«AQSh va NATO kuchlari ekstremizm yuqori cho‘qqiga chiqqan bir paytda Afg‘onistonni tark etyapti» – Hamid Karzay
Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay 20 yil oldin ekstremizmga qarshi kurashish va barqarorlikni ta'minlashni maqsad qilib kelgan xalqaro kuchlar bugunga kelib, ekstremizm eng yuqori nuqtaga chiqqan paytda mamlakatni tark etayotgani haqida gapirdi.
Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay «AP news» nashriga bergan intervyusida xalqaro kuchlarni mamlakatda vaziyat keskinlashib borayotgan paytda tark etayotganlikda aybladi.
«Xalqaro hamjamiyat bu yerga 20 yil oldin ekstremizmga qarshi kurashish va barqarorlikni ta'minlashni maqsad qilib kelgandi. Buni qarangki, bugunga kelib, ekstremizm eng yuqori nuqtaga chiqqan paytda, ular bunga e'tibor bermasdan, mamlakatni tark etyapti. Demak, ular muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz afg‘onistonliklar sifatida barcha muvaffaqiyatsizliklarimizni tan olamiz, ammo, aynan shu muvaffaqiyatsizliklarning oldini olish uchun kelgan katta kuchlar haqida nima deyish mumkin? Hozir ular bizni juda og‘ir vaziyatda tark etishyapti. Bu sharmandalikning bir ko‘rinishidir. Ulardan bizga «sharmandalik va kulfat»li urushlardan vayron bo‘lgan xalq meros sifatida qolmoqda.
AQSh va NATO harbiylar kampaniyasi ekstremizm va terrorizmga qarshi emas, aksincha, afg‘on qishloqlaridagi aholiga qarshi kurashgan, afg‘on xalqini qamoqlarga tashlash asnosida o‘z mamlakatimizda o‘zimiz uchun qamoqxonalar yaratdi va barcha qishloqlarni bombardimon qildi. Bu juda noto‘g‘ri edi.
Aprel oyida prezident Jo Bayden qolgan qo‘shinlarni olib chiqib ketishini e'lon qilganida, u Amerika o‘z maqsadlariga erishgan holda ketayotganini aytdi. «Al-Qoida» a'zolari soni juda kamayganini va bin Laden o‘lganini ta'kidladi. Amerikaga terroristik tahdidlarga qarshi kurashish uchun endi Afg‘oniston kerak emas edi.
AQSh o‘n yillab davom etgan urushlarni siyosiy tugatishga qaratilgan bitimni amalga oshirmadi. Ular toliblar bilan 2020 yil fevralida terroristik guruhlarni qoralash va Afg‘onistonni Amerikaga qarshi hujumlar uyushtiradigan maydon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi va'dasi evaziga o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish to‘g‘risida bitim imzoladi.
«Tolibon» kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajarayotgani haqida kamgina dalillar mavjud. AQShning hozirgi tinchlik bo‘yicha elchisi Zalmay Xalilzodning aytishicha, bir muncha yutuqlarga erishilgan, ammo tafsilotlar ochiqlanmadi. Afg‘on xalqining yagona istagi butun mamlakatda tinchlikka erishishdir. Har ikkala afg‘on tomoni o‘zaro jang qilmasligi kerak. O‘n yillik urushlarni to‘xtatish faqatgina afg‘on xalqining o‘ziga bog‘liq. Agar Pokiston Afg‘onistonga qarshi ekstremizmdan o‘zini cheklasa, bu munosabatlar har ikki tomon uchun juda samarali aloqalarga aylanishi mumkin.
Men bu masalada juda aniq va ravshan ayta olamanki, ikkala tomon ham afg‘on xalqi hayoti va mol-mulki haqida o‘ylashi kerak. Kurash bu halokatdir.
Yagona yechim - afg‘onlarning birlashishi. Biz bu diyor hammamizning mamlakatimiz ekanligini tan olishimiz va bir-birimizni o‘ldirishni to‘xtatishimiz kerak», deya ta'kidladi Afg‘onistonning sobiq prezidenti.
AQSh bilan ziddiyatli munosabatda bo‘lgan Hamid Karzay 13 yillik hukmronligi davrida xalqaro qo‘shinlarning chiqib ketishini xohlagan.
