O‘zbekiston | 23:14 / 18.06.2021
33431
4 daqiqa o‘qiladi

Qobiljon Obidov: “Prezident ko‘ngliga tugib qo‘ygan orzularini amalga oshiryapti”

Shavkat Mirziyoyev hokimligida ham, bosh vazir bo‘lgan paytida ham amalga oshirishga imkon topa olmagan rejalarini bugun hayotga tatbiq qilyapti, deydi Andijon viloyatining sobiq hokimi Qobiljon Obidov Yangi Andijon shahri qurilishi oldidan.

17 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurdi va “Yangi Andijon” shahriga tamal toshi qo‘ydi.

Kelajakda 450 ming kishi yashashi rejalashtirilayotgan bu ulkan loyihaga start berilishi oldidan viloyat faollari ishtirokida shu yerning o‘zida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiri Andijon viloyatining sobiq hokimi, ayni paytda viloyat o‘rmon xo‘jaligi raisi Qobiljon Obidov bilan suhbatda bo‘ldi.

– Qobiljon aka, katta loyiha ishga tushishi oldidan siz bilan suhbatlashyapmiz, dastlab taassurotlaringizni so‘zlab bersangiz.

– Andijonga xush kelibsizlar. Mana shu kunlar, mana shu onlar tarixda qoladi. Sababi, Andijonning eng katta muammosiga yechim topiladigan, boshqa viloyatlarga o‘rnak bo‘ladigan, nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarda ham o‘xshashi yo‘q yaxlit bir shahar qurilishi boshlanishiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Bir vaqtlar Turkiyaga borganimizda tog‘lar orasida barpo qilinayotgan ulkan turar joy komplekslarini ko‘rib havas qilgandim. Mana, o‘zimiz ham shu ishlarni amalga oshiryapmiz.

– Bir necha yillar oldin hozirgidek imkoniyatlar bo‘lmagani haqida ko‘p eslanadi. Siz ham ayni o‘sha davrlarda hokim bo‘lgansiz. Bu boradagi fikrlaringiz biz uchun qiziq.

– Prezidentimiz Shavkat Miromonovich bilan bir paytda hokimlik qilganmiz. Chindan ham o‘sha paytlarda hozirgidek imkoniyatlarimiz bo‘lmagan. Yer muammosi, aholi uchun uy-joy masalasi o‘sha payt ham dolzarb edi. Yechimi to‘g‘risida bosh qotirganmiz, lekin hammasi mablag‘ masalasiga taqalib qolaverardi.

E'tibor bering, (raqamlarda balki ozroq adashishim mumkin), bundan 20 yillar oldin Andijonda 1 km/kv maydonga 530 kishi to‘g‘ri kelgan, o‘sha paytda Qoraqalpog‘istonda bu maydonga 3 kishi to‘g‘ri kelgan. Bugungi kunga kelib Andijonda bu ko‘rsatkich 630-650 kishiga yetdi.

Bilasiz, aholimiz juda zich, yerimiz esa cheklangan. Uy qursak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkaza olmaymiz. Xo‘sh, muttasil o‘sib borayotgan aholini uy-joy bilan qanday ta'minlaymiz?

O‘sha paytlarda 100ta xat kelsa, 90tasi uy so‘rab ariza bo‘lardi, biz ularning deyarli barchasiga rad javobini berardik. Chunki qurilishning o‘zi yo‘q edi-da. Mana hozir ehtiyojmandlarga qancha imkoniyatlar berilyapti.

Shavkat Miromonovich hokimligida ham, bosh vazir bo‘lgan paytida ham amalga oshirishga imkon topa olmagan rejalarini bugun hayotga tatbiq qilyapti.

– 450 ming bu juda katta raqam, ko‘pchilik uzoq yillik shaharlarda ham buncha aholi yo‘q. “Yangi Andijon” tez orada ko‘zlangan maqomga erishishiga ishonasizmi?

– Men bunga aminman. Yuqorida uy-joy masalasi Andijon xalqi uchun naqadar muhimligini aytdim. Bundan tashqari, Yangi Andijon shunchaki qator uylarning o‘zi emas, infratuzilma, kommunikatsiya, transport, ijtimoiy obektlari, ish o‘rinlari kabi eng muhim jihatlarni o‘zida jamlagan mukammal loyiha. Bunday loyiha esa azaldan hayotiy zarurat edi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid