O‘zbekiston | 07:15 / 15.06.2021
2288
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda hokim qarorining ilovasini qalbakilashtirish evaziga pora talab qilgan fuqarolar qo‘lga olindi

Jizzax shahrida yashovchi fuqarolarning buziladigan uy-joylari uchun kompensatsiya sifatida 6 sotixdan yer ajratish to‘g‘risidagi hokim qarorining ilovasini qalbakilashtirish evaziga 8,5 mln so‘m talab qilgan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, viloyat Yermulkkadastr sobiq xodimi S.B. va boshqalar oldindan til biriktirib, Jizzax shahrida yashovchi fuqarolarning uy-joylari buzilishi munosabati bilan kompensatsiya sifatida 6 sotixdan yer ajratish to‘g‘risidagi hokim qaroriga ilova qilingan ro‘yxatni qalbakilashtirish orqali fuqaro A.ni ro‘yxatga kiritib berishni 8,5 mln so‘mga kelishgan. 

Shundan muqaddam 500 ming so‘mni qo‘lga kiritib, qolgan 8 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda hokimning qaroriga keltirilgan protestni bekor qildirmoqchi bo‘lgan firibgar ushlanganligi xabar qilingan edi.

Mavzuga oid