardan birida ro‘y bergan.

Videoda raqqosalarga pul qistirayotgan mas'ullar –o‘sha vaqtda tuman hokimi yordamchisi bo‘lgan Nurali Mirzayev, tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nozim Muratov, tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Sirdaryo tumani inspeksiyasi bosh mutaxassis-davlat inspektori, «Suvoqova» davlat unitar korxonasi rahbari hamda Sirdaryo tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari bo‘lgan.

«Mazkur shaxslar ishdan tashqari vaqtda boshqa fuqarolar singari restoranga ovqatlanish uchun borgan. Ular o‘tirgan xonaga restoranda xizmat ko‘rsatayotgan raqqosa qizlari kirib kelgan. Raqqosalarning kutilmaganda kirib kelishi ularga ma'qul kelmagan. Shu sababli raqqosalarga pul berilgan va xonani tark etishi so‘ralgan. Natijada videodagi holat yuzaga kelgan.

Holat yuzasidan restoran ma'muriyati bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Mas'ul xodimlarga jamiyatda yurish-turish qoidalariga amal qilgan holda davlat xizmatchisi sifatida namuna ko‘rsatishlari lozimligi eslatib o‘tildi. Shuningdek, lavozimdan ozod etish kabi qat'iy chora qo‘llanilishi belgilandi», deyilgandi munosabatda.

Bu hodisaning boshqa ishtirokchilariga qanday choralar ko‘rilgani ma'lum emas.

Ma'lumot uchun, Nurali Mirzayev Sirdaryo tumani hokimi Botirjon Mirzaqulovning o‘rinbosari lavozimiga 2021 yil may oyi boshida tayinlangandi.