Jamiyat | 11:21 / 15.06.2021
45445
14 daqiqa o‘qiladi

Eng mojaroli kasb - «YPX xodimi». Sohaga islohotlar zarur

Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Ahmedov YPX xodimlari bilan tortishuv asnosida vafot etgani juda ko‘p savollarni o‘rtaga chiqarmoqda.

Qariyb 20 yildan buyon soliq sohasida mehnat qilgan 41 yoshli Azizbek Ahmedovning bevaqt o‘limiga achinayotganlar ko‘p.

Marhum Azizbek Ahmedov

Ha, u svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida chorrahani kesib o‘tgani, boz ustiga transport vositasini mast holda boshqargani, YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani ta'kidlanmoqda. Biroq u ekspertizagacha borishga ulgurmadi. Endi uning o‘limidan avval mast yo hushyor bo‘lgani patologoanatom xulosasida o‘z aksini topadi.

Keling, uni mast bo‘lgan, deylik. Ha, aroq ichib mashina ruliga o‘tirishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bunday haydovchilarni aniqlash va ularni jazoga tortish shart.

Ammo, Kattaqo‘rg‘ondagi voqeada YPX xodimlarining mast deb taxmin qilingan haydovchiga nisbatan kuch ishlatgani, yakunda haydovchi vafot etgani jamoatchilikning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

YPX xodimi — eng mojaroli kasb

Yodingizda bo‘lsa, MIB xodimlari uyma-uy yurib gaz, elektr, suv va boshqa kommunal to‘lovlarning pulini yig‘ishganda juda ko‘p mojarolar kelib chiqayotgan edi. Yangilik va internetdagi shov-shuvli videomurojaatlar asosan MIB haqida edi.

O‘shanda MIBchilar tom ma'noda birinchi raqamli mojaroli kasb sohiblariga aylanishgandi. MIB vakolatlari qisqartirilgach, bu «status» yana YPX xodimlariga qaytdi. Chunki kuchishlatar tizimlar ichida aholi vakillari bilan eng ko‘p yuzma-yuz aloqa qiladiganlar — Davlat yo‘l harakati xizmati xodimlari.

Shuning uchun yana internet YPX xodimlari bilan mojarolar tasvirlariga to‘lib toshyapti. Ularning noqonuniy xatti-harakatlarini fosh qiluvchi butun bir kanallar, blogerlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, hozir YPX xodimlarining xalq o‘rtasidagi reputatsiyasi anchagina yomon. Ko‘plab mojaroli holatlarda YPX xodimlari haq bo‘lib turgan taqdirda ham, xalq ularni aybdor sanamoqda.

Hech e'tibor berganmisiz, YPX inspektori biror nogironni yo‘lning narigi chetiga o‘tkazishda ko‘maklashib yuborgani, buzilib qolgan mashinani itarib o‘t oldirishga yordam bergani yoxud chorrahalardagi tartibsizlikni mohirona bartaraf etgani aks etgan foto yoki videolar ijtimoiy tarmoqlarda iliq kayfiyat bilan qarshi olinadi. Chunki odamlar bu kasb egalaridan bunday xayrli ishlarni kutmay qo‘yishgan. Afsuski, YPX xodimlari odamlar tasavvurida faqat salbiy ko‘rinishda shakllanib ulgurgan.

Yo‘llarda esa dahshatli avariyalar ro‘y berishda davom etmoqda, odamlar o‘lmoqda. DYHXXning bularni bartaraf etish yo‘lidagi qat'iy sa'y-harakatlari u qadar ko‘zga tashlanmayapti. Qandaydir yangi tashabbus bilan ham chiqilmayapti.

Bu Kattaqo‘rg‘ondagi birinchi voqea emas

Tuman YPX xodimlari o‘zlarining boshboshdoqligi yoki mushtumzo‘rligi bilan birinchi marta muhokama markaziga tushayotgani yo‘q.

2018 yil 29 avgust kuni katta yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan shosha-pisha yo‘lga chiqqan Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi o‘rinbosari 36 yoshli Nodir Xushvaqtovni yo‘l YPX xodimlari xizmat mashinasida quvadi. Qochish asnosida Xushvaqtov avtohalokatga uchraydi — uning boshqaruvida bo‘lgan «Nexia-3» xizmat avtomashinasi ag‘darilib ketadi. Hokim o‘rinbosari shu kuni kasalxonada vafot etadi.