Uning rahbarligi davrida Afg‘onistonda ayollarga imkoniyat eshiklari ochilib, qizlar maktabga bora boshlagan, poytaxt Kobulda yangi ko‘p qavatli uylar ko‘tarilib, yo‘llar va infratuzilmalar bunyod qilingan. Shunga qaramasdan, uning hukmronlik davri keng tarqalgan korrupsiya, gullab-yashnagan giyohvand moddalar savdosi bilan ajralib turadi.
Ma'lumot uchun, oxirgi paytlarda Afg‘onistondagi vaziyat yana chigallasha boshladi. 2020 yil fevral oyi oxirida AQSh va «Tolibon» o‘rtasida imzolangan tinchlik shartnomasiga ko‘ra, xalqaro kuchlar 14 oy davomida mamlakatni tark etishi kerak edi, biroq turli sabablarga ko‘ra, bu jarayon kechikib ketdi. Bu esa «Tolibon» tomonining keskin e'tirozlariga sabab bo‘la boshladi.
Natijada AQSh aprel oxiridan Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlagandi. AQSh prezidenti Jo Bayden qo‘shinlar Afg‘onistondan 11 sentyabrgacha to‘liq olib chiqilishini aytgan. Biroq ekspertlarning ta'kidlashicha, bu jarayon ancha avval yakunlanishi mumkin. Ayni paytgacha AQSh qurolli kuchlarining markaziy qo‘mondonligi (SENTSOM) ma'lum qilishicha, qo‘shinlar va harbiy texnikani olib chiqish jarayoni 50 foizdan ko‘proqqa bajarilgan.
AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlaganidan beri «Tolibon»ning agressiv harakatlari kuchaydi. Oxirgi bir necha oy ichida Afg‘onistonda ko‘plab tumanlar «Tolibon» qo‘liga o‘tdi. So‘nggi bir necha kun ichida hukumat qo‘shinlari 15 dan ortiq tumanni tark etgan.
Shuningdek, Tojikiston bilan chegaradagi Tohar viloyatining 8 ta tumani ham allaqachon «Tolibon» tomonidan egallangan.
Avvalroq, «Tolibon» harakati matbuot kotibi Zabiulloh Mujohid AQShning mashhur Foreign Policy jurnaliga bergan intervyusida harakatning 2ta asosiy maqsadi borligini ta'kidlagan:
«Ikkita asosiy maqsadimiz bor. Birinchisi, barcha xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etishi kerak. Ikkinchisi, bu juda muhim, biz barcha afg‘onlarni o‘z ichiga olgan islomiy hukumat tuzishimiz kerak. Shunday qilib, agar chet el kuchlari ketadigan bo‘lsa, unda bizning ikkinchi maqsadimiz o‘z o‘rnida qoladi va biz bunga erishishni xohlaymiz. Biz ushbu maqsadga suhbatlashish va muzokara olib borish orqali erishilishini istaymiz. Agar ushbu ikkinchi maqsadga erishilmasa, o‘z maqsadimizga erishish uchun urushni davom ettirishga majbur bo‘lamiz», degan u.
Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Foreign Affairs jurnalida rasmiy afg‘on hukumatining pozitsiyasini ifoda etuvchi maqolasida esa rasmiy hukumat va «Tolibon»ning birga ishlashi mumkinligiga oid muhim dalillar keltirgandi. U Afg‘onistonda «Tolibon» xohlayotgan «islomiy davlat» tuzishga ehtiyoj yo‘qligi, chunki allaqachon mamlakatda islom davlatchiligi shakllanganini aytib o‘tgan. Shuningdek, u toliblar bilan muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini va bu tinchlik ta'minlanishiga olib kelsa, muddatidan oldin vakolatlarini ham topshirishga rozi ekanligini bildirgan.
Mavzuga oid
17:13 / 25.12.2024
O‘zbekiston Afg‘oniston aholisiga insonparvarlik yordami va «Salomatlik» poyezdini jo‘natdi
17:10 / 25.12.2024
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
15:01 / 20.12.2024
Olaf Shols NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
07:52 / 19.12.2024