Tayms skveridagi kutilmagan sovg‘a, talabaga soha tanlashdagi erkinlik - “Morgan Stanley” xodimi Dostonbek Toirov bilan suhbat
UzbekLife xorijiy mamlakatlardagi hamyurtlar bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz yosh o‘zbekistonlik dasturchi Dostonbek Toirov.
U yaqinda AQShning Kentukki shtatidagi Berea kollejini tamomladi. Hozirgi kunda u “Morgan Stanley” shirkatida mehnat faoliyatini boshlagan.
Men 1998 yil Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida tug‘ilganman. Ota-onam biz farzandlarning ta'lim va tarbiyamizga alohida e'tibor qaratishgan. Shu bois, 6 yoshimdan Andijon shahridagi 34-davlat ixtisoslashtirilgan maktabida o‘qidim. Maktab davrida ham ularning fanlarni yaxshi o‘zlashtirishimga nisbatan e'tibori kuchli edi. O‘qishga bo‘lgan kuchli qiziqishim, ota-onam va ustozlarimning bilim borasidagi ko‘magi sabab maktabni imtiyozli shahodatnoma bilan tamomladim. So‘ng Andijon davlat universiteti qoshidagi 5-sonli akademik litseyda tahsil oldim. Yaqinda Kentukki shtatidagi Berea kollejini “Kompyuter va axborot fanlari”, “Matematika va biznes boshqaruvi” yo‘nalishlarida tamomladim. Hozirda “Morgan Stanley” shirkatida mehnat faoliyatimni boshlaganman.
Amaliyotning dastlabki kunlari unutilmas voqea sodir bo‘lgan
“Morgan Stanley”da o‘tgan yili ma'lum muddat amaliyot o‘taganman. Amaliyotga qabul qilinish jarayonini “Red Hat” kompaniyasida stajirovkamni yakunlashga yaqin boshlangan. Ya'ni “Morgan Stanley”da ishlaydigan tanishim bilan bog‘lanib undan tavsiyanoma olganman. Arizani topshirganimdan bir oy o‘tib, meni ularning Nyu-Yorkdagi bosh ofisiga intervyuga chaqirishdi. Intervyuda shirkatning ikki vakili bilan texnikaviy, xulqiy va shu kabi boshqa mavzularda savol-javob bo‘ldi. Keyin bir hafta o‘tib, intervyudan muvaffaqiyatli o‘tganim to‘g‘risida qo‘ng‘iroq qilishdi. Shu tariqa “Morgan Stanley”da amaliyotni o‘taganman. Amaliyotning dastlabki kunlari men uchun unutilmas voqea sodir bo‘lgan. Aniqrog‘i, kompaniya ma'muriyati tashabbusi bilan Nyu-Yorkning mashhur Tayms skveridagi ulkan peshlavhada mening ism-sharifim va suratim e'lon qilingan. Bundan nihoyatda xursand bo‘lganman.
Moliyaviy sabablarga ko‘ra to‘liq grant olib o‘qish men uchun juda muhim edi
Andijonda o‘qib yurgan kezlarimdan qo‘shimcha xorijiy tillarni ayniqsa, ingliz tilini mukammal o‘rganishga harakat qilganman. Maqsadim, xorijning nufuzli ta'lim dargohlarida o‘qish bo‘lgan. Berea kolleji haqida litseyning birinchi bosqichida o‘qiyotganimda eshitganman va aynan Bereada o‘qish men uchun muhim maqsadga aylangandi. Lekin litseyni tugatib ba'zi sabablar bilan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetiga hujjat topshirdim. Universitetga afsuski grantga emas, balki kontrakt asosida qabul qilindim. Shu tufayli ham yana Berea kollejiga topshirish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. 2016 yil noyabr oyida barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab kollej ma'muriyatiga yubordim. Shunday bo‘lsa-da, Vestminster universitetidagi o‘qishni tashlab qo‘yganim yo‘q. 2017 yil aprel oyining boshlarida Berea kollejidan o‘qishga qabul qilinganligim to‘g‘risida xat kelgan.
Bu yerga kelishimning yana bir asosiy sabablaridan biri – Qo‘shma Shtatlarning yuqori darajadagi sifatli ta'lim tizimi, ayniqsa, men tanlagan sohada. Undan tashqari, moliyaviy sabablarga ko‘ra, to‘liq grant olib o‘qish men uchun juda muhim edi. Berea kolleji esa 4 yillik o‘qish uchun barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grantni taqdim etgan.
Bereani talabalar shaharchasi deguvchilar bor
Kollejim Berea shaharchasida joylashgan. Shahar adirlar va kichik o‘rmondan iborat yashil tabiatli hudud. Kollej shaharning katta qismini egallagan. Bereani talabalar shaharchasi deguvchilar ham bor. Kollejda dunyoning 120 dan ziyod davlatlari va AQShning deyarli barcha shtatlaridan kelgan 1600 dan ortiq talabalar tahsil olishadi. Berea kolleji 60 dan ko‘p binolarni o‘z ichiga olgan. Ulardan 15 ga yaqini talabalar yotoqxonasi, ulkan kutubxona, sport kompleksi, aniq fanlar va boshqalardan iborat.
Qolaversa, kollejda talabalar darslardan tashqari kompusda tayinlangan ishlarda haftasiga 10–15 soat ishlashlari lozim. Bu ishga albatta oylik to‘lanadi. Talabalar ishdan topgan pullarini o‘zlarining shaxsiy xarajatlari uchun sarflashlari mumkin.