2020 yil 7 avgust kuni mahalliy YPX xodimlari Toshkent – Xorazm yo‘nalishida kelayotgan «Epica» avtomashinasini to‘xtatib, haydovchini belgilangan tezlikni oshirganlikda va oldinroqda turgan YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmaganlikda ayblashgan, tortishuv asnosida haydovchi IIB xodimidan shapaloq yegan. Yosh bolali yo‘lovchilar bo‘lishiga qaramay mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Xorazmlik taksichi bilan bo‘lgan vaziyatda shunisi e'tiborliki, haydovchi YPX xodimlaridan kuch ishlatmaslikni talab qilgan. 102ga qo‘ng‘iroq qilib, huquqlarini ta'minlash uchun ichki ishlar xodimlarini chaqirishni so‘ragan. Uning talabi esa bajarilmagan.

Bu birgina Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX xodimlari bilan so‘nggi vaqtlarda ro‘y bergan shov-shuvli voqealar. Respublika bo‘ylab bunday hodisalar qariyb har hafta uchrab turadi.

Bunday voqealar nima bilan tugadi, aybdorlarga qanday chora ko‘rildi, ochig‘i, bilmay qolamiz. Masalan, Qashqadaryoda haydovchini onasidan haqorat qilgan YPX xodimiga ham shunchaki qattiq hayfsan intizomiy jazosi berilgani kabi.

Kuch ishlatish qonuniymi yoki o‘zboshimchalik?

Kattaqo‘rg‘onda tuman YXB boshlig‘i boshchiligida 4 nafar xodim shaxsiy avtomashinada tungi reydlar olib borayotgani omma uchun biroz tushunarsiz bo‘lmoqda. Ularning bunday yo‘l tutishidan maqsadlari nima edi? Chunki bodi kameradan yozib olinib tarqatilgan tasvirlardan YPX xodimlari aynan shu avtomobilni kutib turishgandek tasavvur uyg‘onmoqda.

Shuningdek, ekspertizaga borishga monelik qilayotgan Azizbek Ahmedovni bo‘g‘ishgani taxmin qilinmoqda. Tolbuloqlik Zulfiqor Xonnazarov ham o‘zini YPX xodimlari «zaxvat» usulini ishlatib bo‘g‘ishgani haqida aytdi. Bu jarayon hatto videotasvirga ham tushirilgan.

11 iyun kuni voqea joyini s'yomka qilayotganimizda haydovchilardan biri to‘xtab, «Gailarimiz chatoq, aka, agar tortishib, gap qaytarilsa darhol bo‘g‘ishga o‘tadi», deb ketdi. Buni kattaqo‘rg‘onliklar ijtimoiy tarmoqlardagi izohlarda ham yozishmoqda.

Viloyat IIB axborot xizmati rahbari J.Sa'dullayev o‘zaro suhbatda YPX xodimlariga qonuniy talabga bo‘ysunmagan haydovchilarni tinchlantirish uchun qo‘lkurash usulidan foydalanishga izn berilganini tasdiqladi.

«Migalka»li mulyajlar va shaxsiy mashinadagi YPX xodimlari

YPX xodimlari tungi reydlarda davlat tomonidan berilgan, yonib-o‘chuvchi chiroqlar bilan ta'minlangan xizmat avtomashinasida xizmat olib borishganida, o‘sha Kadan chorrahasida haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga qat'iyroq amal qilishgan bo‘lardi.

Ya'ni qoida buzishga moyil haydovchilar ko‘chalarda DYHXXning «migalka»li xizmat avtomashinalariga ko‘zi tushsa hushyor tortadi, mashinani qoidalarga amal qilib boshqarishadi. Chunki haydovchilar ularni jarimaga tortishi mumkin bo‘lgan YPX xodimi, radar va kameralardan cho‘chishadi.

Bu ham yo‘llarda tartib o‘rnatishning bir yo‘li. Bekorga respublika yo‘llari bo‘ylab patrul mashinalarining mulyaji o‘rnatilmagan-ku?! Demak, bu narsaning foydasi borki, o‘rnatilgan.