“Farovon hayotga faqat yuksak bilim hamda katta mehnat ortidan erishish mumkin...”
Men muloqotda bo‘lgan amerikaliklar orqali ular haqida ko‘p narsalarni o‘rgandim. Menga yoqqan jihatlardan ularning o‘zaro muloqotda samimiylik va do‘stonalikka intilishi bo‘ldi. Misol uchun, qayerga bormang, ayniqsa, o‘qish va ish joylarida notanish amerikalik, u yosh yoki keksa bo‘lsin, muloqotda professionallik bilan javob berishiga guvoh bo‘lasiz.
Shuningdek, ko‘plab amerikaliklar juda mehnatkash va bilim olishga e'tibor berishadi. Ularning yoshi 40 – 50 dan oshgan bo‘lsa ham, universitet yoki kollejga borib ta'lim olishdan uyalishmaydi. Ularda farovon hayotga faqat yuksak bilim hamda katta mehnat ortidan erishish mumkin, degan g‘oya shakllangan.
Ular ish va o‘qish bilan birga dam olish, hordiq chiqarishga ham yaxshigina e'tiborlidir. Aksariyat amerikaliklar haftada 5 kun ishlashadi (ko‘pincha kunlik 8 soat), qolgan 2 kunini oila va do‘stlar bilan turli mashg‘ulotlar hamda dam olish bilan o‘tkazishadi.
AQShni yangiliklar, yangi kashfiyotlar markazi deb o‘ylaganman
Bolalikdan AQShni yangiliklar, yangi kashfiyotlar markazi deb o‘ylaganman. Va bu yerga kelib fikrlarim ko‘p jihatdan o‘zini oqladi. Haqiqatan ham AQSh yirik moliyaviy va innovatsion markaz. O‘rganadigan tajribalar talaygina.
O‘ylashimcha, AQShning fuqarolarga individual sharoitlar yaratib berayotgani, qonun himoyasining to‘liq ishlashi, yutuqlar va g‘oyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash mamlakatning bugungi mavqeyiga sabab bo‘lgan. Eng muhimi, bu yerda fuqaroning yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, mansabidan qat'i nazar o‘z g‘oyasi yoki biznesini boshlash uchun barcha kerakli manbalar va qonunchilik mexanizmi yetarlicha yaratilgan.
Talaba qaysi sohada o‘qishini talaba bo‘lganidan keyin ham hal qila oladi
O‘zbekiston va AQSh ta'lim tizimida aksariyat o‘xshashliklarni ko‘rish mumkin. Misol uchun ta'lim davomiyligi, O‘zbekistondagidek boshlang‘ich, o‘rta va yuqori bosqichdan iborat. 11 yillik maktab tizimi va 4 yillik bakalavriat va hokazo. Lekin mening fikrimcha, AQShning ta'lim tizimida O‘zbekistonga nisbatan farqlar ham ko‘p. O‘zbekistonda bularning eng maqbullarini joriy etish har tomonlama foydali bo‘ladi.
Masalan, AQSh ta'lim tizimida talabalarga katta erkinlik berilgan. Oliy ta'lim muassasalarida talaba qaysi sohada o‘qishini talaba bo‘lganidan keyin ham hal qila oladi va eng qizig‘i 4 yil davomida o‘qiyotgan sohasini bir necha marta o‘zgartirishi ham mumkin.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarda o‘qishni tamomlash ko‘p hollarda O‘zbekistondagi kabi vaqt bilan o‘lchanmaydi. Balki ta'limda kredit kurs amal qiladi. Misol uchun, bizda bakalavr darajasini olish uchun talaba 4 yil to‘liq o‘qishga majbur. Amerika tizimida talabalarga o‘quv dasturi beriladi va agar ular mana shu dasturdagi barcha kurslarni o‘qib tugatsa, 3 yilda ham bakalavr diplomini qo‘lga kirita oladi.
AQSh ta'lim tizimining yana bir afzalligi – talabalar dars rejalarini o‘zlari tuzadi. Ya'ni talabalar qanday darslar olishni mustaqil hal qiladilar. Talaba xohlasa sohasiga aloqador bo‘lmagan fanlarni ham o‘qish imkoniyatiga ega.
Bilishimcha, O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida talabalar uchun 4 yillik dars va kurslar rejasi oldindan tasdiqlanadi. Bu tizimdan bosqichma-bosqich voz kechish kerak, deb o‘ylayman.
Kelajagimni O‘zbekistonda ko‘raman
Kelajakdagi maqsadlarim ko‘p. Bulardan eng asosiysi tanlagan sohamda bilim va tajribalarimni ko‘paytirib, professional darajaga yetishish va shu orqali boshqalar uchun yaxshilik keltiradigan ishlarni amalga oshirishdir.
O‘ylashimcha, har bir odam yoshligidan olgan ta'limni, o‘zlashtirib kelgan bilimlarini, to‘plagan tajribalarini jamiyatdan olingan qarz sifatida qabul qilishi kerak. Bir kun kelib biz ularni jamiyatga qaytarishimiz zarur: kimdir ta'lim berish orqali, kimdir xayriya qilish, yana kimdir shunchaki tajribalarini o‘rtoqlashish orqali. Shu ma'noda men ham yetuk mutaxassis bo‘lib, hozir bo‘lmasa-da, keyinroq, albatta, yurtimizga qaytaman. Chunki kelajagimni va taqdirimni O‘zbekistondan yiroqda tasavvur qilmaganman.
Asliddin Annayev suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:42
Kreml Putin va Tramp telefonda suhbatlashganini rad qildi
14:42
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024