YPX xodimlarining shaxsiy avtomashinada harakat qilishi rasmiylikni yo‘qotadi. Ish vaqtidan tashqarida o‘z manfaati yo‘lida xizmat qilyapti, degan taassurot paydo bo‘lishiga olib keladi.

TVda, kinolarda yoki boshqa joyda biror chet davlatda yo‘l politsiyasi xodimi shaxsiy avtomashinada yurganini ko‘rmaganmiz. Nega ularda g‘ayrioddiy bo‘lgan narsa bizda oddiy hol?

Bodi kamera tasvirlari shubhali tarzda qirqilgan

Yuqorida ham yozildi: bodi kamerada yozib olingan tasvirlardan YPX xodimlari aynan shu avtomashinani atayin poylab turganini taxmin qilish mumkin. Chunki «Cobalt» hali taqiqlovchi qizil chiroqqa e'tibor qilmasdan chorrahaga kirib kelishidan avval «Spark» avtomobilida kutib turgan YPX xodimlaridan biri «Qani, kutaylik-chi, qayerga boradi?» degan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, soliq idorasi xodimi boshqaruvidagi «Cobalt» avtomashinasi qisib to‘xtatilgach, uning o‘limi yuz bergunga qadar qariyb 40-45 daqiqa vaqt o‘tgan.

Bodi kameradan olingan tasvirlar xoronometraji esa bor-yo‘g‘i 5 daqiqani tashkil etadi. Qolgan 35-40 daqiqa vaqtda nimalar sodir bo‘lgani sirligicha qolgan va bu turli taxminlarni o‘rtaga chiqarmoqda.

Chorrahani qizil chiroqda kesib o‘tayogan A.Ahmedov boshqaruvidagi mashina

Endi vaziyatga boshqacha ko‘z bilan qarab ko‘ring: 4 nafar YPX xodimi shaxsiy avtomashinada qoidabuzar haydovchini qisib to‘xtatishyapti, so‘ng uni majburlab, kuch ishlatib, shaxsiy mashinaning tor orqa o‘rindig‘iga o‘tqazmoqchi bo‘lishgan.

Balki marhum soliqchi YPX xodimlarining qandaydir boshqacha niyati borligidan qo‘rqqandir, shuning uchun begona mashinaga chiqishga qarshilik qilgandir?

Balki YPX xodimlarining chindan ham shu soliqchiga nisbatan qandaydir shaxsiy xusumati bordir...

Agar yuqoridagi taxminlar asossiz, deya hisoblansa, nega YPX xodimlari bir qadam naridan naryad chaqirib, soliqchining qo‘llariga kishan urib, ekspertizaga olib borishmadi?

Xullas, bu borada tergov organi oydinlik kiritishi lozim bo‘lgan savollar talaygina.

Islohotlar kerak

Bo‘lib o‘tgan bu ayanchli voqeadan barcha birdek saboq chiqarishi kerak: fuqarolar ham, ichki ishlar xodimlari ham, turli idoralarda ishlovchi amaldorlar ham. Deputatlar qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish tashabbusi bilan chiqishi, IIV ham o‘z xizmat yo‘riqnomalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi kerak, nazarimda.

Mana shunday holatlar kelgusida yana yuz bermasligi uchun eng avvalo YPX xodimlariga to‘p-to‘p bo‘lib shaxsiy avtomashinadan foydalanishni taqiqlash kerak. Ayniqsa, tungi reydlar davomida.

Bodi kamerasiz YPX xodimi talablariga bo‘ysunmaslik kerakligi e'lon qilindi. Endi tunda migalkali xizmat avtomashinasida bo‘lmagan YPX xodimi haydovchilarni to‘xtatsa — to‘xtamaslik kerakligi ham IIV tomonidan e'lon qilinsa yaxshi bo‘lardi.

Masalan, ko‘chma radar o‘rnatishda yoki kunduz kuni qayerdadir muvaqqat post o‘rnatishda bir nafar YPX xodimining yolg‘iz o‘ziga, o‘z nomida bo‘lgan shaxsiy avtomashinasidan foydalanishgagina ruxsat berish kerak.

Keyin, YPX tizimida amalda 9-sinf ma'lumoti bilan qolgan (chunki bugungi kunga kelib kasb-hunar kollejlarining samarasizligi ayon bo‘lgan) xodimlar ko‘p. Ajab emaski, mojarolarning bosh asosi bilimsizlik bo‘lsa.

Ayrim takliflar

So‘nggi vaqtlarda ro‘y berayotgan hodisalar DYHXX tizimi isloh qilinishi kerakligiga ishora bermoqda. Maqsad — yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlash ekan, zudlik bilan ishga kirishish kerak:

  • YPX xodimlari to‘liq o‘z kasbiga loyiqlik bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak. DYHXX o‘z tizimida oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan barcha xodimlardan zudlik bilan voz kechishi kerak. Munosiblar olib qolinib, yoki ishga qabul qilinib, maoshlari oshirilishi kerak.
  • YPX xodimlarini tez-tez bir joyga to‘plab, ular bilan shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar va avtoblogerlar uchrashuvlarini tashkil qilish kerak.
  • YPX xodimlari ish soatlarida xizmat davomida ko‘chalarda doimo migalkali xizmat avtomashinasida harakatlanishi shart qilib qo‘yilishi kerak.
  • YPX xodimlarida xushmuomalalik bosh mezon bo‘lishi kerak. Biror mojaroli vaziyatda YPX xodimining bodi kamerasi ishlatilmagan bo‘lsa — xodim so‘zsiz ishdan bo‘shatilishi kerak (bu uning nohaqligini isbotlovchi bosh dalil hisoblanishi lozim).
  • Eng muhimi — haydovchilar qonuniy talabga bo‘ysunmasa yoki kuch ishlatib qarshilik qilishsa, ularga nisbatan YPX xodimlari kuch ishlatmasligi, avval ogohlantirib, voqea joyiga ichki ishlar xodimlaridan operativ guruh — naryad chaqirilishi tartib sifatida belgilanishi kerak.

Tizimni isloh qilish borasida jamoatchilik fikrlarini o‘rganish bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazilsa yanada yaxshiroq takliflar bildirilishi mumkin. 

Xulosa o‘rnida

Albatta, ichki ishlar xodimlarining ichida oliy ma'lumotli, ma'naviyatli, shu kasb yo‘lida o‘qigan, bilimini oshirgan, o‘z kasbiga sodiqlari, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta'minlashni bosh maqsadi deb biluvchi fidoyilari juda ko‘p. Ular bo‘lmasa yo‘llarda aslo tartib bo‘lmasligiga  ishonamiz.

Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, sharafli va murakkab kasb sha'niga dog‘ tushiruvchilari ham topilmoqda. Bunday xodimlar butun IIV tizimiga dog‘ tushiradi, ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolar ko‘z o‘ngida salbiy bo‘yoqda gavdalanishiga sababchi bo‘lishadi. O‘zining birgina qo‘pol xatti-harakati bilan qilinayotgan ko‘plab xayrli ishlarga raxna solishadi.

Bu holatni IIV tizimidagi ayrim rahbar xodimlar, ayniqsa, axborot xizmati mutasaddilari to‘g‘ri anglashmayapti, chog‘i. Tizimda «kurmak» xodimlar borligini tan olib, ularga nisbatan keskin chora ko‘rish o‘rniga ko‘p hollarda jabrlanuvchi yoki shikoyatchining o‘zini aybdor qilib ko‘rsatib, voqeani xaspo‘shlab, nomunosib xodimni bo‘lsa-bo‘lmasa oqlash bilan mashg‘ul bo‘lishayotgani juda taassuflidir.

Xullas, galdagi vazifa — yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida ilg‘or xorijiy amaliyotni o‘rganish, ularni tizimga tatbiq qilish bo‘lishi kerak. Sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, mushtni bir joyga urib, «kurmak»lardan tezroq xalos bo‘lish, ularga murosasiz bo‘lish, tizimda munosiblar ishlashiga sharoit yaratish lozim. Bundan juda ko‘pchilik, birinchi navbatda oddiy odamlar yutadi.

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist.

Mavzuga oid